1.      “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–316-son, 27.09.2023 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, tadbirkorlarga, ularning xohishiga ko‘ra, 2018–2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun tuzilgan bitimlarga muvofiq ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddatini 2024 yil 1 oktabrgacha uzaytirishga ruxsat etildi.

Bunda:

-imtiyozli davr davomida tadbirkorlar tomonidan kredit bo‘yicha faqat foiz to‘lovlari amalga oshiriladi;

-imtiyozli davrda to‘lanishi lozim bo‘lgan asosiy qarz bo‘yicha to‘lovlar kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanadi.

Davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar loyiha tashabbuskorlariga quyidagi tabaqalashtirilgan foiz stavkalarida va shartlarda ajratiladi:

-Toshkent shahrida – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo‘yicha;

-Nukus shahri, viloyatlar markazlari va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka bo‘yicha;

-tumanlarda – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka bo‘yicha.

                                                                       R. Sultanov,

                                           tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i     

2.      Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–869, 27.09.2023 y.) bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, Kodeks quyidagi boblar bilan to‘ldirildi:

-Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (55-bob);

-Sudning hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish (56-2-bob).

Shunga muvofiq:

-Sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida tekshirilishi mumkin.

-Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda prokuror ishtirok etadi.

-Sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki o‘ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshiradi.

-Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir.

-Agar shikoyatda yoki protestda og‘irroq jinoyat to‘g‘risidagi qonunni qo‘llash zarurligi haqidagi, jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa o‘zgarishlar haqidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga faqat u qonuniy kuchga kirganidan keyin 1 yil ichida yo‘l qo‘yiladi.

-Hukm chiqargan sud jinoyat ishi taftish instansiyasi sudiga yuborilganligi to‘g‘risida tegishli shaxslarni 3 sutka ichida xabardor qiladi.

Qonun bilan shuningdek, hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddatlari 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartirildi.

Shuningdek, sud hukmi, ajrimini va qarorini ijro etish chog‘ida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish to‘g‘risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat berish va xususiy protest bildirish tartibi belgilandi.

Qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

                                                                       S.Mengliqulov,

                               tuman adliya bo‘limi YuXKM boshlig‘i