KORRUPSIYA FOYDA KELTIRMAYDI

Jamiyatda shunday illatlar borki, ularning avj olishi nafaqat bugungi, balki kelajak avlod uchun ham tashvish keltiradi. Mansabni suiiste’mol qilish, amalidan boylik orttirish maqsadida foydalanish, poraxo‘rlik – mamlakatni botqoqqa botiradigan, taraqqiyotga to‘siq bo‘ladigan ana shunday illatlardan. Buni anglab yetgan jahonning ko‘pgina davlatlari korrupsiyaga qarshi keskin kurashib, muvaffaqiyatga erishgan.

Prezidentimizning qat’iy talabi tufayli yurtimizda ham mazkur illatga toqatsizlik, unga qarshi ayovsiz kurash olib borilayotganiga qaramay o‘z lavozimiga nomunosib, nafsiga qul kadrlar uchrab turibdi. Xususan, Qumqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Qurbonoy Galimova (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) fuqaro Zarnigor Shodievani aldab, uning ishonchiga kirdi. Unga tumandagi boshqa  maktabgacha ta’lim tashkilotida mudira lavozimi vakantligi, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limidagi tanishlari ishlashligini, ular orqali bu masalani hal qilib berishga va’da qildi. “Beminnat” yordami uchun esa 1500 AQSH dollari berishni talab qiladi. Q. Galimova Z. Shodievani bog‘chaga mudira vazifasiga tayinlatib berish evaziga undan 1500 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qilgan ishidan pushaymon bo‘lib, sudning qora kursisida o‘tirgan Q. Galimovaning tazarrusi kishida achinish uyg‘otsada, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamagani, mas’uliyatli lavozimda bo‘la turib qabih ishga qo‘l urgani, birovning haqidan qo‘rqmagani uning ma’naviy qiyofasi qandayligi haqida tasavvur beradi. Chunki porani o‘z qo‘li bilan olishdan burun ham bu fikrdan qaytishi, o‘zini o‘nglashi mumkin edi. So‘nggi pushaymon esa o‘ziga dushman, xolos. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining hukmi bilan Q.Galimovaga tegishli jazo tayinlandi.

                                                              Baxtiyor Achildiev,

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limi inspektori

“O‘QISHGA KIRITIB QO‘YAMAN!” DEGAN KIMSALAR FIRIBGAR EKANINI NEGA XAYOLIMIZGA        KELTIRMAYMIZ?

Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari yaqinlashgani sari turli “hojatbaror”lar g‘imirlab qolishadi. Ularning maqsadi aniq – abiturient yig‘ish, iloji bo‘lsa, o‘qimagan bo‘lsa-da, puli bor yigit-qizlarni to‘plash. Masalan, imtihon ostonasiga kelgan yigit yoki qizning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib, mo‘maygina mablag‘ni aldov yo‘li bilan oladi. O‘sha abiturientning omadi chopib, o‘qishga kirsa bas, mo‘may pul firibgarning qo‘lida qolaveradi. Ozgina insofi bori esa abiturient o‘qishga kira olmasa, “Uzr, ilojini qila olmadim”, deya pulni qaytarib beradi. Masalaning chatoq tomoni shundaki, o‘sha “hojatbaror” larning ayrimlari o‘qishga kiritish bahonasida kerakli pulni jamg‘aradi-da, juftakni rostlab qoladi. Keyin ularning qorasini yer-u ko‘kdan ham topolmaysiz.

Qahramon Aliev (ism, familiyasi o‘zgartirilgan) ham o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan egallashni maqsad qildi. Universitet hududida o‘zaro suhbat jarayonida tanishib qolgan fuqaro Adiba Xolovaning ukasi Jasur Qurbonovni (ismlar, familiyalar o‘zgartirildi) Termiz Davlat universiteti “Axborot texnologiya” yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da berdi. Masalani ijobiy hal qilish uchun universitetda ishlovchi tanishlariga pul berish kerakligini aytib, A. Xolovani aldab, firibgarlik yo‘li bilan undan 25 million so‘m talab qilib, Sho‘rchi tumanidagi oshxonalarning birida olayotgan vaqtida Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi tomonidan firibgarga 11 million 55 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

                                                     Nurmuhammad Samanov,

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qumqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i

“HOJATBAROR” QO‘LGA TUSHDI

Oliy ma’lumoti bo‘lsa-yu, ma’naviyati bo‘lmasa hammasi bir pul. Zuhriddin Quvondiqov (ism,familiyalar o‘zgartirildi) oliy ma’lumotli, oilali. Bir yigitga beriladigan baxt egasi. Ammo, Zuhriddinning ko‘ngli shukronadan yiroq.

Z. Quvondiqov oyoq kiyimlarni ta’mirlash ustaxonasida navbatda turgan kishilarni ko‘rib hayron bo‘lmadi. Chunki sodda odamlar bilimga emas, aynan ana shunday quyushqonda turmaydigan holatlarga ishonishadi.  Kimdir poyabzalining poshnasi ichiga qo‘l telefonini joylashtirish uchun, yana birovi tuflisi tagcharmini o‘ydirib  shpargalka uchun  joy tayyorlardi… “Eh, bu ishlar foydasiz. O‘qishga kirish uchun”,  Quvondiqov gapini tugatmayoq unga yaqinroq kelgan yigit sekin iymanib so‘radi:

—O‘qishga kirish uchun nima qilsam ekan?..

—Mendan so‘rayapsizmi?

—…

—Qaerga hujjatlaringni topshirding?

— Termiz Davlat Universiteti Axborot texnologiya fakultetiga.

—Juda yaxshi. Men senga yordam berishim mumkin. Bu universitetda o‘qishga kiritishga yordam qiladigan tanishlarim bor. Qo‘l telefonimni yozib ol…….. Faqa..a..at biroz…

—Xarajati bor demoqchimisiz? Kirsam bo‘ldi. Qancha berish kerak?

—     Ko‘p emas, oz emas. 36 million so‘m bersang ishingiz bitadi.

Ko‘ngli ochiq, ishonuvchan yigit uning gapiga “laqqa tushdi”.

Sho‘rchi tumani oshxonalarining birida Z. Quvondiqov kelishilgan mablag‘ni abiturientning opasidan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Birovning ishonchini suiiste’mol qilgan, ta’magirlik yo‘li bilan topgan  mablag‘idan baraka topmadi. Chunki, halol mehnat bilan  topilgan boylik baraka keltirishi, nopok yo‘llar bilan cho‘ntak qappayganda, albatta, obro‘ga putur yetishi ayni haqiqat.

Abiturient yigit o‘qishga kira olmaganligini bilgach, aldanganligini angladi. “Hojatbaror” usta qonun oldida javob berdi. Sud hukmi bilan  jarima jazosiga tortilgan Z.Quvondiqovning ko‘zi bu gal ochildimikan?  Yoxud, “yiqilgan kurashga to‘ymaganidek” qonun bilan bekinmachoq o‘ynab, tag‘in chiranib ko‘rarmikan? Buni vaqt ko‘rsatadi.

                                                       Muhabbat Primqulova,

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi katta inspektori