ODAM  SAVDOSI—DAVRIMIZNING GLOBAL MUAMMOSI

Bugungi  kunga kelib zamonamiz ancha yuksalgani, ong-u tafakkurimiz kengaygani, innovatsion g‘oyalar bizni qurshab olgani barchamizga ma’lum. Imkoniyatlar kengligi, davrimizning maksimal darajada rivojlanib borayotganiga qaramay, fikrimizni ozdiruvchi, biz yoshlarni yo‘ldan chalg‘ituvchi, turli jinoyat va aldovga yo‘llovchi ko‘chalar ham afsuski yo‘q emas.

Tinchligimizga raxna solib turgan “Odam savdosi, giyohvandlik va shu kabi razilliklar xoh o‘zimizda, xoh dunyoning bir chetida sodir bo‘lsa-da, qalbimizni tahlikaga solib keladi. Bugungi davrda qullikning yangi ko‘rinishi bo‘lgan odam savdosi jahon hamjamiyatiga tahdid solayotgan jinoyat deb baholanmoqda. Tarixiy kitoblarda qolib ketgan “qullik” tushunchasi hozirga kelib majburiy mehnat shakliga o‘tib olgan. Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar insonlarni majburiy mehnat uchun yoki ularning ichki organlarini transplantatsiya qilish, narkotik moddalarni tarqatish, boshqa turdagi jinoyatlarni sodir etish uchun ham yollab majburlamoqdalar. Bu jinoyatning asosiy qurbonlari esa ayollar va bolalar bo‘lishadi. Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo miqyosida har yili 600 mingdan 800 ming nafargacha ayollar va bolalar aldov yo‘li bilan sotib yuboriladi. Bu kam  miqdor emas, albatta. Har yili bir necha yuz  minglab  insonlar aynan  odam savdosi  qurboniga  aylanayotgani dilimizni  xira  qiladi.      Asosan, chet el orzusida yurgan, omadsizlikka uchragan, o‘z yo‘lini yo‘qotib depressiyaga tushgan insonlar bu jinoyatning qurbonlari ekani bizga ma`lum. Odam savdosidan jabrlanganlarning 72 foizi ayol va qizlardan tashkil topayotgani  juda ayanchli holat. Ijtimoiy tarmoqlarda BMT narkotik va jinoyatlar bo‘limining “2018-yili Global Odam Savdosi hisoboti” 142 mamlakatdan olingan hisobot doirasida tayyorlangan bo‘lib,  unga ko‘ra, 2016-yili 97 davlatdan, taxminan, 24 mingdan ziyod kishi odam savdosidan jabr ko‘rgan. Jabrlanganlarning  ko‘pchilik  qismini ayollar  va bolalar tashkil  etadi. Bir qaraganda, bu raqamlar bizga e`tiborsizday tuyulishi mumkin, ammo insonlarning haq-huquqlari oyoqosti bo‘lishi, inson taqdiriga oddiy  bir buyumdek  munosabatda bo‘linishi achinarli  holat. Bu millatga xiyonatku, nafaqat millatga, oilasiga, yurtdoshlariga qilingan jaholat emasmi? Tarbiyaning qayerida xato qilyapmizki, zamondoshlarimiz jinoyat, aldamchi yo`llarning boshini tutib ketyapti?! Aql-zakovatimizni qayeri oqsab qolyaptiki, shunchalik tez aldanib qolyapmiz. Ba`zan televizorda xalqidan uzr so‘rab, ko‘zyoshi qilib, afsus chekayotgan shu jinoyatning qurboni bo‘lib qolayotgan zamondoshimga savol bergim keladi: “Siz mustaqilmisiz? Fikrlaringizni erkin ifodalaydigan, aniq va to‘g‘ri qaror qabul qiloladigan, hayotni mukammal tushuna oladigan darajada mustaqilmisiz? Ota-ona, yor-u birodar so‘zini tinglamay oxiri noma`lum ishning boshini tutib, ozgina qiyinchilikdan stressga tushib begonaga ishonib ketadigan darajada erkin va mulohazali deb hisoblaysizmi o‘zingizni?”. To‘g‘ri, xatolar doim bo‘laveradi, biroq miyamizni puch havaslarga to‘ldiradiganlarga osongina aldanib qolish halokatidan o‘zimizni qutqarib qolishimiz kerak! Qachonki, har bir inson o‘z-o‘zini, o‘zidagi yomon illatlarni isloh qilishni boshlasa, atrofimizga, bir-birimizga befarq bo‘lishni bas qilishni boshlaganimizdagina bu zalolatning hech bo‘lmaganda yarmini sodir bo‘lishidan asrab qolamiz. Bizning osoyishtaligimizni ta`minlashga faqatgina davlatimizning milliy xavfsizlik organlari javobgar emas. Yon-atrofimizdagi do‘stimizni, yaqinlarimizni shuningdek, o‘zimizni doimiy to‘g‘ri yo‘lga solib turishga birdek barchamiz mas`ulmiz deb yashamog‘imiz kerak. Odam savdosi singari oxiri yomonlik bilan tugaydigan barcha razilliklarga qarshi ongimizni o‘zimiz tarbiyalab, muhofaza qilmog‘imiz zarur. Prezidentimiz ham har nutqida tinchlik-osoyishtalik har bir insonga daxldor bo‘lgan hayotiy zaruratligini, uni saqlash shu yurtda yashaydigan har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lmog‘i kerakligini ta`kidlab o‘tadilar. Yana shuni aytishim mumkinki, siz, men, bizlar-barchamiz har nafasda yonib yashasak, yangicha fikrlash, yangicha g‘oyalar bilan jamiyatga kirib borsak, hayotimizni tahlikaga qo‘yayotgan har qanday to‘siqni ijobiy salohiyatimiz bilan yenga olamiz!

                                              Sulaymon Aliqulov,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi FHDYO bo‘limi II toifali inspektori