Tibbiyot xodimlari kuni munosib nishonlandi

Xalqi uchun fidokor, qahramon shifokorlar,

Alloh bo‘lsin madadkor, qahramon shifokorlar,

Jonlari elga nisor, qahramon shifokorlar,

Maqtovlarga sazovor, qahramon shifokorlar,

Va`dasida barqaror, qahramon shifokorlar.

Dunyoda har bir narsaning o‘z o‘lchovi, mezoni va bahosi bor. Lekin, inson uchun o‘zi va yaqinlari salomatligidan ortiq baxt ham, boylik ham yo‘q. El salomatligini ta’minlash, avlodlar barkamolligiga erishish har qanday davlatning, har qanday jamiyatning eng ustuvor maqsadi, ijtimoiy siyosatining bosh bo‘g‘inidir.

Bu ezgu maqsad va vazifalar ro‘yobida tibbiyot xodimlarining  mehnati va matonatini hech qanday mezon bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi. Shu boisdan ham, biz, shifokor deganda, eng avvalo, kundalik ijtimoiy hayotimizning markazida turadigan, el salomatligini ko‘z qorachig‘idek asrashga shay bo‘lgan, Vatan va xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan sharafli va mas’uliyatli kasb egalarini  tasavvur qilamiz. Bitta bemorning hayotini saqlab qolish uchun, onaning salomatligiga zarar yetmasdan bir go‘dakni sog‘-omon dunyoga keltirish uchun, bir bemorga yorug‘ dunyoni ko‘rish baxtini taqdim etish uchun bu soha vakillarining 8-10 soatlab tik oyoqda turib kurashganlariga guvoh bo‘lganmiz. Mamlakatimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlari kuni sifatida nishonlab kelinadi. Shu munosabat bilan  Qumqo‘rg‘on  tumanida sog‘liqni saqlash  tizimida faoliyat yuritayotgan soha vakillari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi Anvar Normamatov, sektor rahbarlari hamda sohada ko‘p yillar samarali mehnat qilgan faxriylar va  tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir avvalida tuman hokimi tibbiyot xodimlarini bayram bilan samimiy tabriklab, o‘z ishini sidqidildan bajarib, erta-yu kech tinim bilmay mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining insonlar salomatligini asrashdek mashaqqatli  va mas`uliyatli ishlarida omadlar tiladi. Shundan so‘ng, sohaning bir guruh fidoyi xodimlariga tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushmasi qo‘mitasining  faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.  Bayram tadbiriga taklif etilgan xonandalar tomonidan ijro qilingan kuy-qo‘shiqlar tadbirga bayramona kayfiyat ulashdi. Mamlakatimizda jamiyatning barcha sohalarida bo‘lgani kabi tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz salomatligini mustahkamlash, profilaktika, diagnostika va davolash ishlari samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.  Barchangizni bugungi shukuhli ayyom — kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etamiz. El-yurtimiz ravnaqi, xalqimiz roziligiga erishish yo‘lidagi mushtarak maqsadlarimiz ro‘yobida barchangizga sihat-salomatlik, kuch-quvvat, oilalaringizga tinchlik va xotirjamlik tilaymiz.

  Rayhon Mengziyayeva