Jamiyatimizda tadbirkorlikni rivojlantirib ish o‘rnilarini yaratishga, mehnat bilan band bo‘lib daromad topishga qonuniy asoslar mavjud. Fuqarolar belgilangan tartiblar va me`yorlarga amal qilib o‘z bizneslarini amalga oshirishi mumkin. Agar belgilangan normalar buzilsa tegishli tartibda chora ko‘riladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi o‘z binosi va Kadastr agentligi binosida 2023 yil 11 aprelda yer uchastkasiga doir jinoyat ishini sayyor sud majlisida ko‘rib chiqdi.
1991 yil 21 yanvarda tug‘ilgan CH. SH. ( ismi, familiyasi o‘zgartirildi) 2021 yilda Qumqo‘rg‘on tumani “Achamayli” fermer xo‘jaligi va 4P-101 avtomobil yo‘li bilan tutash muhofaza hududda savdo do‘koni qurish harakatini boshladi. “Achamayli” mahalla fuqarolar raisi, mahalla faollari va Qumqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mutaxassislari bilan “Aqlli bekat” hamda do‘kon qurish haqida maslahatlashdi. Ammo, o‘zboshimchalik bilan yer uchastkasini egallab qurilish ishini amalga oshirib jinoyatni qasddan sodir etdi. 2022 yil dekabr oyida jami 7,8 x 3,8 metr o‘lchamdagi yerga do‘kon qurishni tugatdi. Bu yerning 2,0 x 7,8 metri qismi ”Achamayli” fermer xo‘jaligiga, 1,8 x 7,8 metr qismi 4P-101 “Jarqo‘rg‘on – Kakaydi – Lalmikor – Qoshchekka – Tojikiston” chegara avtomobil yo‘lining tuman hududidan o‘tuvchi muhofaza qismiga tegishli edi. Do‘kon egasi qurilish tugagandan keyin yanvar oyida sotish uchun oziq-ovqat mahsulotlari olib kelib savdo ishlarini amalga oshirdi. Shu tariqa faoliyat yuritsada yakka tartibda tadbirkor yoki xususiy korxona shaklidagi subyekt ekanligini tasdiqlovch hujjatlari yo‘q edi.
Sayyor sudda sudlanuvchi, yer uchastkalariga mulkdorlik huquqlariga ega subyektlarning fuqaroviy da`vogarlari ishtirokida savdo do‘koni qonunlarda belgilanga vazifalarga zid ravishda qurilganligi to‘liq tasdiqlandi. Do‘kon egasi CH. SH. ga ( ismi, familiyasi o‘zgartirildi) chora ko‘rildi. Unga “Achamayli” mahallasidagi yashash uyidan sutkaning kech soat 22.00 dan ertalab soat 6.00 ga qadar vaqtida chiqishni cheklashdan iborat 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Oqibatda noto‘g‘ri xatti-harakati foyda keltirmay ziyon qildi. O‘zi jazolanib, yer tegishli mulkdorga qaytariladigan bo‘ldi.
SH. KARIMOV,
Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining katta yordamchisi