Fuqarolarning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari

O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati  qurishga, xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishtaligi va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratishga, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egalashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlarining asosiy maqsadlaridan biri bu qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini yanada izchil demokratlashtirish va liberallashtirishdan, sud huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatining samaradorligini kuchaytirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6041-son farmoni bo‘yicha inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy adolatni ta`minlashda fuqarolarning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqi alohida ahamiyat kasb etadi. Fuqarolarning bunday huquqi O‘zbekistonda konstitutsiyaviy prinsip darajasiga ko‘tarilgan bolib, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidagi bir qator moddalarida o‘z aksini topgan. Fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi, sudga murojaat qilishi, davlat organlari, jamoal birlashmalari va mansabdor shaxslarning noqonuniy harakati ustidan yuqori turuvchi organlariga yoki sud tartibida shikoyat keltirishlari mumkin. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda sud alohida o‘rin egallaydi. Xususan, FPKning 3-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining, mansabdor shaxslarning, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolar qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilinishi qonunda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga haqli. O‘z navbatida, xo‘jalik protsessual kodeksida har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashayotgan huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishini so‘rab xo‘jalik sudiga, ushbu kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli ekanliklari belgilab qo‘yilgan.

Jinoyat-protsessual qonunchiligida himoyalanish huquqi JPKning 24-moddasi bilan tartibga solinadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining himoyalanish huquqi ish bo‘yicha qonuniy, asosli va adolatli qarorning qabul qilinishini kafolatlaydigan jinoyat sud ishlarini yuritilishining asosiy prinsiplaridan biridir. Himoyalanish huquqi jinoyat sud ishlarini yuritishda shaxs huquqlarining kafolatlari tizimida markaziy o‘rin egallaydi. Jinoyat-protsessual kodeksi nafaqat shaxs huquq va qonuniy manfaatlaiining kafolatlarini, balki odil sudlov manfaatlarini amalga oshirilishining yuridik sharti sifatida xizmat qiladi. Himoyalanish huquqi mustaqil ijtimoiy huquqiy ne’matdir. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining himoyalanish huquqi har bir shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini ta’minlaydigan. Qonun chiqaruvchi ayblanuvchiga qo‘yilgan ayblovdan qonunda nazarda tutilgan barcha usul va vositalar orqali himoyalanish imkoniyatlarini ta’minlash majburiyatni jinoyat protsessini olib boradigan davlat organlari va mansabdor shaxslarning zimmasiga yuklaladi. Ushbu barcha harakatlarni amalga oshirish huquqi gumon qilinuvchi va ayblanuvchida mavjudligi to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat ishini yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarga ma’lum qilishga, yuqorida ko‘rsatiigan huquqlardan foydalanish tartibini tushuntirishga va ushbu huquqlarni to‘liq amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashga majburdirlar (JPKning 24-moddasi ikkinchi qism).

Ayblanuvchining (gumon qilinuvchi, sudlanuvchining) himoyalanish huquqi deyilganda, unga shaxsan yoki himoyachining yordami bilan qo‘yilgan ayblovdan himoyalanish imkoniyatini beradigan protsessual huquqlarning butun majmuini tushunish lozim. Himoyachi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, shuningdek, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan taklif etiladi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosiga ko‘ra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ishida himoyachining ishtirok etishini ta’minlaydi. Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining iltimosiga ko‘ra yoxud ularning roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan himoyachi taklif qilinmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan belgilanadigan advokatlik tuzilmasi rahbari surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning himoyachi tayinlash to‘g‘risidagi qarori yoki sudning ajrimiga binoan qaror yoxud ajrim O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasiga kelib tushgan paytdan e’tiboran to‘rt soatdan kechiktirmay jinoyat ishi bo‘yicha himoyachining ishtirokini ta’minlashi shart (JPKning 51-moddasi uchinchi qismi).

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini himoyalanish huquqi bilan ta’minlash prinsipi quyidagilarni o‘zida aks ettiradi: a) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining manfaatlarini muhofaza qilish, shuningdek, ko‘rsatilgan shaxslarning huquq va manfaatlarini tushuntirish va ularni haqiqiy amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha surishtiruv, tergov, prokuratura va sud organlarining qonunda mustahkamlangan majburiyatlari, b) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga buzilgan manfaatlari va huquqlarining haqiqatda tiklanishiga erishish hamda mazkur huquqlarni buzgan tegishli mansabdor shaxslarning javobgarlikka tortilishga imkoniyat yaratadigan qonunda belgilangan vositalar; v) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini oqlaydigan yoki ularning javobgarligini yengillashtiradigan holatlarni qonunda nazarda tutilgan barcha vosita va usullar orqali aniqlashga majbur bo‘lgan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi tomonidan taklif etilgan yoki tergovchi yoxud sud tomonidan tayinlangan himoyachida mavjud bo‘lgan va qonunda mustahkamlangan vositalar (himoyachi sifatida jamoa tomonidan uning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida yuborilgan jamoat himoyachisi ham bo‘lishi mumkin).

                 Z. TURSUNOV,

Termiz transport prokurori adliya maslahatchisi

           U. ABDUMURODOV,

Transportda XTB XPG katta inspektori, kapitan