OQ OLTINNI YONG‘INDAN ASRAYLIK!

Tumanimiz dehqonlarining mashaqqatli mehnatlari bilan bu yil ham paxtadan mo‘l hosil yetishtirildi. Ayni kunda paxta dalalarida yig‘im-terim ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Milliy boyligimiz bo‘lgan paxtani o‘z vaqtida, nes-nobud qilmay yig‘ib-terib olish paxtakorlarimizning bugungi kundagi eng dolzarb vazifasidir.

Ana shunday mas’uliyatli pallada tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari ham dehqonlar bilan yonma-yon turib, paxtani yong‘inlardan saqlashga qaratilgan tushuntirish, targ‘ibot ishlarini amalga oshirmoqda. Xususan, xodimlarimiz tomonidan paxta dalalari va tayyorlov maskanlariga uchqun so‘ndirgichi bo‘lmagan, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlanmagan, yoqilg‘i-moylash tizimi va elektr ta’minoti qismi nosoz bo‘lgan transport vositalarini kiritmaslik, paxtazor va paxta quritish maydonlari yaqinida ochiq olovdan foydalanmaslik, sigaret chekishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazorat ishlari olib borilmoqda. Mavsumda paxta yig‘imiga jalb etilgan texnika vositalari qo‘shimcha ravishda texnik ko‘rikdan, ishchi-xizmatchilar esa yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yo‘riqnomadan o‘tkazilmoqda.

Shu o‘rinda fermerlarimizga, paxta qabul qilish maskanlari mas’ullariga yana bir bor murojaat qilmoqchimiz!

Qadrli do‘stlar, hurmatli tumandoshlar!

Ayonki, paxta – elimizning daromad manbalaridan biri bo‘lish bilan birgalikda, tez alanga oluvchi xom ashyodir. Mavsumni har tomonlama betalofat o‘tkazishda yong‘in havfsizligi qoidalariga rioya eting.

Bunda, birinchi navbatda terilgan paxta hosilini fermer xo‘jaliklari dala shiyponlarida ko‘p miqdorda saqlamaslik va xirmonlar atrofida ochiq olovdan foydalanmaslik;

Dala shiyponlarini yong‘in o‘chirish vositalari bilan to‘liq ta’minlash;

Xirmon va uning atroflarida qo‘lbola elektr vositalari, nosoz, sinov muddati o‘tgan gaz asbob-anjomlaridan foydalanmaslik;

Hosilni paxta qabul qilish maskanlariga tashiyotgan transport vositalarini uchqun so‘ndirgich bilan jihozlash zarur.

Amalga oshirilayotgan bu ishlar, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olishga, yig‘im-terim mavsumini betalofat o‘tishiga xizmat qiladi.

                   A.  CHORIYEV,

Qumqo‘rg‘on tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi Profilaktika va nazorat bo‘linmasi inspektori, leytenant