Yaylovda ko‘rdim, “o‘tov”

Tumanimizda faoliyat yuritayotgan “O‘tov” folklor-etnografik havaskorlik jamoasi tuman va viloyatda elga tanildi. Qisqa fursat ichida xalqchil bo‘lish boisi nimada? Savolga javob izlab tuman madaniyat bo‘limi mudiri Norqo‘chqor Hakimov va jamoa badiiy rahbari Ahmadjon To‘xtayevlarga yuzlandim.

– Jamoa tashkil topganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, – deydi bo‘lim mudiri N. Hakimov.

– Bu jamoani tuzish fikri kimlarda va qachon paydo bo‘ldi? Ahmadjon, siz bir nima demoqchisiz-a?

– Ha, bu ezgu fikr 2016 yilda vujudga keldi. Norqo‘chqor Ergashevich ikkalamiz o‘ylab, bir to‘xtamga kelgach, xodimlar bilan hamfikr yo‘l tutdik. Yangilik ularga ham ma`qul keldi. Shundan “O‘tov” faoliyatini boshladi. Dastlab Oybahor Almonova (marhum), Narzulla To‘rayev, Gulchehra Boboyeva, Salomat Nurmamatova, O‘rol To‘raqulovlar jamoada faol bo‘lishdi.

– Folklor-etnografik xalq havaskorlik jamoasi unvoni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan beriladi. “O‘tov”ga ham vazirlik tomonidan 2020 yil 12 yanvar kuni 1-sonli qaror bilan shunday daraja berildi, – deydi suhbat chog‘ida bo‘lim mudiri N. Hakimov. – Bu e`tibor bizni yanada ruhlantirdi, izlanish, o‘rganishda davom etyapmiz. Badiiy rahbari A. To‘xtayev, musiqa rahbari Sh. G‘afforov, raqs o‘rgatuvchilar D. Xoliqova va K. Mardayevlar jamoa jonkuyarlari sifatida hurmatga loyiq. Ular K. Hakimova, S. Qudratova, O‘. To‘raqulov, M. Xo‘janazarov,  I. Mahkamov, S. Xoliyorova,  A. Rixsiyev kabi ishtirokchilar bilan astoydil ishonib borishadi.

– “O‘tov” jamoasining yutuqlari ko‘paygandan ko‘payib boryapti. 2019 yil “Baxshichilik san`ati” Xalqaro festivalda muvaffaqiyatli qatnashdi. YUNESKO tomonidan tashkil etilgan “Boysun bahori” Xalqaro folklor ochiq festivalida 3 marta ishtirok etib, dovrug‘ taratdi. Yana aytmoq o‘rinliki, Samarqand shahrida o‘tkazilgan Xalqaro samitda ishtirok etishga kelgan davlat boshliqlarini kutub olish marosimida Surxoncha kuy-qo‘shiqlar ijro etib, quvonch ulashdi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

“O‘tov” she`ri ijodkor Husan To‘lboyev qalamiga mansub. Jamoa har safar sahnada ushbu she`rga mos qo‘shiqni aytadi, tomoshabinlar qalbiga yo‘l topadi, xalq e`tiborini qozonadi.

                         O‘TOV

Bobolardan meros qolgan kashonam,

Elimizga bo‘lgan asl boshpanam.

O‘tmishimiz esga solgan, o‘tovim,

Tarifiga etmas mening maqtovim.

Keragasi ona yerda joylashgan,

Momalarim tizma bilan bog‘lashgan,

Chang‘arog‘i o‘qlovlarga o‘rnashgan,

Qarasangiz osmon bilan bo‘ylashgan.

Gir atrofi chiylar bilan o‘ralgan,

Chiylar o‘zi mohir qo‘lda yasalgan.

Usti boshin kigiz bilan yopishgan.

Kashta tikib, bezash yo‘lin topishgan.

Bahor kelsa qir-adirda tikilgan,

Atrofida qo‘y-qo‘zilar boqilgan.

Xalqimizga tayanch bo‘lgan o‘tovim,

Yaylovlarga ziynat bo‘lgan o‘tovim.

Ha, “O‘tov” katta yo‘lga chiqan! Yutuqlari va muvafaqqiyatlari ortib boradi. El – daryo ortidan suzib, olqish olib boradi. Tomoshabinlar qalbiga quvonch olib kiradi.

Yaylovda ko‘rdim, “O‘tov”,

Ahmadjon mingan, bedov.

Jilov mahkam qo‘lida,

Tulpor bo‘lsa-da, asov.

           O‘rol ABRAYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a`zosi, shoir