Zamonamiz qahramonlari

Ushbu maqolada tumanimizda mebellar ishlab chiqarishni amalga oshirib, ulkan yutuqlarga erishayotgan zamonamiz qahramoni Bahodir Jo‘rayev rahbarligidagi “Joziba mebel xususiy korxonasi” faoliyati haqida hikoya qilamiz.

Jamiyatimizda kasb-hunar o‘rganish uchun moddiy va ma`naviy shart-sharoitlar yaratildi. Hunarga ega inson mehnat qilib, elga xizmat ko‘rsatishi, shuning natijasida manfaatdor bo‘lib to‘q, farovon yashashi uchun imkoniyat ko‘p. Xalq maqollaridan kasb-hunar haqida ibratli donishmandliklarni o‘rganish foydali hisoblanadi. Masalan, “Hunar, hunardan unar”, “Hunari yo‘q erkakdan ignasi bor xotin yaxshi”, “Hunar bo‘lsa qo‘lingda, non topilar yo‘lingda” kabi maqollar insonlarga hunarning naqadar zarurligi-yu foydaliligini anglatadi. Mehnat qilib el orasida obro‘-e`tibor, manfaat topishga, baxtli hayot kechirishga o‘rgatadi.

Yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanayotgan taniqli tadbirkor Bahodir Jo‘rayev o‘zi uchun hayot yo‘lini ancha erta tanlagan edi. Yoshligidan hunar o‘rgandi. Yog‘ochga ishlov berib mebellar tayyorladi. Aholiga xolis xizmat qilib, hayotdan o‘z o‘rnini topdi. U Prezidentimizning tadbirkorlikni rivojlantirishga e`tibor qaratilgan odilona siyosatidan ruhlanib ustachilikni yanada kengaytirish, mahsulotlar turini ko‘paytirishga astoydil harakat qildi. 2007 yilda Besh qahramon mahallasi Dilnavo ko‘chasida “Joziba mebel xususiy korxonasi”ni ochdi. Ikki qavatli zamonaviy va ko‘rkam binoni qurdi. Bank krediti asosida Xitoy davlatidan texnologiyalar olib kelib o‘rnatdi. Mebellar ishlab chiqarib xolis xizmat ko‘rsatdi. Mahsulotlarning turi ko‘pligi, chiroyli shakllarda va bezaklarda ishlab chiqarilishi bilan tezda buyurtmachilar va mijozlarning e`tiborini o‘ziga qaratdi. Bu xususiy korxonada shkaf, idora mebellari, oshxona mebellari, yumshoq mebel, o‘tirish uchun mo‘ljallangan mebellar, MDF eshiklari, oynaga ishlov berish, temir mahsulotlarga ishlov berish ishlari bajarildi.

2018 yilda yangi ishlab chiqarish sexi binosi qurilib, bitkazildi. Keng va zamonaviy binoga mavjud texnologiyarni o‘rnatib, mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirdi. Ishchilar 8 xil texnologiyalar yordamida turli xil mahsulotlarni tayyorlayapti. Oshxona jihozlari, yotoqxona kompleksi, har xil kattalikdagi shkaflar, har xil stol-stullar, aholining ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan hamma turdagi mebellar, xontaxta tayyorlanayapti. Buyurtma asosida maktabgacha ta`lim tashkilotlari, maktablar, ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalari uchun mebellar to‘liq bu xususiy korxona sexida ishlab chiqarilayapti.

Tadbirkorning izlanuvchanligi zarur xom ashyolarni topib, olib kelishda ham ko‘rinadi. Toshkentdan yog‘och mahsulotlari, MDF, XDF, DVP va boshqa zarur mahsulotlar olib kelinib, qayta ishlanayapti. Tayyor mahsulotlar buyurtma asosida talabgorlarga yetkazib berilayapti. Hozir 8 nafar kishi asosiy ish bilan ta`minlangan. Zarur chog‘da mavsumiy ishlarga qo‘shimcha ravishda ishchilar olinayapti.

-8 yildan buyon bu xususiy korxonada ishlayapman. Ish boshqaruvchiman. Sexda ishni to‘g‘ri tashkil etishda bosh-qoshman. Avval tumanimizda mebel ishlab chiqarish korxonasini ochish hech kimning  xayoliga kelmas edi. O‘zimizning makonda shunday kerakli ish amalga oshirilganligi yaxshi bo‘ldi. Odamlar ishli, manfaatli bo‘ldi. Xalqimiz uchun mebellar tayyorlab og‘irini engil qilayatganimizdan xursandmiz. Aholi bizdan minnatdor bo‘layapti. Prezidentimiz tadbirkorlikka keng yo‘l ochganligi, qo‘llab-quvvatlaganligi uchun yutuqlarga erishayapmiz. Kelajakda ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi texnologiyalarni olib kelib o‘rnatish, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida harakat qilayapmiz, – dedi ish boshqaruvchi Boybo‘ri Xolboyev.

Qumqo‘rg‘on tumaning gavhari bo‘lgan bu mebel sexini qurgan kishilarning ko‘zlari quvnaydi. Toza-ozoda saqlanayotgan korxonada rang-barang uskunalarning ishlatilayotganligi texnikalarning kuchi bilan buyurtmachilarning talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqatilayotganligi quvonarli. Mohir tadbirkor Bahodir Jo‘rayev tashabbuskorligi, namunali ishlari bilan faqat tumandagina emas, balki viloyatimiz va respublikamizda taniqli tadbirkorlar qatoridan o‘rin olib, hurmatga sazovor bo‘ldi. Uning rahbarligidagi ishchilar mehnatdan, izlanishdan davom etmoqda. Xitoy davlatidan yangi uskunalar olib kelinayapti. Ular o‘rnatilib, ishga tushurilgach yana beshta yangi ish o‘rni yaratilib, kadrlar ishga olinadi. Shuning bilan birgalikda viloystimiz bo‘ylab mebellar tayyorlash sexlarini mahsulotlar bilan ta`minlaydi.

Bu tadbirkorlik subyekti, unda mehnat qilib yutuqlarga erishayotgan rahbar-u xodim, ishchilar tumanimiz faxri. Ularning mohirligi, o‘z ishining ustasiligi tufayli tashkilotlar, muassasalar, oshxonalar, xonadonlar go‘zal va obod bo‘layapti. Aholining kayfiyati chog‘, farovonlikdan xursand yashayapti.

                         N. MUHAMMADIYEV