“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish aksiyasida Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi mas’ullari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hudud faollari va yoshlar qatnashishmoqda.
Qumqo‘rg‘on tuman hokimi Anvar Normamatov mazkur sa`y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad atrof-muhit sofligini yaxshilash, joylarda yashil maydonlarni ko‘paytirish ekanini ta’kidladi. Yaqinda Prezidentimiz raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solish hamda “Yashil makon” kuzgi mavsumini samarali tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 25 oktabrdan 1 dekabrga qadar “kuzgi daraxt ekish mavsumi” deb e’lon qilindi. Tumanimiz bo‘yicha joriy yilning kuzgi mavsumida shumtol, terak, tut, mevali daraxt ko‘chatlari, igna bargli,yong‘oq, pavloniya ko‘chat turidan iborat 485 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekish belgilangan. Bunda mahallalar, ko‘p qavatli uylar atrofiga, ta’lim muassasalari, oilaviy poliklinika va shifoxonalar, katta yo‘l bo‘ylariga chinor, eman, tut, shumtol, terak, jiyda, qayrag‘och, yapon saforasi kabi daraxtlar ekiladi.Tumandagi aholi tomonidan yetishtirilgan 200 ming dona zaxira ko‘chatlar, viloyat hududidagi “Uzun” va “Bobotog‘” o‘rmon xo‘jaliklari hamda “Denov o‘rmon xo‘jaligi tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan yetishtirilgan ko‘chatlardan shartnoma asosida 285 ming dona ko‘chatlar olib kelinishi belgilangan.
Bu kabi xayrli ishlar xalqimizni birlashtiradi. Maqsadimiz obod manzillarni ko‘paytirishdir. Bugun ekilayotgan har bir nihol, ertaga katta daraxtga aylanadi, biz nafas olayotgan havoni tozalaydi, oziq-ovqat manbai bo‘lgan tuproqlarni mustahkamlaydi.
Rayhom Mengziyayeva