Shirin og‘u yohud shaker va unung salbiy ta`sirlari

Yoz fasli kelishi bilan  xonadon bekalari qishki tadorikni boshlab yuborishadi. Sarxil mevalardan murabbo, kompotlar tayyorlashadi va bularni tayyorlashda kerak bo‘ladigan asosiy mahsulotlardan biri shakardir.

Biz sevib iste`mol qiladigan shakarning vatani Hindiston bo‘lib keyinchalik arab mamlakatlari orqali g‘arbgacha yetib borgan.

Dastlab shakar shakarqamish sharbatidan olingan, keyinchalik esa uni qand lavlagidan tayyorlaydigan bo‘lishdi. Hozirgi kunga kelib jahonda shakarning 40 foizi qand lavlagidan va 60 foizi shakarqamishdan olinmoqda.

Xo‘sh, shakarning organizmga qanday foydalari bor?

Bu mahsulot energiya manbai, u organizmda glyukozaga aylanib energiya uchun sarflanadi.  Shakar kayfiyatni ko‘taruvchi gormon (serotonin) ishlab chiqilishini rag‘batlantiradi va bosh miya hujayralarning oziqlanishini ta’minlaydi.

Shakarning foydasi bilan birgalikda organizmga zarari ham anchagina.

Doimiy ravishda me’yordan ortiq shakar qabul qilish organizmda glikogen zahirasini oshiradi, u yog‘ to‘qimasiga aylanadi,  ortiqcha vazn yig‘ilishiga olib keladi.

Shakar iste’mol qilinganda qonga tez so‘rilib, glyukoza miqdorini birdan oshiradi, bunga javoban oshqozon osti bezi qo‘shimcha ravishda insulin ishlab chiqara boshlaydi va glyukoza miqdorini tezda tushiradi, bu o‘z navbatida bosh miyada ishtahani ochuvchi hujayralarni qo‘zg‘atadi. Oqibatda ishtaha oshadi va soxta ochlik hissini paydo qiladi, kishi doimiy ravishda meyoridan ko‘p ovqat va shirinlik iste`mol qila boshlaydi.

Oqibatda qonda doimiy insulin miqdorining oshishi surunkali qandli diabet kasalligini yoki yurak miokardi infarktini kelib chiqishiga zamin yaratadi.

Ko‘p miqdorda va uzoq muddat shakar iste’mol qilish terida ajinlar paydo bo‘lishini tezlashtiradi. Chunki shakar teri qoplamasining kollageniga ta’sir qilib uning elastikligini pasaytiradi. Ikkinchidan, shakar erkin radikallar chaqirishi oqibatida organizmning ichki hujayralari nobud bo‘ladi.

Shakar yurak mushaklariga nojo‘ya ta’sir o‘tkazadi, tiamin miqdorining kamayishi yurak mushaklarida distrofik o‘zgarishlarga hamda tomirdan tashqari suyuqlik to‘planishiga olib keladi.

Shuningdek shakar organizmdagi kalsiyni yemiradi, natijada suyaklar va bo‘gimlardagi turli kasalliklarga olib keladi.

Immunitetni pasaytiradi

Qonda shakar miqdori qanchalik yuqori bo‘lsa, immunitet shunchalik past bo‘ladi. Shakar ayrim hollarda venoz qon tomirlar varikoz kengayishini keltirib chiqaradi, ko‘z ko‘rish qobiliyatini pasaytiradi, o‘t pufagida tosh hosil bo‘lishi va homiladorlarda toksikozga olib keladi, shuningdek endokrin, asab, buyrak, hazm, suyak va bo‘g‘im a’zolariga salbiy ta’sir ko‘rsatib ko‘pgina kasalliklar kelib chiqishini tezlashtiradi.

Shakardan tayyorlangan sun’iy shirinliklarni bolalar xush ko‘rishadi va ko‘p iste’mol qilishlari tufayli og‘iz bo‘shlig‘ida bakteriyalar ko‘payadi, natijada bodomcha bezlar tez-tez yallig‘lanadi. Bakteriyalarning ko‘payishi og‘iz bo‘shlig‘ida kislotalik muhitini oshiradi, bu esa tish emalini buzilishiga, ya’ni tish kariyesi rivojlanishiga olib keladi. Shakar ko‘p iste’mol qiladigan bolalarda tishlari kasallanib va to‘kilib ketishi juda ko‘p uchraydigan holat. Jahon sog‘liqni saqlash qo‘mitasining bayonot berishicha sog‘lom kishi uchun bir kunlik shakar iste`moli 12 choy qoshiqdan oshmasligi kerak. Biroq bugun hatto biz shakarsiz deb o‘ylagan mahsulotlarning tarkibida ham shakar mavjud.

Shakarsiz, aniqrog‘i shirin mahsulotlatsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Unda nima qilish kerak shakarning o‘rnini tabiiy asal, meva va sabzavotlar bilan to‘ldirish lozim.Shakarli mahsulotlarni  imkon qadar  kamroq iste`mol qilish kerak. Zero, kishi sog‘lom bo‘lsagina hayotning go‘zalliklarini ko‘ra oladi, bugunidan mamnun bo‘ladi.

                 Mohichehra

                Qulmurodova,

O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti 3-bosqich talabasi