Noqonuniy diniy saboq berish qonunga zid

Hozirgi kunda respublikamiz hududlarida aholining islom dinini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida rasmiy tashkilotlar tomonidan yetarlicha shart-sharoitlar yaratib, ularga masjidlarda, madrasa va oliy diniy ta`lim muassasalarida islom ilmlari o‘rgatilayotgan bo‘lishiga qaramasdan ko‘plab fuqarolarimiz yetarli diniy bilimga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan moddiy manfaat orttirish maqsadida tashkil etilgan markazlarda noqonuniy diniy ta`lim olish holatlari kuzatib kelinmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Oqtom” mahallasida yashovchi G.K (ism familyasi o‘zgartirilgan)  o‘z uyida noqonuniy ravishda diniy ta`lim berganligi  aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 26 iyul kuni “Oqtom” mahallsi hududida joylashgan 81-maktabda  G.K ga nisbatan keng jamoatchilik ishtirokida sayyor sud o‘tkazildi. O‘tkazilgan surishtiruv tadbirlari jarayonida, “G.K.” rasmiy hujjatlari bo‘lmagan holda arab tilini o‘rgatish bahonasida noqonuniy ravishda diniy ta`lim berib kelayotgani aniqlangan. Ta`kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga binoan, diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatish, diniy tashkilot tomonidan faoliyatni o‘zi turgan joydan, shu jumladan ibodat qilinadigan binolardan va diniy tashkilotga tegishli hududlardan tashqarida amalga oshirish, shuningdek diniy ta`lim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy ta`lim faoliyati bilan shug‘ullanish ta`qiqlanishi hamda 8-moddasida har kim diniy ta`lim muassasalarida professional diniy ta`lim olish huquqiga ega ekanligi, diniy ta`lim muassasalarida o‘qishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta`lim yoki professional ta`lim olganidan keyin qabul qilinishlari belgilab qo‘yilgan.

Shu munosabat bilan, ushbu fuqarolarning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasida (Diniy ta`limotdan saboq berish tartibini buzish) ko‘zda tutilgan noqonuniy harakatlar mavjud.

Shunday ekan amaldagi qonunchilikka rioya qilish barcha fuqarolar uchun muqarrarligi, diniy ta`lim olish faqatgina rasmiy diniy muassasalarda berilishligi, fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida diniy ta`lim olish mumkin emasligi belgilangan. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning xatti-harakatlari qonun asosida qat`iy  ta`qib qilinadi.

Hurmatli fuqarolar!

Turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatimizda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan qonun-qoidalarga rioya qilishimiz kerak. Farzandlarimizni rasmiy diniy ta`lim muassasalarida ta`lim olishlarini, turli ekstremistik va fundamentalistik shaxslarni g‘oyalari ta`siridan saqlashimiz kerakligini yana bir bora eslatib o‘tamiz.

              A. G‘opporov,

Qumqorgon tuman IIB TQX TQKG katta tezkor vakili kapitan

                 J. Boboyev,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining Qumqo‘rg‘on tumani bosh mutaxassisi