YANGI O‘ZBEKISTONDA YASHAB, ISHLAMOQ ZAVQI

Mamlakatimiz mustaqilligiga 32 yil to‘lyapti. O‘tgan davr mobaynida juda katta tarixiy voqiyalar, ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Men 70 yoshdaman. Kasbim bolalar vrachi.

1972 yili tumandagi 7-maktabni tugalladim. Shu yili Toshkent shahrida O‘rta Osiyo pediatriya instituti ochilgan ekan. Ushbu oliygohga hujjat topshirib, imtihonlardan yaxshi baholar bilan o‘tdim va talaba bo‘ldim. Bilim dargohida ustozlardan 6 yil tahsil oldim. Keyin bolalar vrachi mutaxassisligi bo‘yicha diplom sohibi bo‘lib, ona qishlog‘im Yangiyerga qaytdim. Ishlar ko‘p, hayot qaynar edi. Ammo, biz ish boshlagan 1-tuman shifoxonasida xonalar tor, ba`zan bemorlarga karavot yetishmasdi. Elektr tokining tez-tez o‘chishi, xonalarning yozda issiq, qishda sovuq bo‘lishi juda achinarli edi. Bemorlar oldida bizlar to‘g‘risi hijolat ham bo‘lardik…

Bugun insonlar quvonadigan damlar ham keldi. Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz, – degan hayotbahsh so‘zlarning amaldagi isbotini ko‘rib barchamiz yaratganga shukronalar aytmoqdamiz! Endi chindan astoydil ishlamoq, yashamoq, el dardiga darmon bo‘lmoq zamoni keldi. Bundan 30-35 yil ilgari og‘ir ish sharoiti ortda, tarixda qoldi. Yorug‘ va shinam xonalarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayapmiz. Ishlashimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Poliklinikamiz binosi qayta mukammal ta`mirlanib, avvalroq foydalanishga topshirilgan edi. Avval tuman markaziy tug‘riqxonasi ta`mirlanib, foydalanilgani sababli bizning joyimiz vaqtincha ularning ixtiyoriga berilgandi. Endilikda hammasi joyiga tushdi. O‘z ishxonamizda yangicha ishtiyoq va yaxshi kayfiyat bilan faoliyat ko‘rsatayapmiz. Tibbiy xizmat sifati ham sharoitga yarasha bo‘layapti.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimanki, yosh kasbdoshlarimga havas bilan qarayman. Ular O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasida hayotga tanbiq etilgan, Yangi O‘zbekiston barpo etilayayotgan unutilmas va tarixiy kunlarda o‘z faoliyatlarini boshlamoqdalar! Ular Yangi O‘zbekistonda yashab, ishlamoq zavqini qalbga joylashtirganlar. Yo‘lingiz yorug‘, qalbingiz toza bo‘lsin yangi jamiyat bunyodkorlari – yoshlarimiz, degim keladi!

                                                                                        O‘rol ALLAYOROV,

Qumqo‘rg‘on tumanidagi 101-oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokori