Archa unsimon qurtiga qarshi kurashaylik

Respublikaning fitosanitar xavfsizligini ta’minlash, zararkunanda va kasalliklarni aniqlash, bir hududdan ikkinchi hududga tarqalishining oldini olish, ularga qarshi ommaviy kurash ishlarini tashkillashtirish, nazorat qilish va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan 2023-yil 17-apreldan 8-mayga qadar «Dolzarb o‘n besh kunlik» tadbiri e’lon qilindi. Tadbirga asosan Qumqo‘rg‘on tumandagi tashkilot va idoralar, istrohat bog‘lari, madaniy yodgorliklar, katta yo‘l bo‘ylari hamda boshqa yashil maydonlarda parvarish qilinayotgan igna bargli manzarali daraxtlar va butalarga zarar yetkazayotgan «Archa unsimon qurti» hamda boshqa xavfli zararkunandalarga qarshi uyg‘unlashgan kurasish tadbirlarini o‘tkazilib, keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Ignabargli o‘simliklarning asosiy kushandasi » Archa unsimon » qurti (Planococcus vovae Nass.) hisoblanadi. “Archa unsimon” qurti tashqi ko‘rinishi ovalsimon ko‘rinishda. Ustki qismi butunlay oq tutqichalar bilan qoplangan. Urg‘ochilari yetuk davrida qanot chiqarib uchadi va boshqa joylarga tez tarqaladi. Ayniqsa archaning qalin shoxchalarida ko‘plab uchraydi. Ularning tuxumlari qulay sharoitga tushganda archaning yosh shoxlarini zararlaydi. Uning kichik yoshdagilari zararlab archaning pastki tomonida ko‘payadi, chunki yuqori qismida quyoshdan qochishga harakat qiladi. Unsimon qurt chiqargan ekskrementda turli zamburug‘lar rivojlanadi va archani kasallanishiga olib keladi. Zararkunanda juda tez ko‘payadi. Nisbiy havo namligining yuqori bo‘lishi zararkunanda uchun qulay hisoblanadi. Yoz oyining o‘rtasiga kelib, zararkunandalarning yalpi uchishi kuzatiladi. Urg‘ochilar otalangandan so‘ng yo‘g‘on shoxchalarga o‘tib, qopcha shaklida unsimon ekskrement hosil qilib, yoz bo‘yi shu qopcha ichiga tuxum qo‘yadi. “Archa unsimon” qurti zararkunandasining lichinka va urg‘ochilari archaning novdalari va barglarini so‘rib zarar yetkazadi. Archaning barcha yer ustki qismlari bilan oziqlanadi, ayniqsa, barglar kuchli darajada zararlanadi.

Qarshi kurash usullari. Agrotexnik usul: Zararkunanda bilan jiddiy shikastlanib, qurish holatiga kelib qolgan daraxtlarni kesib, unsimon qurt keng tarqalmasligi uchun ularni o‘sha joyning o‘zida yoqish shart. Qolaversa, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarish (fosforli, azotli, mikroelementlar bilan oziqlantirish) lozim; “Archa unsimon” qurti tarqalgan joylar va hududlar aniqlanishi hamda bu joylardan archa ko‘chatlarini boshqa joyga ko‘chirish mumkin emas. Zararkunandalar tarqalgan joy va maydonlarni aniqlash hamda ushbu hududlardan igna bargli daraxt va manzarali butalar bilan tarqalishi mumkin bo‘lgan ko‘chatlarni boshqa hududga yuborilishi taqiqlanadi, zararkunandalar aniqlanganda, zudlik bilan o‘simliklar karantini qoidalariga va fitosanitariya talablari buzilishini bartaraf etish hamda belgilangan tartibda oldini olishga qaratilgan choralar ko‘riladi. Bundan tashqari biologik kurash usuli ham bor. Kimyoviy kurash choralarini qo‘lashda zararkunandaga qarshi kurashda uning tuxumdan lichinka ochib chiqish davrida kimyoviy preparatlarni qo‘llash yuqori samara berishini inobatga olib, kimyoviy ishlovlarni shu davrlarda boshlash kerak. Zarur preparatlarning birinchi ishlovi zararkunandalarning paydo bo‘lishi bilan o‘tkaziladi va butkul yo‘qolguncha har o‘n besh kunda kimyoviy ishlovlar olib borilishi lozim.

Shu o‘rinda shuni eslatib o‘tishimiz kerakki, tumanimizda archa unsimon qurtiga qarshi proflaktik ishlov, qarshi kurash ishlarini amalga oshirmagan, kimyoviy preparatlar sepmagan tegishli tashkilotlar, idoralar, klaster va fermer xo‘jaliklari mavjud. Qonunda o‘simlik va daraxtlarning  kasalliklari, zararkunandalariga qarshi kurash majburiyati mavjuddir. Karantindagi kasalliklar, zararkunandalarga qarshi kurash qoidalarini buzgan tashkilotlarni  MJTK ning 107-108-moddalari bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiramiz.

Surxondaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektorlari