AVTOMOBIL MOJAROSI JAVOBGARLIK KELTIRDI

O‘zgalar mulkini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritish firibgarlik ekanligi hech kimga sir emas. Xalqimiz bu noto‘g‘ri xatti-harakatning o‘rniga insonlar fazilatlaridagi hallollik, mehnat qilib manfaatdor bo‘lishni xohlaydi. Shunga qaramasdan odamlar orasida qing‘ir ishga qo‘l uruvchi kimsalar uchrayotganligi afsuslanarli.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi 2023 yil 1 iyunda o‘z binosidagi ochiq sud majlisida shunday firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. 1985 yil 17 yanvarda Angor tumanida tug‘ilgan, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Jiydali” mahallasida yashovchi F. P. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) surunkali ravishda jinoyatlarni sodir etgan. U 2021 yil sentyabr oyida avvaldan tanishi “Navbahor” mahallasida yashovchi qarindoshi B. M.ning (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) uyiga bordi. Unga tegishli, fuqaro V. R. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) nomiga rasmiylashtirilgan “Neksiya” rusumli 75L899HA davlat raqamli belgili avtomashinani 60 000 000 so‘mga sotib olishini aytgan. Pullarni 2022 yil sentyabr oyiga qadar to‘lashini va`da qilib, ishonchiga kirgan. Avtomashinani olib ketgan. Pullarni kelishilgan vaqtda mashinani sotgan kishiga bermasdan moddiy zarar yetkazgan.

         O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek firibgar jinoyatni takroran sodir etishga yo‘l qo‘ygan. 2022 yil 9 iyulda “Chayontepa” mahallasida yashovchi A. R.ning ( ismi, familiyasi o‘zgartirildi) mulkini o‘zlashtirish uchun uyiga bordi. Uning 5 bosh qoramolini 43 000 000 so‘mga sotib olishga kelishdi. Unga ham pullarni 2022 yil sentyabr oyiga qadar berishini aytdi. Mollarni olib ketib, sotdi. Bu pullarni mollarning egasiga bermasdan shaxsiy ehtiyojlari uchun sarfladi.

         Sud jarayonida sudlanuvchi, fuqaroviy da`vogarlar, guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglandi. Turli manzillarda yashovchi fuqarolarga sotilgan avtomashina va mollar bir fuqaroga tegishliligi, uning  uyida besh-oltita avtomashina va 10-15 ta qoramol borligi, fuqarolar orasida ma`lum miqdordagi pul, mahsulot oldi-berdisi bo‘lganligi ham aytildi. Firibgarlik jinoyatini sodir etgan sudlanuvchi aybiga qisman iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek, barcha zarur dalillar asosida  uning qora qilmishlari fosh etildi. U aybli deb topilib, sutkaning kech soat 21:00 dan ertalab soat 6:00 ga qadar yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

                                                                                                    SH. AKRAMOV,

                                                                       Qumqo‘rg‘on tumani prokurori

 TARTIB-INTIZOMNI BUZMANG

Ijtimoiy hayot va kundalik turmush kechirish jarayonlari, jamoat joylari, insonlar faoliyati bilan bog‘liq barcha jabhalarda tartib-intizom masalasi asosiy o‘rin tutadi. O‘zaro ish munosabatlarini amalga oshirishda muomala madaniyatiga rioya qilish zarur. Suhbat, tartibni saqlash me`yorlari buzilsa ko‘ngilga yoqmagan holat yuz beradi. Bunga misol sifatida Qumo‘rg‘on tumanidagi “Pastxam” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ishtirokidagi rahbarlikka xos bo‘lmagan xatti-harakatlarni olib qaraylik. Mahalla yoshlar yetakchisi J. T. ( ismi, familiyasi o‘zgartirildi ) shu mahallada yashovchi ishsiz, Rossiya Federasiyasidan 2022 yil oktyabr oyida qaytib kelgan fuqaroni tuman “Suvoqava” tashkilotiga ishga joylashtirish uchun kam ta`minlanganligi haqida dalolatnoma olish maqsadida mahalla raisi U. D. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) bilan uchrashgan. Usha vaqtda  ya`ni 2023 yil 4 fevralda mahalla raisi mahalla faollari bilan uyma-uy yurib aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazayotgan. Mahalla raisi yoshlar yetakchisiga boshqa ishsiz yoshni topishni aytgan. Yoshlar yetakchisi esa “bo‘lmasa siz nomzod toping, siz aytgan yoshning nomzodini beramiz” degan. Rais “Men ishsiz nomzodni topsam, sen nima ish qilasan, nima uchun oylik olayapsan” deya uning ish faoliayatidan norozi gaplarni aytgan. Yoshlar yetakchisi lavozimiga xos bo‘lmagan xatti-harakatlarni sodir etib raisning kurtkasining yoqasidan ushlab, idoraga borib gaplashish va dalolatnoma berishini talab qilgan. Unga jismoniy kuch ishlatib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda sudda javob berishiga to‘g‘ri keldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi 2023 yil 5 iyunda o‘z binosidagi ochiq sud majlisida  bu junoyat ishini ko‘rib chiqdi. 1989 yil 6 dekabrda Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan sudlanuvchi aybiga to‘liq iqrorligini bildirdi. Sudda jabrlanuvchining ko‘rsatuvi, kasalxona xabarnomasi, sud-tibbiy ekspertizasining 2023 yil 8 fevraldagi 34-sonli va 2023 yil 17 martdagi 161-sonli qayta ekspertiza xulosalari va boshqa hujjatlar asosida bezorilik jinoyati to‘liq isbotlandi. Bu holatni sodir etgan fuqaro aybli deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari, ya`ni 9 000 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

                                                                   A. XURRAMOV,

           Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining katta yordamchisi

   O‘G‘RILAR QO‘LGA TUSHDI

Xalqimizda “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi” degan maqol tarbiyaviy ahamiyatga ega. Yana “Yaxshi otga bir qavchi, yomon otga ming qamchi” maqoli ham aytilganda insonlar ham o‘ziga kerakli xulosani chiqaradi. Yaxshi gapning tengi bo‘lmay, o‘g‘irlik ko‘chasiga kirgan kimsa esa qilmishiga yarasha jazolanadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi 2023 yil 12 iyunda o‘z binosidan Termiz shahar 9-sonli tergov hibsxonasi bilan videokonferensaloqa rejimida ochiq sud majlisida fuqaroning o‘g‘irlik jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Qilmishlariga yarasha muqadam bir necha marta sudlangan 1992 yil 11 iyulda Tojikiston Respublikasida tug‘ilgan, oilali, farzandli ota X. R. ( ismi, familiyasi o‘zgartirilgan ) to‘g‘ri xulosa chiqarmay o‘g‘irlik ko‘chasiga kirdi. Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Yangi avlod” mahallasida yashovchi bu fuqaro avval 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa ham o‘ziga tegishli ijobiy xulosa chiqarmadi. O‘zgalar mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish – o‘g‘irlikka yuz burdi. Xafvli residivistga aylanib, Qiziriq tumanidagi “Yangiobod” mahallasida yashovchi sherigi T. D. ( ismi, familiyasi o‘zgartirildi ) bilan og‘ir turdagi jinoyatni sodir etdi.

Inson borki, jamoat transporti, taksi xizmatidan foydalanib uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qiladi. Bu qulaylikdan g‘araz maqsadda foydalanish esa xato ekanligini hali ayrim kimsalar tushunib etgani yo‘q. Shu jinoyat ishiga aloqador sheriklar Toshkent shahrida qurilish ishlarida ishlagan,  Termiz shahriga qarab yo‘lga chiqqan, ammo ularni ishga chaqirgan odam telefon qo‘ng‘rog‘iga javob bermagan. X. R. ( ismi, familiyasi o‘zgartirildi ) ilojsiz holda birinchi xotiniga qo‘ng‘irog qilganida u “Qumqo‘rg‘onga keling, taksi pulingizni beraman” dedi. Ular tungi soat 2:00 da aytilgan joyga kelganida ayol ham telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bermadi. Taksi haydovchisi esa kira haqini olish uchun ularning 700 000 so‘m beraman degan ovozini telefoniga yozib oldi. Jinoiy sheriklar shundan so‘ng o‘g‘irlikka qo‘l urdi. “Yangi avlod” mahallasidagi tanishining uydagi qo‘yxonasidan ikki bosh qo‘yini kechasi o‘g‘rladi. Bu qo‘ylarni “Boymoqli” mahallasidagi molbozorga olib borib notanish kishiga 3000000 so‘mga sotdi. Taksichiga 700000 so‘m pullarni paynet vositasida plastik kartasiga tushurib berdi. Qolgan pullarni ikkalasi teng bo‘lib oldi. So‘ngra Toshkentga ish joylariga qaytib, pullarni shaxsiy ehtiyojiga sarfladi.

Qilmish qidirmish kimsalar odil sud oldida javob berdi. Qumqo‘g‘on tumanidagi “Yangi avlod” mahallasidan X. R.ga (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Qiziriq tumanidagi “Yangiobod” mahallasidan T. D.ga (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, qamoqda saqlangan har bir kuni hisobga olinib, jazo muddati qisqartirildi.

                                                                                      O. ERGASHYEV,

             Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudi raisi