Paxtazorlarda yig‘im-terim avj oldi

Kuz fasli qishloq xo‘jaligi sohasida yil davomida amalga oshirilgan ishlarning natijasini ro‘yobga chiqarish pallasi. Shuning uchun ayni chog‘larda paxtakorlar dalalarda oppoq ochilgan paxtalarni nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terish, qabul punktlariga o‘z vaqtida topshirish uchun faol ishlayapti. Tuman bo‘yicha bu yil 7496 gektarga paxta yetishtirildi. Hozirgi kunda g‘o‘zalardagi hosil nishonalarining asosiy qismi ochildi. 229 ta fermer xo‘jaligi va Termiz-Jayxun klasteri dalalarida paxta terimi qizg‘in pallaga kirdi. Yig‘im-terim ishlarini namunali tashkil etish uchun 180 ta otryad fermer xo‘jaliklari va klasterga biriktirildi. Tumanning 28205 tonna shartnoma rejasini bajarish uchun g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilmoqda.

Yillik shartnoma rejasini bajargan fermer xo‘jaliklari haqidagi ma`lumotlarni bilish quvonarli, albatta. Paxta topshirish shartnomasini birinchilardan bo‘lib bajargan fermer xo‘jaliklari tumanimizning faxri. “Aziza Asal Jasmina” fermer xo‘jaligi 30 gektar maydonda paxta yetishtirib, qabul punktiga 109,7 tonna hosil topshirdi, yillik topshiriqni 104 foizga bajardi. Rahmonali Sharifjon fermer xo‘jaligi 40 gektar paxtazordan 144,1 tonna paxta topshirib, shartnomasini to‘liq bajardi. “Jasurbek Xushnudbek Agro” fermer xo‘jaligi 16 gektar yerdan qabul punktiga 57,73 tonna paxta yetkazib berib shartnomaga nisbanat 100,2 foiz xirmon uydi. “To‘ra Dilshodbek” fermer xo‘jaligi 8 gektarda paxta yetishtirib, 31,5 tonna hosil topshirib, yillik shartnomasini 116 foizga bajardi. “Olmapoya Gavhari” fermer xo‘jaligi 18 gektar paxta maydondan 71,5 tonna hosil oldi, rejaga nisbatan 117 foiz xirmon ko‘tardi. “Toyloq olmazori” fermer xo‘jaligi 10 gektardan 22,6 tonna paxta topshirib, shartnomasini 113 foizga bajardi. “Farovon Munchoqtepa” fermer xo‘jaligi 20 gektarda paxta yetishtirib, 79 tonna hosil terib topshirdi, shartnomasini 108 foizga bajarishga erishdi.

S. Boymatov hududidagi “Janub Qumqo‘rg‘on” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib g‘o‘zalarda mo‘l hosil lo‘ppi-lo‘ppi ochilganini ko‘rdik. Rustam Sulfiqorov boshliq dehqonlar 33 gektarda “Besh qahramon” paxta navini yetishtirdi. 122 tonna shartnoma rejasini bajarish uchun yig‘im-terim ishlarini qizg‘in davom ettirayapti. Hozir 80 nafar terimchi paxtazorda mehnat qilayapti. Ular g‘ayrat-shijoat bilan paxta terib, kuniga qabul punktiga 10 tonna sifatli paxta topshirishga erishmoqda. Terimchilar har kuni 100-200 kilogramm paxta terayotganligi quvonarli. Ko‘p kilogrammchilar davrasida Gavhar Pardayeva bir kunda 200 kilogrammdan ziyod paxta terib ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layapti. 63 yoshli Oykamol Aliqulovaning dalaga chiqib paxta terayotganligi maqtovga loyiq. U bir kunda 133 kilogramm paxta terib yoshlarga ibrat bo‘layapti. Terimchilardan Zulfiya Eshqobilova 130 kilogramm, Xurshida To‘xtayeva 122 kilogramm, Dilfuza Tog‘ayeva 122 kilogramm, Zilola Sherboyeva 118 kilogramm, Dilfuza Mamatraimova 110 kilogramm, Shahnoza Abdurahmonova 100 kilogrammdan ziyod paxta terib topshirayotganidan ham barcha mamnun.

Hozir kuz ne`mati paxta hosilini yig‘ib-terib, qabul punktiga sifatli holda yetkazib berish mavsumi. Barcha fermer xo‘jaliklari va klaster paxtazorlarida paxta terimini uyushqoqlik bilan tashkil etib mo‘l hosil olish vazifasini bajarishga e`tibor qaratildi. Bu mas`uliyatli ishni bajarishda paxtakorlarning mehnati juda zarur. Terimchilar xalqimizning faxri, iftixori. Ular terib, topshirgan har kilogramm paxta mamlakatimizni rivojlantirish, aholining farovon yashashi uchun hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

         N. MUHAMMADIYEV