Zamonaviy texnologiya salomatlik kafolati

Aholi salomatligi ustuvor vazifalarimizning asosiga aylangan. Albatta, sog‘lom va barkamol avlod jamiyatimizning mustahkam poydevorini yaratadi. Qumqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi bemorlar uchun sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yishda barcha imkoniyatlardan samarali foydalanishmoqda.

Bejizga rahbarning salohiyati xodimlarning faoliyatida yuqori natijani qo‘lga kiritishida asos bo‘lib xizmat qiladi deyilmagan. Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Norali Xidayev jamoa bilan bir tan, bir jon bo‘lib xizmat qilishmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan barcha sharoitlar albatta xalqimizning salomatligi uchundir. Tibbiyot xodimi shirinso‘z, qalbidaryo bo‘lsagina bemorlar kasallikni tez yenga olishadi. Tuman tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritayotgan barcha tibbiyot xodimlari  shirinso‘z va o‘z malakasi ustida izlanishdadir. Tuman tibbiyot birlashmasida Qo‘shma jarohatlar va o‘tkir qon – tomir xirurgiyasi kasalliklari bo‘limi ochildi. Ushbu bo‘lim viloyatimizda Sherobod, Denov, Sariosiyo  va  Qumqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan. Qo‘shma jarohatlar va o‘tkir qon-tomir xirurgiyasi kasalliklari bo‘limi ochilishi munosabati bilan Raqamli rentgen, gemodializ apparatlari olib kelinmoqda. Zamonaviy MSCT  apparati 1 milliard 200 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘i  evaziga olib kelingan. Radiolog shifokor Yulduz Xurramova, operatorlar Ro‘zi To‘rayev, Odil Eshqurbonovlar ushbu soha bo‘yicha o‘qitilmoqda. 

MSKT (yoki KT) – bu ko‘p qirrali kompyuter tomografiyasi. Rasiologik diagnostika usuli organning yuqori aniqlikdagi tasvirlarini olish imkonini beradi. Neusoft NeuViz 128-Slice CT skaneri katta hududlarni yuqori tezlikda skanerlashni ta’minlaydi, bu esa og‘ir bemorlarni qisqa vaqt ichida tekshirishni osonlashtiradi. O‘z vaqtida va to‘g‘ri tashxis qo‘yish, davolash taktikasini aniqlashda yaqin ko‘makchi bo‘ladi.

MSKT yordamida  quyidagi  organlar tekshiriladi:

• Bosh miya;

• KBB a’zolari;

• ko‘krak bo‘shlig‘i (yurak, koronar arteriyalar, traheya, o‘pka, bronxlar, qizilo‘ngach va boshqalar);

qorin bo‘shlig‘i (jigar, buyraklar, ichak, o‘t pufagi, oshqozon, oshqozon osti bezi va boshqalar);

Kichik tos bo‘shlig‘i (tuxumdonlar, bachadon, fallopiya naychalari, qin, prostata bezi, siydik pufagi va boshqalar);

• mushak-skelet tizimi (umurtqa, bo‘g‘inlar).

MSCT – bu turdagi diagnostika rentgen nurlari yordamida skanerlash usuliga, so‘ngra kompyuterda ma’lumotlarni qayta ishlashga asoslangan.

MSCT diagnostikasida ko‘proq ma’lumot olishimiz mumkin.  Jumladan,  qon ketish, ovqat hazm qilish, genitouriner va nafas olish organlari kasalliklari tez  aniqlanadi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Musayev. Ushbu zamonaviy apparatlarning tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinishi tumandoshlarimiz uchun ajoyib imkoniyatdir. Kasalliklar erta aniqlanadi. To‘gri va aniq tashxis qo‘yiladi. Barchamizning salomatligimiz o‘zimizning qo‘limizda.

   Rayhon Mengziyayeva