“BOBOLOCHIN”DA JINOYATLAR SODIR ETMANG

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudida ko‘rib chiqilgan ikkita sud majlisi “Bobolochin” mahallasi hududida sodir etilgan sug‘oriladigan yer uchastkalariini o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirgan jinoyatlarga bag‘ishlandi. Shu jinoyatlardan biri “Nurli diyor” mahallasi Beruniy ko‘chasidagi uylarning birida yashovchi L. F. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) tomonidan keltirib chiqarildi.

 U 2015 yilda “Bobolochin” mahallasidagi “Nurli diyor” fermer xo‘jaligini yuritgan. 2019 yilda bu fermer xo‘jaligi tugatilgan. L. F. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) 2015 yildan buyon fermer xo‘jaligi yer maydonining chetki qismidagi yerni o‘zboshimchalik bilan egallab uy qurmoqchi bo‘lgan. “Nurli diyor” fermer xo‘jaligi tugatilgach o‘rniga ”Fazliddinbek Ismoilov” fermer xo‘jaligi 35 gektar maydonda faoliyat ko‘rsatib, paxta va g‘alla etishtirib topshirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. L. F. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) 84q-dala konturidagi yerni shu fermer xo‘jaligiga qaytarib topshirmadi. 2022 yil noyabr oyida bu yerga 8,0×16,0 metr o‘lchamli 6 xonali uyning poydevorini qurdi. 2023 yil 16 yanvarda Kadastr agentligi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi xodimlari borib holatni o‘rganib bu yerda uy qurish mumkin emasligi, beton poydevorni buzish kerakligini tushuntirdi. Biroq fuqaro uyni qurishda xarajatlar qilganligi va uy-joyga ehtiyoji borligi vajidan yerni fermer xo‘jaligiga qaytarib bermadi. Oqibatda sudning qora kursisiga o‘tirib qonun himoyachilarining savollariga javob berdi. Yerni o‘zboshimcha egallab qurilish ishlarini amalga oshirib qasddan jinoyat sodir etgani uchun jazolandi. Unga “Nurli diyor” mahallasidagi yashash uyidan sutkaning kech soat 22.00 dan ertalab 6.00 ga qadar chiqishni cheklashdan iborat 2 yil muddatga ozodlikni cheklash haqida hukm qilindi.

Ikkinchi sud majlisida “Bobolochin” mahallasi Tinchlik ko‘chasidagi uylarning birida yashovchi K. A. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) tomonidan sug‘oriladigan yer uchastkasini o‘zboshimcha o‘zlashtirib, qurilish ishlarini qasddan sodir etgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. U 0,04 gektar yer maydonidan iborat uch xonali uyda oila a`zolari bilan yashagan. 2022 yil aprel oyida N. Mirzayev hududidagi tuman hokimligining zaxirasidagi, qishloq xo‘jaligi xaritasining 51q-dala konturidagi 0,15 gektar suvli yer maydonini o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirgan. Ruxsatsiz 17,0×7,0 metr hamda 4,0×4,0 metr hajmda qurilish ishlarini amalga oshirgan. 4 xonali uyning tom qismini shifer bilan yopgan. Yashash uyining chekkasidagi sug‘oriladigan yer maydonini tomorqasiga qo‘shib olib noqoniniy qurilish ishlarini bajarganligi uchun tegishli tashlilotlarning tekshiruvlariga duchor bo‘ldi. Fuqaroga bu yerga egalik huquqini beruvchi tuman hokimi qarori, kadastr hujjatlari bo‘lmagan. Soliqlarni to‘lamagan. Fuqaro K. A. ga (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) bu turdagi jinoyatni sodir etgani uchun “Bobolochin” mahallasidagi yashash uyidan sutkaning kech soat 22.00 dan ertalab 6.00 ga qadar chiqishni cheklashdan iborat 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Har ikki holatda ham aybdorlarga Qumqo‘rg‘on tuman IIBning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va viloyat hududidan tashqariga chiqmaslik majburiyatlari yuklandi. Hukmlar ijrosini nazorat qilish Qumqo‘rg‘on tuman IIB JXX Probatsiya guruhiga topshirildi.

Xulosa o‘rnida shuni ta`kidlash kerakki, nega “Bobolochin” mahallasi hududida yer maydonlarini qonunlarga zid holda o‘zlashtirish ketma-ket sodir bo‘lmoqda. Fermer xo‘jaliklariga tegishli yerlar umumxalq manfaatlari uchun muhofaza qilinib, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aholi va xalq xo‘jaligiga sarflanadi. Fuqarolarga qonunlar asosida beriladi. Buni to‘g‘ri tushunadigan fuqarolar ko‘p yashayotgan “Boboloshin” mahallasida jinoyatlar nega ildiz otdi? Mahalla ziyolilari va fermer xo‘jaligi a`zolari bu kabi holatlarni muhokama qilib, kamchiliklarni batamom bartaraf etishlari zarur.

                                                            Otabek ERGASHYEV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi

                                                          Zafar JO‘RAYEV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining Devonxona mudiri