Nafisa Tog‘ayeva: gazchi, tarbiyachi va hunarmand

“Men bu ishlarni barchasini bilishimga sabab bo‘lgan narsa bu gaz ta`minotida ishlaganim”!

Аyol – ona, rafiqa, xodim, rahbar. Uning yuzida quyosh balqib, ko‘zlarida yulduz chaqnaydi, kipriklarida esa bulutlar suzib yuradi. Uning kulgularida rang-barang gullar ochilib, fig‘onida toshlar yoriladi… Hech bir ijodkor yo‘qki, ayolni madh etmagan, uning sha`ni haqida iliq misralar bitmagan.

Ilgari faqat bola tarbiyasi, uy yumushlari bilangina cheklangan, hatto tashqari hovliga chiqishi ta`qiqlangan bu nozik xilqat vakillari bugun chin ma`noda jamiyatning faol qatlami, yurtimiz rivojlanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan fidoyi insonlardir.

Nafisa Tog‘ayeva. Bugun Surxondaryo viloyatidagi gaz ta`minoti sohasi vakillarining barchasi bu ayolni taniydi, hurmat qiladi, yaqiniday suyadi. Boisi, Nafisa opa o‘zining mehnatkashligi, tajribasi, qolaversa, samimiyligi bilan mehr va e`tibor qozongan. Qahramonimiz 2004 yil Termiz iqtisodiyot kasb-hunar kollejini tamomlab, hozirgi vaqtda Termiz davlat universitetida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha sirtdan uchunchi kurs talabasi bo‘lib o‘qib kelmoqda. Dastlabki faoliyatini Qumqo‘rg‘on tumanidagi ta`lim muassasalaridan boshladi. Keyinchalik ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritdi.

-“Qumqo‘rg‘on tuman gaz ta`minoti bo‘limiga ilk ish boshlaganim yodimda. Sharoitlar hozirgedek yaxshi emas edi. Xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, ijro intizom bo‘limlarida ham ishladim. Hamkasblarimiz bilan birga mahallalarda gazdan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanishlarini targ‘ibot qilish uchun ham chiqib turardim. Biz ularga tabiiy gazdan to‘g‘ri foydalanishlarini tushuntirardik. Xursand odamlarning ko‘tarinki kayfiyati bizni ham shod qilardi. Xalqqa qaysidir ma`noda yordam berayotganimiz, ularning og‘irini yengil qilayotganimizdan g‘ururlanardik”, – deya eslaydi Nafisa opa.

Nafisa Tog‘ayeva 2001 yildan boshlab gaz ta`minoti tizimida mehnat qildi. U o‘sha yillari sarflangan gaz hajmini hisobga olish ishlari hozirgiday zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalar mavjud bo‘lmagan. Iste`molchilarga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmlarining hisob-kitobi qo‘lda yuritilgan deb eslaydi. Keyinchalik xodimlarga qisqartirishlar kelganida qahramonimiz tuman gaz ta`minoti bo‘limiga qorovul vazifasida ishlay boshladi. Nafisa opa bu bilan chegaralanib qolmay 2020 yilda Termiz davlat universitetining rus tili yo‘nalishiga o‘qishga kirdi va o‘zining xonadonidan mo‘jazgina sinfxona tashkil qildi. Bugun esa “Jiydali” mahallasining 4 sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilariga rus tili fanidan qo‘shimcha dars berib kelmoqda. Nafisa opa vaqtini to‘g‘ri taqsimlagani boyisi bu bilan ham cheklanib qolmadi. Kechki payt uy yumushlaridan bo‘shaganda hunarmandchilikning gul yasash turlari bilan ham shug‘ullanadi. Opaning aytishi bo‘yicha tuman maktabgacha ta`lim tashkilotlariga ushbu qo‘l mehnatlarimni sotaman, bu ham oila budjetimizga foyda deydi. Qisqasi, yillar qahramonimizni sabr va mehnatda tobladi. Fidoyi xodim kasbiga shunchaki yondashmadi, zimmasidagi vazifalarni mas‘uliyat bilan ado etdi.

Bugungi kunda “Jiydali” mahallasida Nafisa opani taniydigan barcha xonadon sohibalari chaqirishib gaz jihozlarini sozlatishlariga guvohi ham bo‘ldik. Аyollarning ko‘pchiligi menga gaz jihozimizni ko‘rib bering deb murojaat qilishadi. Men yugurib boraman, qo‘limdan kelgan barcha ishlarni qilaman. Uyimga ham barcha kerakli asboblar olib kelib qo‘yganman. Ularga tushuntiraman. Tabiiy gaz yaxshi yonmasa qozonlarning tagi va oshxonadagi pardalarni qoraytirib uyning remontini ham buzilishiga olib keladi. Shuning uchun gazdan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanishlarini hamda tuman gaz ta`minotida servis xizmat ko‘rsatuvchi chilangarlarimizga ham murojaat qilishlarini tushuntirib o‘taman.

Nafisa opa bo‘lim boshlig‘i kabi mas‘uliyatli lavozimlarda ishlaganda, xizmat safari bilan boshqa tuman hamda shaharlarda yurganida ham bir xodim va bir ayol sifatida nimalarga qodirligini hamkasblari orasida namoyon eta oldi. Oila va ishni bir maromda olib borish qahramonimiz uchun oson kechmadi, albatta. Bunda unga turmush o‘rtog‘i Shodmon aka Norqulov yaqindan yordam berdi, muammolariga yelka tutdi, har doim qo‘llab-quvvatladi. Nafisa opa izlanishdan to‘xtamaydigan insonlardan biri. Yaqinda rus til bo‘yicha xalqaro S1 sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Аyni vaqtda qahramonimiz “Qumqo‘rg‘ontumangaz” gaz ta‘minoti bo‘limida navbatchi qorovul bo‘lib mehnat qilmoqda. Hamkasblariga sirdosh, dildosh bo‘lishdan, yosh mutaxassislarga esa ustozlik qilishdan og‘rinmaydi. Jamiyatning ko‘p sonli jamoasi nomidan oilasida 4 nafar farzandining mehribon onajonisi va 4 nafar nevaraning qadrli buvijonisi bo‘lgan, umrining  salkam 22 yilini gaz ta`minoti sohasiga bag‘ishlagan Nasifa Tog‘ayevani O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklaymiz. Umringizning har bir lahzasi ko‘klam gullariday charog‘bon bo‘lsin.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta`minoti filiali matbuot xizmati