SUD HUKMLARI, AJRIMLARINI QAYTA KO‘RIB CHIQISHNING AHAMIYATI

•        Maqolada sud ishlari yuritilayotgan vaqtda  fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta`minlashni yanada rivojlantirish, fuqarolarning shikoyatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish vazifalari yoritilgan. Ushbu vazifalarni yanada rivojlantirishda uchrayotgan muammolar yechimi ifodalangan.

Har qanday davlatning obro‘-e’tibori va nufuzi shu mamlakatda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari qay darajada ta’minlangani bilan baholanadi. Fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish esa sud organlari bilan bog‘liq. Mamlakatimizda bosqichma-bosqich olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining tub mohiyati, avvalo, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlashga, uning jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirishga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda qonuniylikni ta’minlashga qaratilganligi bilan g‘oyatda qimmatli.

Tabiiyki, fuqaro sud dargohiga adolat topishni xohlab keladi. Insonparvarlik, qonuniylik, adolatlilik va demokratik tamoyillar asosida huquqlari himoya qilinishi fuqaroda mustaqil sud hokimiyatiga nisbatan bo‘lgan ishonchni keskin oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiyligi nazarda tutilgan. Sud hujjatlarining buyruq tarzidagi o‘ziga xos tabiati, ularning shakl va mazmuniga alohida qat’iy talablarni qo‘yadi. Shu sababli sud hujjatlarini to‘g‘ri tushunish va aniq ijrosini ta’minlash uchun sudlar tomonidan chiqarilayotgan sud hujjatini amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirish, protsessual norma va qoidalarga rioya qilish o‘ta muhim sanaladi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasidagi muhim vazifalar belgilab berildi. Sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bir sud – bir instansiya” tamoyilini joriy etish, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlarini qisqartirish, sud muhokamasiga qadar dastlabki eshitish amaliyotini joriy etish shular jumlasidandir.

Mazkur vazifalarning bajarilishini nazarda tutuvchi “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to‘g‘isidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Mazkur qonunga asosan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi bilan jinoyat ishlarini yuritish davomida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud qarorlarining huquqiy aniqligi va barqarorligini ta’minlashga qaratilgan bir qator yangi qoidalar joriy etildi. JPKning “Sud hukmlari va ajrimlarini qayta ko‘rib chiqish” deb nomlanuvchi bo‘limidagi 55-bob chiqarib tashlanib, yangi tahrirdagi 55/1-bob kiritildi. Unga ko‘ra, jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti bekor qilinib ishlarning yillar davomida ko‘rilishiga barham berildi. Sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirilib, tuman-shahar sudlarida ko‘rilgan jinoyat ishlari viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rilishi, apellyatsiya sudi qaroridan norozi bo‘lingan taqdirda Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda ko‘rilgan ishlarning shu sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqilishiga chek qo‘yilib, bu toifadagi ishlar apellyatsiya tartibida faqat Oliy sudda qayta ko‘rilishi qat’iy belgilandi va bu bilan jinoyat ishini bir sudda birinchi bosqichda ham, apellyatsiya bosqichida ham ko‘rilishi bekor qilinib, sud qarorlariga nisbatan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday shubha va gumonlarga barham berildi. “Bir sud – bir instansiya” tamoyilining mazmun-mohiyati ham ishning bir instansiyada faqat bir marta ko‘rilishidadir.

Bundan tashqari, sud qarorlari ustidan shikoyat yoki protest berish muddati 10 kundan 20 kunga uzaytirilib, sud qaroridan norozi tarafning apellyatsiya shikoyati yoki protesti berish imkoniyatlari yaxshilandi. Shuningdek, ish bo‘yicha to‘plangan dalillar sudlanuvchini aybdor deb topish uchun yetarli bo‘lmaganda va qo‘shimcha dalillar to‘plash imkoniyati qolmaganda, apellyatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini tugatishi mumkinligi haqida yangi qoida joriy etildi.

Bundan tashqari, Oliy sudga berilgan kassatsiya shikoyati yoki protestini ko‘rib chiqish tartibi, yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash kabi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan mezonlarni o‘zida mujassam etgan yangi qoidalar amaliyotga kiritildi.

Sud qarorlarining barqarorligi – bu quyi sud chiqargan hukm va ajrimlarning yuqori sud tomonidan o‘zgartirilmasligi yoki bekor qilinmasligidir. Zero, Murojaatnomada sudlar zimmasiga o‘z qarorining barqarorligini ta’minlash vazifasi yuklatilgan ekan, sudya zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanganligini his etgan holda, sud muhokamasida bildirilgan barcha vajlarni sinchkovlik bilan, to‘la va xolisona tekshirib chiqishi, haqiqatni aniqlashi va faqat qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishga erishishi kerak.

Sudya huquqni noto‘g‘ri qo‘llab chiqargan qarorining yuqori sudda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi barobarida o‘ziga nisbatan qaysidir tarzda jazo ham borligini his etishi va har qanday sud qarori fuqarolarning kundalik hayotiga ta’sir qilishini doimo yodda tutish shart. Bu esa sudlarning to‘laqonli adolat qo‘rg‘oniga aylanishi uchun ulkan zamin yaratadi.

                                                                                                   Z. TURSUNOV,

                  Termiz transport prokurori, adliya maslahatchisi

                                                                                      SH. NUSRATULLAYEV,

         Transportda XTB tergov guruhi tergovchisi, leytenant

                                                                                                         B. VOITOV,

                            Transportda XTB XPG katta inspektori, mayor