Vijdon erkinligi

O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining (1995 yil 21 dekabr) 131-moddasiga ko‘ra Ro‘za hayiti (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni bayram kuni sifatida belgilansin.                                                                                                                                         

Shu kunlari yurtimizdagi barcha jome masjidlarda erta tongdan musulmonlar yig‘ilib hayit namozini o‘qiydilar, namozdan so‘ng keksa va beva-bechoralar, qariya va kasalmandlar holidan xabar oladilar, sovg‘a-salomlar ulashadilar. Yurtimizdagi barcha jome masjidlar O‘zbekisnon Respublikasi Konstitutsiyasi qonunlariga muvofiq qayta ro‘yxatdan o‘tdilar.

 Ularga masalan: Islom Universiteti, Islom Instituti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini muvoffaqiyatli bitirgan, ilmli yoshlar imom hatiblik lavozimiga tayinlandi. Xalqimiz emin-erkin ibodatlarini ado qilishlari uchun masjidlarga elektr toki, tabiiy gaz va telefon tarmoqlari bilan ta’minlangan. Masjid binosi, tahoratxona, qoravulxonalargacha o‘zimizni milliyligimizni bildirib turuvchi va jahon talablariga javob beruvchi qulayliklar yaratilgan.

Xalqimizni ma’naviyatli, iymon-e’tiqodli bo‘lishligi uchun turli xil tele ko‘rsatuvlar, radio eshittirishlar orqali tushintirish ishlari olib borilmoqda. Yurtimizdagi nashriyotlarda, hidoyat jurnali, Islom nuri gazetasi va Imom Buhoriy saboqlari jurnaliga o‘xshash diniy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy nashrlar chop qilinib keng ommaga taqdim qilinmoqda.

Bu nashrlarda chop etiladigan hodisalar Jahonda va yurtimizda borayotgan eng muhim voqealar, diniy va dunyoviy fanlarga bo‘layotgan yangiliklar, turli xil oqimlar haqida olimlarimizni ilm yo‘lida olib boradigan turli xil tadqiqotlari, yosh olimlarimizning ilmiy ishlaridan lavhalar, Qur’oni karim oyatilari tafsir va ma’nolariga sharhlar, Payhambarimiz Muhammad (s.a.v) hadislari, sahobayi kiromlar hayotlari, yurtimizda ijod qilib o‘tgan allomalarimiz merosidan lavhalar keng yoritilib boriladi.

Vatanimizda barcha joylarda islohotlar davri boshlanib ketdi. Shu yurtda yashovchi barcha shaxslar kichik tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik, kichik biznes, fermerlik va barcha sohalari jadallik bilan  taraqqiy etib bormoqda.

Xalqimizning turmush tarzi, yashash sharoitlari yaxshilanib bormoqda, yurtdoshlarimizni moddiy va ma’naviy ehtiyojlari, sihat-salomatligini yahshilash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Darhaqiqat yurtboshimizning kuyunib aytgan gaplari har bir insonni mushohada qilishga chorlaydi. Chunki mustabid tuzum davrida milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz toptalgan edi. Mustabid tuzum davrida kommunistik mafkura hukm surgan edi. Bu mafkura o‘z oldiga dahriylikni, ya’ni xudosizlikni maqsad qilib qo‘ygan edi. Shuning uchun bu mafkura bizning muqaddas dinimizga chang soldi. Insonlarni qalbidan xudoning yodini o‘chirmoqchi bo‘ldi. Bizning shonli tarihimizdan judo qilmoqchi bo‘ldi. Tarixiy obidalarimiz bo‘lgan muqaddas qadamjolarni, madaniy meroslarimizni vayron qilishlikka harakat qildi. O‘sha mash’um yillarda ko‘pchilik, hatto janoza marosimlariga borish, yaqin kishisini yo‘qotgan odamlardan ko‘ngil so‘rashga ham hayiqib, qo‘rqib qolgan edi.

Kimning agar namoz o‘qishligi ma’lum bo‘lib qolsa o‘sha zahoti ishdan haydalib unga chora ko‘rilar edi. Ba’zi mas’ul lavozimda ishlaydigan odamlar mafkura tazyiqdan yurak oldirib, ota-onasi qazo qilganda dafn marosimlarida ishtirok etmaslikka ham majbur bo‘lgan edi.

Alhamdu lillah, Allohga shukrlar bo‘lsinki yurtimiz O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishdi. Muhtaram yurtboshimiz Islom Abdug‘anievich Karimovning sa’y-harakatlari bilan biror kishining burni qonamasdan mustaqil bo‘ldik. O‘zbek tilimizga davlat tili maqomi berildi. Dinimizga ochiq-oydin amal qiladigan bo‘ldik.

Muqaddas dinimizga bo‘lgan munosabat ijobiy tomonga o‘zgardi. Sobiq sovet tizimining dinga ateistik hujumkorlik siyosatiga barham berildi va vijdon erkinligi qonun orqali kafolatlandi.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun 1991 yilda qabul qilingan bo‘lib, 1998 yilda yangi tahrirda qabul qilindi.

Xo‘sh, biz “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun asosida qanday afzalliklarga erishdik?

Eng avvalo, muqaddas Qur’oni karim va payhambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v) ning hadislarini emin-erkin o‘qib o‘rganish sharafiga muyassar bo‘ldik. Bu shunday katta saodatki, mo‘min-musulmonlarimiz bunday kunlarga yetkazganligi uchun Allohga shukronalar aytmoqdalar.        

                      M. Aliev,

“Ahadxon” jome masjidi imomi