Ijara munosabatlarida huquq va majburiyatlarni qayta ijaraga berish tartibi belgilandi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-871, 23.10.2023 y) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi.

“Ijara to‘g‘risida”gi  qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra ijara munosabatlarining obyektlari bo‘yicha huquq va majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha huquq va majburiyatlar faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu obyekt bilan birga mazkur obyekt band etgan hamda undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasi ijarasiga doir huquq va majburiyatlar ham qonunga muvofiq boshqa shaxsga o‘tadi, bunda ijaraga beruvchining roziligi talab etilmaydi.

Qonunda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga olgan jismoniy va yuridik shaxslar ijaraga olingan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin. Bunda ijara shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlar yangi ijaraga oluvchiga o‘tadi.

Shuningdek qonun bilan, Fuqarolik kodeksi va Yer kodekslariga servitut to‘g‘risidagi shartnomaga, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlariga, servitutni o‘zgartirish va uni bekor qilish, servitut uchun haq to‘lash, ommaviy servitutni belgilash qoidalariga doir qo‘shimchalar kiritildi.

                                                                                                                      Samad Choriev,

    Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

     Pensiyaga qo‘shiladigan ustama haqlardan

                        xabardormisiz?

Qonunchilikka ko‘ra, belgilangan tartibda hisoblab chiqarilgan pensiyalarga ustama haqlar quyidagi miqdorlarda belgilanadi. I guruh urush nogironlariga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 150 foizi, II guruh urush nogironlariga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 125 foizi, ko‘zi ojizlik bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizi, I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 75 foizi, II guruh yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 75 foizi, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 50 foizi, 1941 — 1945-yillardagi urush davrida mamlakat ichkarisida ishlagan va harbiy majburiyatni bajargan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining — 30 foizi, vafoti harbiy xizmat yoki ichki ishlar organlaridagi, Milliy gvardiyadagi xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlarining ota-onalariga va yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlariga (beva erlariga) — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 30 foizi.

O‘zbekiston oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizigacha. Yoshidan qat`iy nazar imtiyozli pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lgan artistlarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 75 foizi, teatr-konsert tashkilotlari artistlari va badiiy xodimlariga, teatr va musiqa san’ati ijodiy xodimlari tayyorlovchi o‘quv muassasalarining professor-o‘qituvchilari va konsertmeysterlariga, Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan ro‘yxatga ko‘ra — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining — 50 foizi.

                                                                                                            Sayfiddin Mengliqulov,

                   Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i

Ayrim jinoyat protsessi qatnashchilariga haq to‘lash

                        tartibi belgilandi

Hukumat qarori (570-son, 28.10.2023 y.) bilan jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, jabrlanuvchi voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb e`tirof etilgan shaxs bo‘lsa, u bilan birgalikda yoki uning o‘rniga ishda ishtirok etishga jalb etilgan qonuniy vakiliga haq to‘lab beriladi.

Mas`ul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ishda ishtirok etishga jalb etilgan quyidagi shaxslarga haq to‘lab beriladi. Jabrlanuvchilar va ishga ko‘maklashuvchi shaxslarga, ularning doimiy yashash joylaridan tashqaridagi hududlarda o‘tkaziladigan protsessual harakatlarni amalga oshirish joyiga kelib-ketish xarajatlari, turarjoy bilan bog‘liq xarajatlari (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi), kundalik xarajatlari, ekspert, tarjimon, mutaxassisga ishda ishtirok etishda o‘z vazifalarini bajarganligi uchun, ushbu vazifalar xizmat topshirig‘i tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno, doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakili, guvohlar va xolislarga ishda ishtirok etishga ularni odatdagi mashg‘ulotidan qoldirilganlik (chalg‘itganlik) uchun.

Mas`ul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilingan ishga ko‘maklashuvchi shaxslar hamda jabrlanuvchilarning turarjoy bilan bog‘liq xarajatlarini bir kunlik qoplash (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi) miqdori BHMning 1,5 baravaridan oshmasligi lozim.

Turarjoyda yashaganligi bo‘yicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan hollarda, har bir sutka uchun belgilangan BHMning 20 foizi miqdorida qoplanadi. Turarjoy ijarasidan foydalanilganda, davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilgan ijara shartnomasi taqdim etiladi.

Ekspert va mutaxassisga mas`ul organlar (mansabdor shaxslar) topshirig‘iga ko‘ra bajargan ishi uchun soatiga BHMning 0,10 koeffitsienti miqdorida haq to‘lanadi. Bir tarjimon tomonidan har bir ko‘rsatilgan xizmati uchun alohida to‘lov amalga oshiriladi.

Mazkur qoidalar protsessual majburiyatlarni xizmat topshirig‘i sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan ekspert, mutaxassis va tarjimonga o‘z vazifalarini bajarganlik uchun haq to‘lashga hamda xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni qoplab berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

                                                                                                                Faxriddin Mamatov,

   Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

Ayrim o‘simliklar importida bojxona boji nol stavkada

                           qo‘llaniladi

“Gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-341, 23.10.2023 y) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra,  2023 yil 1 noyabrdan 2026 yil 1 yanvargacha tuganaklar, piyozboshlar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoya, jumladan vegetativ tinim holatidagi, vegetatsiya yoki gullash davridagi sertarmoqlari, boshqa tirik o‘simliklar (jumladan, ildizlari), qalamchalar va parxishi (TIF TN kodi 0601 va 0602) importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

                                                                                                                     Olim Xursandov,

   Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

  Ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad

                  etishga yo‘l qo‘yilmaydi

Mehnat kodeksiga ko‘ra, quyidagilar ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish hisoblanadi. Mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzish, ish beruvchi tomonidan ishga taklif etilgan shaxslarni ishga qabul qilmaslik, ish beruvchi qonunga muvofiq mehnat shartnomasini tuzishi shart bo‘lgan shaxslarni (ish o‘rinlarining belgilangan eng kam soni hisobiga ishga yuborilgan shaxslarni, ish beruvchi alohida asoslar bo‘yicha mehnat shartnomasini bekor qilgan shaxslarni, ular qayta ishga qabul qilingan taqdirda va boshqalarni) ishga qabul qilmaslik, homiladorlik yoki farzandlar borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ishga qabul qilmaslik, sudlanganligi, shu jumladan tugallangan va olib tashlangan sudlanganligi sababli shaxslarni ishga qabul qilmaslik, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno, yoxud shaxslarni ularning yaqin qarindoshlari sudlanganligi, shu jumladan tugallangan sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik.

                                                                                                           Jo‘rabek Imomov,

   Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti