Obod vatanning baxtiyor bolalari

Mamlakatimizda bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida e`zozlanmoqda. Aslida,  o‘zbek xalqi azaldan bolajon xalq. Xalqimiz qaysi din, qaysi millat farzandi bo‘lishidan qat`iy nazar bolalarni ardoqlaydi. Mehr berib, boshini silaydi. Mamlakatimizda bolalar huquq va erkinliklari kafolatlangan,  manfaatlari muhofaza qilingan.

 O‘zbekiston bola huquqlariga oid beshta xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan. BMT ning  Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyada nazarda tutilgan maqsad va  vazifalar hayotga tatbiq etilyapti. Bosh Qomusimiz Konstitutsiyamiz va boshqa qator qonunlar asosida voyaga yetmaganlarning huquqlari ta`minlanmoqda. Jumladan, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Bolalarni  ularning sog‘ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari yurtimizda navqiron avlodni har tomonlama himoya qilish, turli tahdid va ma`naviy hurujlardan asrash, majburiy mehnatga jalb etmaslikka xizmat qilyapti. Bolalarni jismoniy va ma`nan barkamol avlod etib tarbiyalash borasidagi islohotlar hayotimizning boshqa sohalari o‘zaro chambarchas bog‘langan holda tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz  tashabbusi bilan ta`limning birlamchi va asosiy bo‘g‘ini hisoblangan maktabgacha ta`lim tizimi qayta isloh etilyapti. Yangi vazirlik tashkil etilib, maktabgacha ta`lim sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqildi.Ilgari bolalarni bog‘chaga berish bo‘yicha murojaatlar faqat fuqaroning o‘zi kelgan holda haftaning seshanba va juma kunlari qabul qilingan bo‘lsa, mazkur hujjatga  muvofiq, endilikda fuqaro bu masaladagi murojaatlarini davlat xizmatlari  markaziga haftaning xohlagan ish kuni o‘zi borgan holda topshirishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali har kuni, shuningdek, onlayn rejimda topshirish imkoniga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, endi har bir ota-ona maktabgacha ta`lim tashkilotlarining rasmiy veb-sayti orqali mavjud bo‘sh o‘rinlar, anketalar ro‘yxati hamda navbatga kiritilganlar to‘g‘risida ma`lumotlar bilan doimiy tarzda tanishib borishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalarida jahonning turli mintaqalarida kuzatilayotgan nohush manzaralar-bolalar savdosi, ularning  hayotiga tajovuz qilish, zo‘ravonlik, garovga olish, xo‘rlash, hatto ichki organlarini pullash kabi g‘ayriinsoniy hodisalar ro‘y berayotganini ko‘rib ko‘nglimiz xira tortayapti. Xalqaro tashkilotlarning ma`lumotiga qaraganda, dunyoning notinch mintaqalarida so‘nggi o‘n ikki milliondan ziyod bolalar bevosita qurolli to‘qnashuvlar natijasida hayotdan ko‘z yumgan. Minglab bolalar ota-onasiz, boshpanasiz va qarovsiz qolgan. Ayrim davlatlarda bolalar o‘rtasida jinoyatchilik, qotillik,  giyohvandlik, talonchilik, o‘g‘rilik kabi illatlar ko‘payib bormoqda. Ana shunday tashvishli, achinarli voqealar haqida matbuotda o‘qiganimizda, radio va televideniyeda eshitib, ko‘rganimizda ona-yurtimiz – O‘zbekistonda har bir bola e`zoz va e`tibordaligiga shukronalar aytamiz..

                                                                    I. UMAROV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qumqo‘rg‘on tumanidagi Xalq qabulxonasi mutaxassisi