Ish beruvchining xodimning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash majburiyati borligidan xabardormisiz?

Mehnat kodeksining 321-moddasiga asosan ish beruvchi xodimning mehnatda mayib bo‘lishi va (yoki) kasb kasalligi tufayli hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart.

Ish beruvchi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham mehnat vazifalarini bajarishda, shuningdek ish beruvchi tomonidan berilgan transportda ish joyiga borish yoki ishdan qaytish vaqtida mehnatda mayib bo‘lishi tufayli xodimning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyon uchun moddiy javobgar bo‘ladi.

Ish beruvchi, agar ziyon uning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlab berolmasa, mehnatda mayib bo‘lish va (yoki) kasb kasalligi tufayli xodimga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart.

O‘z mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtida yuqori xavf manbaidan xodimning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini ish beruvchi, agar ziyon uni bartaraf etish mumkin bo‘lmagan kuchlar tufayli yoki jabrlanuvchi qasddan qilganligi oqibatida kelib chiqqanligini isbotlab berolmasa, qoplashi shart.

                                                                                                             Faxriddin Mamatov,

   Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

  Xodimning ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini                 qoplash majburiyati

Mehnat kodeksining 337-moddasiga asosan xodim ish beruvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rnini qoplashi shart.

Olinmagan daromadlar (boy berilgan foyda) xodimdan undirilmaydi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilgan haqiqiy zarar deganda ish beruvchining mavjud mol-mulki (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchidagi mol-mulki, agar ish beruvchi mazkur mol-mulkni but saqlanishi uchun javobgar bo‘lsa) amalda kamayganligi yoki yomon holatga kelganligi, shuningdek ish beruvchi uchun mol-mulkni sotib olish, tiklash yoxud xodim tomonidan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun ortiqcha xarajatlar qilish va to‘lovlarni amalga oshirish zarurati tushuniladi.

                                                                                                                   Samad Choriev,

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti

  Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash                             tartibi qanday?

Mehnat kodeksining 463-moddasiga asosan masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash mehnatga haq to‘lashning vaqtbay tizimida haqiqatda ishlab berilgan vaqt uchun, mehnatga haq to‘lashning ishbay tizimida esa haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar ishlarni bajarish uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqtidan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra belgilanadi.

Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash miqdori ish beruvchining ishlab chiqarishida band bo‘lgan xodimlar mehnatiga haq to‘lash shartlari bilan taqqoslanadigan bo‘lishi kerak.

Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash, basharti u mehnat normalarini va mehnat vazifalarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi va biron-bir eng katta miqdor bilan cheklanmasligi kerak.

Masofadan turib ishlovchi xodim o‘z mehnatini amalga oshirayotgan joyda ish haqiga nisbatan hududiy koeffitsient belgilangan bo‘lsa, masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq to‘lash ushbu koeffitsient hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.

                                                                                                          Sayfiddin Mengliqulov,

                Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i