“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti fililali tomonidan ijtimoiy soha obyektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda

Bugungi kunda viloyatimizda jami 129 ming nafar iste’molchi  tabiiy hamda 459 329 nafar iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanadi.

Xususan, joriy yil boshida Surxondaryo viloyatining har bir mahallasi, hatto eng chekka mahallalardagi xonadonlarda ham gaz ta’minoti va uning uzluksizligini ta’minlash masalasi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali xodimlarining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Mas’ullar tomonidan sovuq ob-havoda gaz bosimi me’yordan pasayishi kuzatilgan hududlar tuman va mahallalar kesimida tahlil qilib borilmoqda. Asosiy sabablar o‘rganilib, joriy yilda ularni bartaraf qilish choralariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 Shu o‘rinda ayrim faktlarni keltiramiz: o‘tgan yili viloyatda 107 ming 389 nafar iste’molchi tabiiy gaz bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni    129 mingga yetdi. Demak, tabiiy gazga bo‘lgan talab va ehtiyoj ortdi. Ularga “zangori yoqilg‘i”ni bir maromda va xavfsiz yetkazish maqsadida gaz tarmoqlari hamda gaz taqsimlash punktlarining sozligi nazoratdan o‘tkazilib, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

 Xususan, joriy yilda viloyat bo‘yicha 7,5 km gaz quvurlari mukammal ta’mirlanib, pirovardida ushbu hududlarda yashovchi aholi xonadonlarida gaz bosimi bir me’yorga kelmoqda.

Shuningdek gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash ishlari Qumqo‘rg‘on tumani «Bog‘aro» MFYdagi 0,7 km yer osti o‘rta bosimli, Sariosiyo tumani Feruz MFY dagi 0,344 km yer osti o‘rta bosimli, Madankon MFY dagi 0,156 km yer osti past bosimli gaz quvuri, Termiz shahri «Eski shahar» MFY Ch.Safarov ko‘chasidagi 0,5 km yer osti o‘rta bosimli, «Guliston» MFY Olmazor ko‘chasidagidagi 0,6 km yer osti o‘rta bosimli, «Guliston» MFY Xorazm ko‘chasidagi 0,7 km yer osti o‘rta bosimli, Termiz tumani Yangi yer MFY dagi 1,1 km yer osti o‘rta bosimli gaz quvurlari mukammal ta’mirlandi. Ushbu mahallalardagi jami 1200 dan ziyod aholi xonadonlarida gaz bosimi pasayishi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi.

Bundan tashqari, gaz bosimini yaxshilash maqsadida Sariosiyo tumani Do‘stlik va Tortuli MFYning Buyuk Temur ko‘chasidagi yer osti o‘rta bosimli gaz quvurini rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va Termiz shahri iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun Angor tumani Bahor mahallasi hududidagi “Qoraqir” AGRSdan 38,9 kilometr masofaga quvur yotqizib, yuqori bosimli gaz tarmog‘i qurilishini amalga oshirish topshirig‘i berilgan edi. Yangi loyihani tezroq yakunlash uchun “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali qurilish-montaj boshqarmasi ishchilari Angor va Termiz tumanlari hududidagi qumloq saksovulzorlar orqali yuqori bosimli gaz quvurlarini montaj qilmoqda. Ular nafaqat yoz jaziramasi, balki qish faslining izg‘irinli kunlarida ham bu ishni yakunlashga harakat qilmoqda.  Shu kungacha diametri 219 millimetrli yuqori bosimga mo‘ljallangan gaz quvurlarining qariyb 38,8 kilometrdan ortiq qismini montaj qilish ishlari yakunlangan.

Bundan tashqari, Kichik sanoat zonalari, yirik investisiya loyihalariga kiritilgan Yoshlar sanoati va tadbirkorlik zonalari — bu ajoyib loyiha. Barcha katta-yu yosh tadbirkorlarning bir jamoa bo‘lib, bir hududda, sanoat shaharchasini tashkil etib, bir maqsadni ko‘zlab harakat qilishi nafaqat ular o‘rtasida hamkorlikni kuchaytiradi, balki infratuzilmani birlashtiradi, qulay biznes muhitini yaratadi. Prezidentimizning 2022 yil 6 iyundagi PQ-271-son qarori ham aynan ana shu maqsadlarni ko‘zda tutadi,-dedi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali direktor o‘rinbosari Zayniddin Shodiyev.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Termiz shahar hamda Boysun, Angor, Jarqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Qiziriq tumanlarida “Kichik sanoat zonalari, Yoshlar sanoati va tadbirkorlik zonalari” barpo etilib, tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanishga erishildi.

Surxondaryo viloyati hududining bir qismi asosan, cho‘l, qir va adirliklardan iborat. Viloyatda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan olis mahallalar 50 dan ortiq. Ammo, mamlakatimizda gaz ta’minotida olib borilgan izchil islohotlar tufayli hozirda viloyatda gaz ta’minoti yetib bormaydigan xonadon yo‘q. Tabiiy yoqilg‘i yetib bormagan hududlar aholisi reja-grafik asosida suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorida viloyatda olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq hamda ovullarda suyultirilgan gaz zaxiralarini yaratish parametlari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, Sariosiyo tumanining “Karch”, «Chosh», «Vachax», Uzun tumanining «Anorbuloq», «Xo‘jaqursin» va «Terak» qishloqlarida kuz-qish mavsumi uchun jami 11,66 tonna suyultirilgan gaz zaxiralari yaratiladi.

– Qish mavsumida, ayniqsa yog‘ingarchilik kunlarida olis hududlarimizga ta’minot yetkazish soha xodimlarimiz uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Buning oldini olish maqsadida bugungi kunda olis hududlarga suyultirilgan gaz yetkazib beradigan maxsus transport vositalarimiz kuz-qish mavsumiga tayyor holga keltirilmoqda. Har qanday ob-havo bo‘lishiga qaramay, viloyatimizning eng chekka hududlarida yashaydigan iste’molchilarimiz ham suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Yana bir masala mavsumda ta’minot xavfsizligidir. Bu borada ham zarur choralar ko‘rilmoqda, – dedi filial mas’ul xodimi Xusniddin Berdimurodov.

Yilning to‘rt faslida ham aholining gaz ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, sovuq ob-havoda ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash soha xodimlarining asosiy vazifasi, ham maqsadidir. Eng muhimi, bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarning barchasi yurtga daxldorlik tuyg‘usi bilan hamohang olib borilayotganligidir.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti fililali matbuot xizmati