BOTULIZM KASALLIGIDANEHTIYOT BO‘LING!

Yoz, kuz fasllarida meva-sabzavotlardan konservalar tayyorlab, qishning sovuq kunlariga olib qo‘yamiz. Qishda ular dasturxonimiz ko‘rkiga aylanadi hamda oilamiz bilan sevib tanovvul qilamiz. Ammo barchamiz ham konserva mahsulotlarini qanday tayyorlash va saqlash lozimligi haqida to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Noto‘g‘ri tayyorlangan bunday konserva mahsulotlari esa, ovqatdan zaharlanishining eng og‘ir turi “Botulizm” kasalligiga olib kelishi mumkin. Xo‘sh, botulizm xastaligi qanday mahsulotlar iste’mol qilishdan kelib chiqadi, uning o‘ziga xos belgilari nimalardan iborat?

– Botulizm kasalligi ko‘proq qanday oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida kelib chiqadi?

– So‘nggi yillarda respublikamizda ro‘yxatga olinayotgan “Botulizm” kasalligi uy sharoitida, sanitariya qoida va me’yorlariga va konserva tayyorlash texnologiyasiga rioya qilinmasdan tayyorlangan sabzavotli, asosan, bodring, pomidor, baqlajon va qo‘ziqorin konservalarini iste’mol qilish natijasida kelib chiqmoqda. Konserva tayyorlashda botulizm qo‘zg‘atuvchi sporalar yuqori termik ishlov berish natijasida o‘lib ketishi kerak. Uy sharoitida konserva tayyorlash texnologiyasiga to‘liq amal qilinmasligi, yetarli bosimda termik ishlov berilmasligi sporalarni saqlanib qolishiga va ular rivojlanib o‘ta kuchli botulin zahrini hosil bo‘lishiga olib keladi. O‘zida botulin zahrini saqlovchi konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida botulizm kasalligi kelib chiqadi.

– Nima sababdan botulizm kasalligi aynan konservalarda uchraydi?

— Botulizm kasalligi faqat konserva mahsulotlarida uchramaydi, odatda bu kasallik qo‘zg‘atuvchisi kislorodsiz sharoitda rivojlanadi, kislorod bor muhitda botulizm qo‘zg‘atuvchisi maxsus qobiq(spora)ga o‘ralib tashqi muhit omillariga chidamli bo‘ladi va uzoq muddat saqlanishi mumkin. Kislorodsiz har qanday sharoitda ular rivojlanadi va hayoti davomida o‘ta kuchli zahar ishlab chiqaradi. Kalbasa, dudlangan mahsulotlarda ham botulizm qo‘zg‘atuvchisi bo‘lishi mumkin. Aynan konserva mahsulotlari botulizm kasalligi rivojlanishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchilari 120-C0 haroratda 2-2,5 atmosfera bosimida 20 daqiqada o‘ladi. Shuning uchun ham uy sharotida bunday termik ishlov berish imkoniyati bo’lmaydi.

— Botulizm kasalligining o‘ziga xos belgilari nimalardan iborat?

Botulizmning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin, kasallik organizmda holsizlanish, ko‘ngil aynishi, qayd qilish, boshida bir-ikki marta ichning suyuq kelishi, bosh og‘rig‘i, uyquning buzilishi bilan kechadi. Keyinchalik botulin zahrining motoneyronlarga ta’sir etishi oqibatida bemor ko‘zining xiralashishi, qovoqlar osilishi, ko‘zga narsalarning 2 ta bo‘lib ko‘rinishi, ichning qotishi, so‘lak bezlarini falajlanishi natijasida og‘iz-tomoqning qurishi, yutinishning qiyinlashishi, yuz mushaklari faoliyati buzilishidan shikoyat qiladi. Bemorning so‘zlari tushunarsiz bo‘lib qoladi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi. Kasallikni og‘ir kechishi o‘lim bilan tugaydi.

— Kasallikni oldini olish uchun nima qilish kerak?

— Botulizm kasalligiga chalinmaslik uchun avvalo uy sharoitida tayyorlangan turli konserva mahsulotlarini iste’mol qilmaslik kerak. Konserva mahsulotlarini xarid qilish zaruriyati bo‘lsa, savdo do‘konlaridan sifati va xavfsizligi kafolatlovchi hujjatlari bor, qopqog‘i shishmagan (bombaj), tashqi ko‘rinishida o‘zgarishlar kuzatilmagan, ishlab chiqaruvchi korxona nomi aniq ko‘rsatilgan konserva mahsulotni xarid qilishimiz kerak. Belgilanmagan joylarda sotilayotgan, ishlab chiqaruvchisi noma’lum, sifati kafolatlovchi hujjatlari bo‘lmagan, uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini harid qilmasligimiz kerak.

                                                                        X. TOG‘AYEV, 

                   Qumqo‘rg‘on tuman SEO va JSB sanitariya vrachi