Virusli gepatit “A” – yuqumli kasallik bo‘lib, bunda virus jigar hujayralarini zararlaydi. Kasallik virus bilan zararlangan suv va oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida og‘izdan yuqadi. Viruslar bemorlarning najasi, peshobi, so‘lagi, qusug‘i, nafas yo‘llarining shilimshiq suyuqligi yo‘llari bilan ajralib chiqadi. Bemor foydalangan idish-tovoqlar, choyshab, yostiq jildi, kiyim-kechagi, o‘yinchoqlari, so‘rg‘ichlari, hojat tuvaklari va bemordan qolgan ovqat qoldiqlari ham virus bilan zararlanadi.
Kasallikning yuzaga kelishiga tozalikka rioya qilmaslik, ya’ni ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvmaslik, meva va sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish hamda qaynatilmagan suvni ichish sabab bo‘ladi. Shuning uchun kasallik ko‘proq bolalarda uchraydi. Pashshalar tanasida millionlab kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni, shuningdek gepatit viruslarini (turli xil axlat va najaslarga qo‘nishi oqibatida) tashiydi.
Dastlab virus organizmda ko‘payadi, dard klinik belgilarsiz kechadi va bu kasallikning «yashirin davri» deyiladi. Bu davr gepatit kasalligining A turida 3-6 haftagacha davom etishi mumkin. Isitmaning ko‘tarilishi, ishtahaning yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi, ovqatlangandan keyin qusish kasallikning ilk belgilari sanaladi. Keyin kasallikning «sariqlik davri» boshlanadi. Bunda ko‘zning shilliq qavati, teri sarg‘aya boshlaydi. Sarg‘ayish davri 1-2 haftagacha davom etadi. Kasallikning boshlang‘ich davrlari va yaqqol sariqlik belgilarisiz turlarida bemor atrofidagilar uchun ayniqsa xavfli bo‘ladi. Kasallikni uy sharoitida o‘z bilganicha davolash aslo mumkin emas.
Bemorga badanidagi sariqlik o‘tib ketguncha, odatdagidan ko‘ra ko‘proq suyuqlik ichirish kerak. Unga gazlanmagan suv, na’matak damlamasi, uncha shirin bo‘lmagan kompotlar, oddiy qaynatilgan suv ichirish tavsiya etiladi. Bunda bolaga sotuvdagi turli rangli, shirin ichimliklar (koka-kola, fanta va boshqalar) ni berish mumkin emas. Bemorga qaynatib yoki bug‘da dimlab pishirilgan taomlar berish lozim. Qovurma taomlar, dumba, charvi kabi hayvon yog‘laridan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilish mumkin emas.
Kasallik yuqmasligi uchun: ovqatlanishdan oldin va hojatdan so‘ng qo‘llarni sovunlab yuvish, meva va sabzavotlarni yuvib iste’mol qilish, faqat qaynatilgan suvni ichishga odatlanish, hojatxonalarni oshxona va umumiy xonalardan kamida 25 metr uzoqlikda qurish, hojatxonalar teshigining qopqoqli bo‘lishiga ahamiyat berish va xlorli ohak bilan doimo zararsizlantirib turish, pashshalar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik,oziq-ovqat mahsulotlari va iste’mol qilinadigan suvni ochiq qoldirmaslik lozim. Bolalarda qo‘l, o‘yinchoq va boshqa turli narsalarni og‘izga solish, qo‘lni so‘rish, tirnoqlarni tishlash kabi xunuk odatlar shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Hurmatli ota-onalar, unutmang farzandlarimizni virusli gepatit A kasalligiga chalinmasdan va kelajakda sog‘lom inson bo‘lib ulg‘ayishining asosiy va yagona usuli bo‘lgan virusli gepatit A kasalligiga qarshi profilaktik emlatib kelajagini belgilagan bo‘lamiz. Gepatit A kasalligiga qarshi farzandingizni emlatishni unutmang! Emlash bilan bog‘liq ma’lumotlarni tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi va joylardagi oilaviy poliklinikalardan olish mumkin. Maktabgacha tarbiya muassasalariga va 1 sinfga qabul qilinayotgan bolalar gepatit “A” kasalligiga qarshi albatta emlanishi zarur. Kasallikdan saqlanish o‘zimizga, shaxsiy gigiena qoidalariga to‘liq amal qilishimizga bog‘liq. Agar kasallik alomatlari sezilsa, darhol shifokorlarga murojaat qilish shart.
E. ALIMNAZAROV,
tuman sanitariya – epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatlik bo‘limi vrach epidemiologi.
M. SALIMOVA,
vrach epidemiolog yordamchisi.