Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishning huquqiy oqibatlari qanday?

Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da`vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma`lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlar og‘irlashtiriladigan holatlar sodir etilsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

                                                                                        H. ABDURAXMONOV,

Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

Davlat xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar mavjudmi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-316-son qaroriga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar loyiha tashabbuskorlariga quyidagi tabaqalashtirilgan foiz stavkalarida va shartlarda ajratilishi belgilangan.

Toshkent shahrida — 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo‘yicha; Nukus shahri, viloyatlar ma`muriy markazlari va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda — 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka bo‘yicha;

tumanlarda — 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka bo‘yicha.

                                                                                                        SH. MIRZAYEV,

Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

    Ish beruvchi qanday hollarda xodimga kompensatsiya to‘lovlarini to‘lashga majbur?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq Ish beruvchi quyidagi hollarda xodimga uning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilishi shart: xizmat safarlarida bo‘lganda; sayyor va ko‘chib yurish xususiyatiga ega ishlarda, shuningdek dala sharoitlarida yoki vaxta usulida ishlaganda; ish beruvchi bilan oldindan kelishuvga ko‘ra boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tganda; ish beruvchining yo‘llanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tganda; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolganda; xodim majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi munosabati bilan; xodim foydalanmagan yillik mehnat ta`tili uchun; ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida xodimni ogohlantirish muddati mutanosib pul kompensatsiyasi bilan almashtirilishi munosabati bilan.

                                                         A.           SADULLAYEV,

Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

Muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan nimalarni talab qilishga haqli?

O‘zbekiston Respublikasi «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi qonunining 65-moddasiga ko‘ra muallif, turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasi huquqbuzardan quyidagilarni talab qilishga haqli: muallif va ijrochi o‘z huquqlari buzilgan taqdirda, huquqbuzardan ma`naviy ziyon qoplanishini talab qilishga; huquq buzilishidan oldingi holatni tiklashini va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini yuzaga keltiradigan harakatlarni to‘xtatishini; huquq egasining huquqi buzilmagan taqdirda, u fuqarolik muomalasining odatdagi sharoitlarida olishi mumkin bo`lgan, lekin ololmay qolgan daromadi miqdoridagi zararlarning o‘rnini qoplashini. Agar huquqbuzar mualliflik huquqi yoki turdosh huquqlarni buzish oqibatida daromadlar olgan bo‘lsa, huquq egalari boshqa zararlar bilan bir qatorda boy berilgan foydani bunday daromadlardan kam bo‘lmagan miqdorda qoplashini; zararlar yetkazilishi faktidan qat`iy nazar, huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning aybi darajasidan kelib chiqib ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda to‘lanishi lozim bo‘lgan tovonni to‘lashini; Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot mulkiy huquqlarini boshqarish shunday tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan shaxslarning buzilgan mualliflik huquqlari va turdosh huquqlarini himoya qilib qonunda belgilangan tartibda o‘z nomidan ariza bilan sudga murojaat etishga haqlidir.

                                                         B.            MUSTAFAQULOV,

Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

Qonunchiligimiz bilan poyezd chiptalarini xarid qilishda guruh bo‘lib harakatlanadiganlar uchun chegirma yoki boshqa bir imtiyozlar belgilanganmi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 13 apreldagi 109-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari”ga muvofiq, 10 va undan ortiq yo‘lovchidan iborat guruhlar chiptalarining umumiy qiymatidan jamoaviy chipta bo‘yicha quyidagi miqdorda chegirmalar taqdim qilinadi:

Jumladan, yo‘nalish masofasi 2000 km gacha bo‘lganda (boshqa poezdga o‘tishni hisobga olib): guruhdagilar 10 nafardan 24 nafargacha bo‘lganda chiptalarning umumiy to‘liq qiymatidan 10 foiz; guruhdagilar 25 nafar va undan ortiq bo‘lganda chiptalarning umumiy to‘liq qiymatidan 15 foiz; yo‘nalish masofasi 2000 km dan ortiq bo‘lganda (boshqa poezdga o‘tishni hisobga olib): guruhdagilar 10 nafardan 24 nafargacha bo‘lganda chiptalarning umumiy to‘liq qiymatidan 20 foiz; guruhdagilar 25 nafar va undan ortiq bo‘lganda chiptalarning umumiy to‘liq qiymatidan 30 foiz miqdorida.

                                                                            S. QULMATOV,

Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

Haydovchi mast holatda transportni boshqarsa, unga nisbatan qanday huquqiy choralar ko‘rilishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari”ga ko‘ra, haydovchiga transport vositasini spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ta`sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va e`tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta`sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish  taqiqlanadi.

“Ma`muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga muvofiq, haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta`siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda boshqarishi transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha muddatga mahrum qilib, BHMining 25 baravari (8 mln 500 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

                                                                                                                       Q. ULUG‘OV,

Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi