Baxshichilik san`ati rivoshlanmoqda

III Xalqaro Baxshichilik festivali shoir, baxshi va oqinlarning beshigi bo‘lgan Sirdaryo viloyati tashkil etilganligining 60 yillik qutlug‘ to‘yi nishonlanayotgan yilda o‘tkazilayotganligi diqqatga sazovor. Guliston shahridagi baxshichilik san`ati festivalida xalqaro miqyosda e`tirof etilgan baxshi-yu shoirlar, oqin-u jirlovlarning kuy-qo‘shiqlari, o‘lan-u laparlari, milliy qadriyatlarimizdan  zargarlik, haykaltaroshlik, naqqoshlik, rassomchilik, ganchkorlik, yog‘och o‘ymakorligi, qo‘g‘irchoqbozlik, misgarlik, to‘quvchilik kabi ijod namunalari bayramona shukuh bag‘ishlaganligi xalqimizning yodidan uzoq vaqt o‘chmaydi.

Bundan tashqari, “Zamonaviy baxshichilik san`ati: oltin merosning yangi ohanglari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya,Turkiya, Vengeriya, Koreya, Yaponiya kabi 30 dan ziyod davlatlardan kelgan yetuk mutaxassislar, folklorshunos olimlarning qatnashganligi festivalning jahon miqyosida ham nufuzi balandligidan dalolat bo‘ldi. Kitoblar taqdimoti, ma`naviy, madaniy tadbirlar ham ishtirokchlarga huzur bag‘ishladi.

Yoshlarni milliy ma`naviy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda xalq og‘zaki ijodi, baxshichilikning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Baxshilar tomonidan xalq og‘zaki ijosi namunalaridan doston, maqol, matal, ertak, laparlarning ijro etilishi dunyoqarashni kengaytiradi. Odamlarimizda milliy qadriyatlarimizga, urf-odatlarimizga, an`analarimizga yanada kuchli hurmat uyg‘otadi. Ularni o‘rganishga ehtiyoj paydo qiladi. Baxshilarimiz baxshichilik yordamida ijtimoiy ongning rivojlanishiga xizmat qiladi. Ijodning inson ruhiyatiga, ma`naviyatiga, madaniyatiga ta`sir etuvchi janri “Baxshiyona” shoirlik mashaqqatli va zahmatli. Insondan ko‘p o‘qish, izlanish, el-ulus va xalqlarning turmush tarsi, tarixi, etnomadaniyatidan xabardor bo‘lishni taqozo etadi.  Yurtimizning barcha hududida baxshichilikda o‘ziga xos maktab yaratilgan bo‘lsada, ularning yo‘nalishi, uslubi bir-biridan ajralib turadi.

O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon Sirdaryo viloyatida “Baxshiyona” yo‘nalishda qalam tebratgan ijodkorlardan biri edi. Uning nazm-u navosi jozibador, xalqona bo‘lib baxshichilikning el-ulus, xalq uchun manfaatli jihatlarini chuqur tadqiq etdi. Azaldan yurtimizda baxshilar el kezib ma`naviyat, madaniyat targ‘ibotchisi bo‘lganligini asosladi. Shoir o‘zining “Ergash Jumanbulbul o‘g‘li el kezadi” deb nomlangan turkum she`r, aytim va termalarida mashhur baxshilar Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining ijodini baxshiyona ohanglar, xalqona dalillar bilan tahlil qildi. Aytim va ash`orlarni insonlarga ijodi bilan tushuntirgan, his qildira olgan. Natijada u xalq shoiri sifatida Sirdaryo vohasi, O‘zbekiston, qo‘shni davlatlarning xalqlari madaniyati, ma`naviyati sarchashmasiga sezilarli hissa qo‘shgan. To‘ra Sulaymon nafaqat xalq shoiri, balki xalq baxshisi sifatida ham ko‘plab baxshiyona aytim, terma, ash`or ayta olgan kamyob ijodkor edi. Bu “Istar ko‘ngil”,”Men qayga borar bo‘lsam”, ”Sayxon”, ”Ergash Jumanbulbul o‘g‘li el kezadi”, “Sensiz g‘arib bo‘ldim” kabi o‘nlab nazm jamlamalarida aks etdi. Ular javonlarda qolib ketmadi. Xalq tilida va dilida o‘chmas iz qoldirib, doim e`zozlanib aytilmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid “To‘ra Sulaymon bir yon, Jumla g‘azalxon bir yon”, – deb bejiz ta`riflamagan. Adabiyotimizning yetuk namoyondalaridan biri professor Qozoqboy Yo‘ldoshev: “O‘zbek badiiy tafakkurining kamyob siymolaridan biri To‘ra Sulaymon ijodi namunalari el-ulusi bilan uzoq yillar birga bo‘lgusidir. Binobarin, shoirning ikkinchi umri manzillari mangulik bilan bo‘ylashishini umud qilish mumkin”, – deganlarida haq gapni aytgan. Professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a`zosi Muhammadali Ahmad ulkan shoirning ijodi haqida turkum maqolalar yozgan. Ravshanbek Mahmudov To‘ra Sulaymon va uning ijodi haqida bir necha kitob zarb ettirgani diqqatga sazovor. Yurtboshimizning tashabbusi bilan To‘ra Sulaymon uy muzeyi tashkil etildi. O‘ylaymizki, bu shoirning ijodini o‘rganish to‘xtab qolmaydi.  Voha ijodkorlari, ilmiy doira vakillari ijodkorning o‘ziga xos ilmiy, falsafiy, ma`naviy, axloqiy, estetik jihatlarini atroflicha tadqiq etadi.

O‘z navbatida Sirdaryo viloyatida xalqano baxshichilik san`ati yo‘nalishida uzoq yillardan buyon ijod qilayotgan Gulmurodovlar sulolasini alohida e`tirof etish lozim. Ularning otasi Saidahmad ota baxshi bo‘lgan. Hozir uning o‘g‘illari Dilmurod Gulmurodov, Elmurod Gulmurodov ota izidan borib baxshichilikni rivojlantirishga hissa qoshmoqda. She`riyatning baxshiyona yo‘nalishida ijod qilayotgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining evarasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, iste`dodli soir Alisher Nur va yana bir vohadosh soir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Hayot Shodmon ijodi bu yo‘ldagi vorislikni, uzluksizlikni ta`minlayapti.

Bahrom BOYMURODOV,“Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri