Aholiga yangi ish o‘rinlari yaratish, ularning foydali mehnat bilan band bo‘lishi, mahsulot ishlab chiqarib, sotish hisobiga daromad topishi, farovon yashashi uchun zarur sharoitlar barpo etish dolzarb ish. Tumanimizda Surxondaryo daryosi qirg‘og‘ida bo‘sh yerlarda baliqchilik fermer xo‘jaliklarini tashkil etishga e`tibor qaratilmoqda. Hozirgacha tuman bo‘yicha 24 ta baliqchilik fermer xo‘jaligi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Baliqchilar uchun 75 gektar umumiy yer maydoni berilgan. Ularda baliqxonalar qurilib, baliqlar boqildi. Natijada aholiga savdo xizmati ko‘rsatilib baliq go‘shti bilan ta`minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Tuman hokimligi, sektor rahbarlari, timan qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimlari baliqchilikni yanada rivojlantirish uchun yana 100 gektar maydonda baliqchilik xo‘jaligini ochish, biznes bilan shug‘ullanish imkonini hisoblab chiqdi. 16 ta yangi loyihalarni amalga oshirish rejasini tuzdi. Bunda qo‘shimcha 300 ta yangi ish o‘rni ochiladi. Yangi suv havsalari qurilib, chavaqlarni parvarishlash, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsad qilinayapti. “Turon oltin baliq havzasi” fermer xo‘jaligi tomonidan baliqchilik xo‘jaligini kengaytirish hamda ko‘ngil ochar maskanni tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi. 300 o‘rinli sun`iy ko‘llardan tashkil topgan ko‘ngil ochar maskan quriladi. Buning uchun Xitoy davlatidan 3 milliard so‘mlik asbob-uskunalar olib kelinadi. 25 ta yangi ish o‘rni ochiladi. 250 tonna baliq etishtiriladi va ichki bozor baliq goshti bilan ta`minlanadi. “Nevtchi Asl Bunyodkori” MCHJ baliqchilik faoliyati bo‘yicha turizm nuqtasini tashkil etish loyihasini amalga oshiradi. Loyiha qiymati 1,5 milliard so‘mni tashkil etib, 350 million so‘mlik 120 tonna baliq ishlab chiqarish quvvatiga ega boladi. 10 ta yangi ish o‘rni ochiladi.
Tuman hokimi Anvar Normamatov baliqchilik xo‘jaliklari ochgan tadbirkorlar bilan uchrashib suhbatlashdi. Baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalarni berdi. Xohlovchilarni baliqxona ochib, mehnat bilan band bo‘lishga taklif qildi. Baliq etishtiruvchilar o‘z tajribalari haqida gapirib, sohani rivojlantirish yo‘llarini o‘rgatdi. Kelgusida tizimli ravishda ishlash yutuqlarning garovi bo‘lishini ta`kidladi.
N. MUHAMMADIYEV