Suv tekin emas

Xalqimizda “suv tekin” degan so‘z bor. U odatda “bepul emas, ammo o‘ta arzon” degan ma`noda ishlatiladi. Odamlar ariqlardan bemalol suv ichishgan zamonlarda suv haqiqatan deyarli tekin bo‘lgandir, ammo bunday ta`rif bugungi reallikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Ichimlik suv hajmlari ayniqsa bizning mintaqada juda cheklangan va aholi ehtiyoji ortib borgan sari uning hajmlari kamayib bormoqda. Bundan tashqari, aholining ichimlik suv ta`minoti juda katta xarajatlarni talab etadi. Shunday ekan, suv tejab ishlatilgandagina, uni  hammaga yetkazish mumkin. Tejamkorlikka esa birinchi navbatda real tannarxni qoplay oladigan va odamlarni suv isrof qilmaslikka majbur qiladigan darajada bo‘lgan tariflar bilan erishiladi. Suv ta`minoti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan istalgan davlatni oling, tejamkorlik hissi madaniyatning ajralmas hissiga aylangan.

Ammo tan olib aytish kerakki, hozirgi tariflar bilan aholi o‘rtasida tejamkorlik madaniyatini shakllantirib bo‘lmaydi. Suv qancha arzon bo‘lsa, uni shuncha isrof qilamiz. Bu inson tabiatiga xos. Faqat bozor narxlarigina odamlarni suvni tejashga undashi, motivatsiya berishi va majbur qilishi mumkin.

Hozirga kelib, ichimlik suv ishlab chiqarish va uni aholiga yetkazib berish suvni jamlash, filtrlash, har soatda laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish, minglab kilometrlik quvurlar va nasoslar orqali markazlashgan tarzda tashish singari bir nechta murakkab bosqichlardan o‘tadi. Minglab ishchilar, mutaxassislarning mashaqqatli mehnati evaziga biz xonadonimizda jo‘mrakni bir burab, istagancha suv ishlatish imkoniga egamiz.

Biz har kuni iste`mol qiladigan ichimlik suvimiz o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Buning uchun katta mehnat va xarajatlar sarf qilish kerak. Suv narxlarining bozor shartlariga yaqinlashtirilishi, loaqal tannarxni qoplaydigan darajaga yetkazilishini bugungi sharoitlarning o‘zi taqozo etmoqda. Shundagina soha korxonalari yig‘ilib qolgan qarzdorliklardan forig‘ bo‘lib, oyoqqa turishi, mamlakat aholisini ichimlik suv bilan ta`minlash darajasini oshirish bo‘yicha yangi loyihalarni qo‘rqmay boshlashi mumkin bo‘ladi.

                                               Davron Haqnazarov,

Xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi