SHARTNOMAVIY MUNOSABATLARGA OID NIZOLARNI SUDDA KO‘RISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI                               ANNOTATSIYA

Shartnomaviy munosabatlarga oid nizolarni hal etish bu nizolarni hal etishning turli muqobil usullaridan foydalangan holda taraflar o‘rtasida muammoni bir necha bosqichda ko’rib chiqishni anglatadi. Nizoni hal etishda turli muqobil usullar samara bermagan holatlarda oxirgi qadam sifatida ishni sudda ko‘rib chiqish qoida o‘rnida qabul qilingan. Nizoni ko‘p bosqichli hal etish ketma-ketligi odatda muzokara, mediatsiya, ekspert aniqlash va hakamlik sudi bosqichlaridan iborat. Ko‘p bosqichli tarzda nizolarni hal etish erkin iqtisodiy zonalar hududida yuzaga kelgan nizolarda ham qo‘llanishi mumkin.

                 MUHOKAMA

Shartnomaviy munosabatlarga oid nizolarni sudda hal etish tizimining o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, agarda bir muqobil usul yordamida nizo hal bo‘lmasa boshqa usullarni qo‘llash mumkin.  Bir necha muqobil usul vositasida ham nizo hal bo‘lmasa tomonlarda yakuniy tarzda arbitrajga murojaat qilish huquqi saqlanib qoladi. Boshqacha qilib aytganda, ushbu jarayon eng jiddiy tusdagi nizolarni sudga o‘tkazishga imkon beruvchi filtr vazifasini ham bajaradi. Nizoni bir necha bosqichda hal etishni nazarda tutuvchi shartnoma shartlarini qo‘llash so‘ngi yillarda turli sohalarda sezilarli ravishda o‘sib bormoqda. Bunday shartnomalar sirasiga bir qancha tijorat kelishuvlari, xizmat ko‘rsatish, qurilish, pudrat kabi shartnomalarni keltirish mumkin.

Nizolarni nafaqat davlat sudlari (fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, iqtisodiy sudlar), balki  hakamlik sudlari vositasida hal qilish ko‘lami ham tobora kengayib bormoqda. Bunga sabab hakamlik sudlarida nizolarni ko‘rishning quyidagi afzallik jihatlari mavjudligidir: taraflarda sudyani mustaqil tanlash imkoniyati mavjudligi;  nizolar bitta instansiyada hal etilishi; ish ko‘rish qisqa muddatlarda amalga oshirilishi; hakamlik sudi xarajatlari nizolarni iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rish va hal etish uchun ketadigan sud xarajatlaridan kamligi;  hakamlik sudi muhokamasi maxfiy va oshkor qilinishi mumkin emasligi; hakamlik muhokamasi taraflarning kelishuviga muvofiq belgilanishi mumkinligiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda nizolarni muqobil hal qilishning  huquqiy asoslarini takomillashtirish, muzokaralar o‘tkazish va talabnomalar yuborish orqali nizolarni hal qilish amaliyotini kengaytirish, mediatsiya markazlarini tashkil qilish, mediatorlarni tayyorlash bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni jadallashtirish,   nizolarni ko‘rib chiqish bo‘yicha hakamlik sudyalari o‘rtasida tajriba almashish, hakamlik sudlari  hal  qiluv  qarorlari  ijrosini ta’minlash  kabi masalalar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

                                     S. JALILOV,

Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri