Qarzni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun jarima miqdori ijro hujjatidagi summadan oshishi mumkin emas

Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilashga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.

 Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra:

– BHMning 10 baravariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun belgilangan muddatda qarzdor tomonidan ijro etmaslik:

– fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 650 ming so‘mgacha);

– mansabdor shaxslarga esa 10 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ilgari jarimaning eng kam miqdori qat’iy belgilangan bo‘lib, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan boshlab jarima qo‘llanilgan.

Shuningdek, ma’muriy jarima summasi ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan oshishi mumkin emasligi belgilandi.

Ilgari bunday norma mavjud emas edi.

Qonunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga endilikda quyidagilar haqli:

– O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari;

– Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari.

Ilgari ma’muriy jazo choralarini qo‘llash davlat ijrochilariga tegishli bo‘lgan.

                                                                                             Olim Xursandov,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

  Davlat granti asosida o‘qish uchun qo‘shimcha 3 000 ta o‘rin ajratiladi

Prezident farmoni  ilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 Prezidentning tegishli Farmoniga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun 2023/2024 o‘quv yilida davlat granti asosida qo‘shimcha 3 000 ta o‘rin ajratiladi.

 Bunda soha va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanib, oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga 2023 yil 20 iyulgacha taqdim etiladi.

                                                                                           Jo‘rabek Imomov,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

    Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy     javobgarlik choralari kuchaytirildi

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:

– Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organiga axborot taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud unga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik:

– fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 10 baravarigacha (990 ming so‘mdan 3 mln 300 ming so‘mgacha);

– mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 6 mln 600 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ilgari: fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravarigacha jarima qo‘llanilgan.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxsi tomonidan xomashyo, tovarlar erkin harakatlanishini va realizatsiya qilinishini hamda xizmatlar ko‘rsatilishini qonunga xilof ravishda cheklash:

– BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (9 mln 900 ming so‘mdan 16 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi;

– Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish yoki maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish vakolatlari yoki ro‘yxatga olish yoxud akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolatlari berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari yoxud yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish:

– BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (9 mln 900 ming so‘mdan 16 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ilgari bunday normalar mavjud emas edi.

                                                                                              Samad Choriev,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

          Konstitutsiyani o‘rganamiz

Konstitutsiyamizning 25-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir.

O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi”, deb belgilangan.

Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqi bo‘lib, u mamlakatda o‘lim jazosini belgilash, tayinlash va ijro etishni qat’iy inkor etadi.

Konstitutsiya mazkur moddasida “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan qat’iy norma mustahkamlanmoqda. Shu tariqa, O‘zbekiston ushbu nihoyatda jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini konstitutsiyaviy norma bilan mustahkamlagan.

                                                                                    Sayfiddin Mengliqulov,

       Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i