NAMUNALI YOZGI OROMGOH      

O‘quvchilarning yozgi ta`til vaqtida maroqli dam olishi uchun yozgi oromgohlarning hissasi beqiyos. Ularga bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishiga yetarlicha shart-sharoitlar mavjud. Pedagoglarning nazoratida g‘amxo‘rliklardan bahra olishi ijobiy natijalarni keltirmoqda.

Tumanimizdagi 27-sonli ingliz tili fani chuqurlashtirilib o‘tishga ixtisoslashgan umumta`lim maktabi qoshida “Bolajon” kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohi namunali tashkil etildi. Oromgoh rahbari Sobir Qurbonov va 16 nafar pedagog o‘quvchilarning maroqli dam olishi uchun faol ishladi. Bolalar har kuni soat 8.00 dan 14.00 ga qadar oromgohdagi to‘garaklar va tadbirlarda qatnashdi. Yozgi ta`til payti o‘quvchilar uchun Besh tashabbus asosidagi to‘garaklar faoliyat yuritdi. O‘quvchilar ingliz tili, musiqa, rassomchilik, kompyuter savodxonligi, jismoniy tarbiya, Mohir qo‘llar, shaxmat-shashka to‘garaklarida qatnasib iqtidorlarini rivojlantirdi. Bundan tashqari, Vatanparvarlik kuni, Mening muchalim, Men sportni sevaman, Mening ertak qahramonim, Sog‘ tanda sog‘lom aql tadbirlari ham o‘tkazildi. Tadbirkorlar, o‘qituvchilar, ota-onalar homiyligida bir mahal issiq ovqat, meva-sabzavotlar bilan ta`minlandi. Maroqli dam olishning oxirgi kuni Alpomish sport majmuasi, suzish havzasi, Navro‘z madaniyat va istirohat bog‘iga sayohat amalga oshirildi. Bolalar tumanning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilib, attraksionlarda maza qilib o‘ynadi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov shu oromgohga kelib to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Musiqa to‘garagi rahbari  S. Mo‘minov akkordeon musiqa asbobida kuy chalib hammani xursand qildi. Viloyat hokimi bolalar maskanidagi shart-sharoitlarni ko‘rib namunali oromgoh deb e`tirof etdi. Bunda faol mehnat qilgan xodimlarga tashakkur bildirdi. Bu namunali oromgoh faoliyatini viloyat miqyosida ommaviylashtirishga tavsiya qildi. O‘quvchilar 10 kunlik ohomgohda ko‘ngildagidek dam olib, uylariga qaytdi.

           N. MUHAMMADIYEV