Uch avlod uchrashuvi – shukronalik nashidasi

Hozirda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu g‘oya ostida tashkil etilgan uch avlod uchrashuvi doirasidagi rang-barang tadbirlar mamlakatimizda bo‘layotgan ishlarning amaldagi ifodasi deyish mumkin.

Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz hayot yo‘li, ularning boy tajribasi – yoshlarga o‘rnak. Shu boisdan ham tumanlar bo‘ylab o‘tayotgan samimiy uchrashuv va suhbatlarda mamlakatimiz miqyosida bo‘layotgan tarixiy o‘zgarishlar asosiy mavzu bo‘lmoqda.

Tumanimizdagi “To‘maris” tantanalar saroyida tashkil etilgan bayram tadbiri avvalida tuman hokimi A. Normamatov, O‘zbekiston Qahramoni, senator S.Turdiyev, mehnat faxriysi N.Choriyev, senator Orziqul Soatovlar tomonidan yurtimiz hayotida ro‘y bergan tub o‘zgarish va yutuqlar, tumanimiz markazi qiyofasi yangidan chiroy ochgani, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sport sohalaridagi salmoqli ishlar haqida so‘z bordi.

Barcha sohalarga xos o‘zgarishlar ta’lim-tarbiya yo‘nalishiga ham xosdir, deydi uzoq yillar hokimlik vazifasida ishlagan Ustoz mehnat faxriysi N.Choriyev. Bugungi kunda maktablarimizda yaratilgan sharoitlarni biz bir umr orzu qilganmiz,- deya ta’kidlaydi mehnat faxriysi Jo`ra Mengliboyev.

Hayot sifati va turmush tarzi nafaqat markaz, balki uzoq, chekka va chegaradosh qishloqlarga ham kirib bormoqda.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan ko‘pni ko‘rgan nuroniylar xalqimiz hayoti va turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yuborgan ko‘plab ezgu ishlar, hayotimizning yorug‘ mahzani bo‘lmish barqaror rivojlanish va turgan gapki, kelajakni barpo etishda yoshlarning o‘rni va mavqei qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘zlarining qimmatli maslahatlarini berishdi.

Bugun keksa-yu yosh barcha yurtdoshlarimiz ko‘nglida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yakdillik borligi shubhasiz. Binobarin, yurtimizdagi ulkan o‘zgarishlar voha yoshlari qalbida katta ko‘tarinkilik uchun ilhom manbai bo‘lmoqda.

Madaniyat, ma’naviyat inson qalbi va ongi toza hamda go‘zal bo‘lishi garovi. Yangilanishlar silsilasida mazkur sohalar ham yangi sifat bosqichiga chiqdi. Tumanlar markazlari, qishloqlarda ko‘plab yangi madaniyat va san’at saroylari paydo bo‘ldiki, bu qishloq ahli ma’naviy hayotiga o‘zgacha ma’no-mazmun baxsh etayotir.

Barcha orzularimizga qanot bo‘lgan Mustaqillik tushunchasi bugun tom ma’noda avlodlar o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlash, ezgu an’analarni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish uchun ustuvor kafolat hamdir. Uch avlod uchrashuvida yangragan Ona Vatan va inson qadri haqidagi jonbaxsh qo‘shiqlar barchaning qalbidagi eng ezgu tuyg‘ularni jonlantirib, yangi-yangi maqsad-manzillar sari rag‘bat bag‘ishladi.

Rayhon Mengziyayeva