TALABALAR AMALIYOT JARAYONLARIDA

  OBOD MANZILLAR

Biz hozir so‘z yuritadigan manzil Qumqo‘rg‘on tumani markazidan 20 kilometr uzoqlikdagi Davlatsoy mahallasidir. Bu mahalla shahar markaziga uzoq bo‘lsa ham Prezidentimizning yurtimizdagi olis hududlarni rivojlantirishga qaratilgan “Obod mahalla” dasturi tufayli kun sayin ravnaq topmoqda. So‘zimizning isboti sifatida aytadigan bo‘lsak 2023 yilda ertangi kunimiz egalari bolalarga zamonaviy shart-sharoitlarga ega 31-sonli maktabgacha ta`lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi. 2023 yil 13 martda o‘z faoliyatini boshlagan zamonaviy bino 150 nafar bolaga mo‘ljallangan. Hozirda 142 nafar bola ta`lim-tarbiya olmoqda.

Keling, mana shu maktabgacha ta`lim tashkilotining faoliyatiga kengroq to‘xtalib o‘taylik. Kichkintoylar uchun qurilgan tashkilot ish boshlaganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da bir qancha tadbirlar amalga oshirildi. Navro‘z – umumxalq bayrami, turli sport musobaqalari, “Salom maktab, xayr bog‘cha”, ”Sog‘lomjon polvonjon” singari tadbir dasturlari yodda qoldi. Bolalarning vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli to‘garaklar tashkil etilgan. Musiqa va ingliz tili to‘garaklarida jajji kichkintoylarning ko‘nikmalari oshirilayapti. Kelajakda boshqa turdagi to‘garaklarni ochishni maqsad qilishgan. Bu kabi ishlarning amalga oshirilishida bog‘cha direktori Surayyo Mirzayeva va faol pedagoglarning mehnati beqiyos. Yaratilgan sharoitlarga javoban farzandlarimizdan kelajakda elimizning ishini bajaradigan bilimli insonlar bo‘lishi talab etiladi.                                                      Marjona

           ABDUMURODOVA,

Termiz davlat universiteti Filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi

«TO‘G‘ON»NING TADBIRKOR QIZI

Yoshlarni ish bilan ta’minlashda ularning iqtisodiy mustaqillikka erishishlari va hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida kichik biznes va tadbirkorlik sohasining rivojlanishi eng asosiy omil va manbaa bo‘lib xizmat qiladi. Shu tufayli ham bugungi kunda mamlakatimizda yosh tadbirkorlar va ularning faoliyatlariga jiddiy e‘tibor berilmoqda.

Yurtimizda tadbirkorlik azaldan xalqimizga xos bo‘lgan va jamiyatda yuksak qadrlangan. Xususan, Amir Temur o‘z saltanatida tadbirkorlar, shijoatli insonlarni g‘oyat qadrlagan: “Tajribamda ko‘rilganki, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, jang ko‘rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali bir kishi minglab kishiga ish buyuradi.” Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, xususan, yoshlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.                                                                                                                                                         

Mahallalarda ham yosh tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Qumq‘org‘on tumani «To‘g‘on» mahallasida ham bu borada olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovordir. Mahallada 4080 nafar fuqarolar istiqomad qilishadi, shulardan yoshlar 1072 tani tashkil etadi. Yoshlar orasida o‘z tadbirkorlik faoliyatiga egalari 28 nafardir. Ular o’zlarining kichik bizneslari orqali mamlakatimiz ravnaqiga hissa qo’shishmoqda. Shunday shijoatli, tadbirkor yoshlardan biri  Farog’at Mamatova o‘z uyida issiqxona tashkil etib  o‘zi va oila a‘zolarini qo’shimcha ish va daromad bilan ta’minlamoqda. Farog’at dastlab bankdan issiqxona tashkil etish uchun 33 million miqdorida kredit oldi. Kredit asosida o‘z hovlisidagi 4 sotix yerda issiqxona qurdi va 400 ta pomidor ko‘chati ekdi. Bu yil kuzatilgan sovuq ob-havo  tufayli ko‘chatlarning deyarli 70 foizi nobud bo‘lib, 120 tasi qoldi. Qolgan ko‘chatlarni yaxshi asrab parvarishlagani uchun kutilgan natijaga erishdi. Bahor faslida nobud bo‘lgan ko‘chatlar o‘rniga mahalliy ko‘chatlardan ekdi. Dastlabki ko‘chatlar aprel oyida birinchi hosilga kirdi.  Undan 150 kilogramm pomidor olindi. O‘rtacha hisobda pomidorlarni 10 ming so‘mdan sotdi va 1,5 million so‘m daromadga ega bo‘ldii. Sof foyda 500 ming so‘mni tashkil qildi.  Garchand dastlabki ko‘chatlarning katta qismi nobud bo‘lishiga qaramasdan olgan foydasi ko‘chatlar olish va  mineral o‘g‘itlarga ketgan xarajatlarni qopladi. Ko‘chatlarning qolgan qismi ham hosilga kirish arafasida.  Farog‘at Mamatova o‘z uyida issiqxona tashkil qilish bilan bir qatorda universitet talabasi ham hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da u o‘z g‘ayrati va shijoati orqali bugun o‘ziga ham, oilasiga ham, xalqiga ham manfaat keltirmoqda.

 Yurt kelajagi va taqdiri yoshlar qo‘lida. Qachonki, yoshlar kuchli, zehnli, har sohada ustun bo‘lsa mamlakat gullab-yashnaydi, yuksaladi.

REPETITORLIK -TA’LIMDAGI YANGI JARAYON 

Har bir makon va zamonda ilm-u hunari bor, salohiyatli, zukko insonlar qadrlangan. Hatto ota-bobolarimiz ilm olish, hunar egallash maqsadida tog‘-u toshlar bosib yurt kezishgan. Shu sababli ham qadimdan “Hatto Chinda bo‘lsa ham borib ilm o‘rganib kelinglar” degan hikmat bor.

Jamiyat va davlat taraqqiyoti, kelajagining qanday bo‘lishi ta’limga bog‘liq. Muvaffaqiyat asosini faqatgina ishtiyoq, harakat, qobiliyat emas ilm ham tashkil etadi. Hatto ilm bulardan ustunroq hamdir. Azaliy qonuniyat shu – ilm-fanga suyangan mamlakat hech qachon hech kimga yutqazmaydi, aksincha gurkirab yashnayveradi.  Mamlakat uchun yetuk mutaxassis va kadrlar yetishtirib berishda maktab boshlang‘ich tashkilot rolini o‘ynaydi. Bugun maktablarimizda ta’lim sifati va darajasi kundan-kunga yaxshilanib bormoqda. O‘quvchilar bu yerda ilm olish bilan bir qatorda oliygoh talabasi bo’lish uchun ham harakat qilishadi. Talaba bo‘lish esa ularning harakati hamda ta’lim berayotgan ustozlarining ilm-u salohiyatiga ham bog‘liqdir.

Hozirda maktab o‘quvchilari faqatgina maktab ta’limi bilan chegaralanib qolmay turli repetitorlik kurslariga ham borishmoqda. Bu orqali ular maktabda egallagan bilimlarini mustahkamlash, takrorlash va yana bir karra chuqurroq o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Tumanimizda o‘quvchilar va abiturientlar uchun o‘quv markazlari faoliyat yuritmoqda.  “Vatanparvar”, “Smart Centre”, “Algoritm” singari o‘quv markazlari shular jumlasidandir. Ushbu ta’lim markazlarida o‘quvchilarga ona tili va adabiyot, matematika, fizika, rus va ingliz tillari, kimyo, biologiya, tarix, geografiya singari fanlardan dars mashg‘ulotlari o‘tilmoqda. Shuningdek, bu o‘quv markazlarda ham maktabdagi kabi ma’lum uchun belgilangan tizimda ish yuritiladi. Ularning deyarli barchasida o‘z sohasining yetuk mutaxassislari turli sinovlar orqali ishga qabul qilinib, faoliyat yuritishadi. Mazkur o‘quv markazlarida ta’lim olgan yoshlarning yutuqlari ham yetarlichadir. Xususan, “Smart Centre” ta’lim markazi o‘quvchilari Norqulova Yulduz, Choriyev Nurbek, Xushboqova Barchinoy, To‘xtamishova Nozigullar yaqinda chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikati (B2)larni qo‘lga kiritdilar. Bu yutuq esa barchamizni quvontiradi. Repetitorlik markazlari va ularning faoliyati yoshlarimiz kelajagi uchun o‘z hissasini qo‘shishmoqda.

Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda mamlakatimizda yuqoridagi singari o’quv markazlari ta’lim jarayonining bir qismiga aylanib ulgurishdi desak mubolag’a bo’lmaydi. Bularning barchasi ilm olish va yorqin kelajak uchundir.

    Muxlisa DAVRONOVA,

Termiz davlat universiteti O‘zbek filologiyasi III bosqich talabasi

AYOLLARGA EHTIROM

Ayollar qadrlangan, e’zozlangan yurtda yuksalish bo‘ladi.Yurtimizda xotin-qizlar jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, ehtiyojmand xotin-qizlar uchun “Ayollar daftari” tashkil qilingan.                  

“Ayollar daftari” nima o‘zi? Ayollar daftari  ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasidir. Ushbu daftarga 30 yoshdan oshgan ayollar kiritiladi. “Ayollar daftari”ga quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi.

1. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar.

2. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar. 

3. Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar.

4. Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar.

5. Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar.

6. Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar.                               Tumanimizdagi Azlarsoy mahallasida ham ushbu daftarga kiruvchi ayollar bilan amaliyotlar olib borilmoqda. Azlarsoy mahallasining xotin-qizlar faoli Go‘zal Xurramova mahalladagi  xotin-qizlar bilan suhbatlashib ularning sharoitlarini o‘rganib  “Ayollar daftari”da belgilangan toifadagi ayollar ro‘yxatini shakllantirgan. Mahallada 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar soni 1285 tani tashkil qilib, shundan 166 tasi “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ushbu ro‘yxatda ishsiz ayollar soni 91 tani, tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlar soni 3 tani, boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar soni 18 tani, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar soni 34 tani, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar 19 tani tashkil qiladi. Ularga amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rib chiqilgan. Nogironligi mavjud bo‘lgan ayollar, nogiron farzandi mavjud bo‘lgan ayollar bir martalik moddiy yordam bilan rag‘batlantirilgan. 18 nafar xotin-qizlar ish bilan ta`minlangan. Ulardan 10 nafari “Qumqo‘rg‘on Agro pilla” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga pillani bug‘lovchi lavozimida 2023 yil 7- iyundan ish faoilayatini boshlashgan. 8 nafar ayollar esa o‘zini o‘zi band qilgan. Ayollar, asosan, tikish-bichish, parda tikish, kashtachilik va kosmetologiya sohalarida faoliyat yurita boshlashgan. Jumladan,  Rashidova Ra`no tikish-bishish sohasidagi faoliyatini ushbu yilning 31-mayidan boshlagan, Xudayqulova Mavjuda esa 4-mayidan parda tikish va kashtachilik faoliyatini boshlaganiga qaramasdan buyurtmalari anchagina.

Respublikamizda yaratilgan bu imkoniyatlar, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar va eng muhimi ularga bo‘lgan ishonch tufayli barcha ayollarimiz jamiyat uchun, yurtimizning rivoji uchun kerakliklarini his qilgan holda hissa qo‘shmoqda. 

    Sarvinoz TURDIYEVA,

Ter DU 3-bosqich talabasi