ILM

Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Bilgilki, har bir muslim va muslimaga din ishlarida muhtoj bo‘ladigan tahorat, namoz va shariatning boshqa hukmlari hamda hayotiy ishlarida zarur bo‘lgan narsalarni biladigan miqdorda ilm o‘rganish farzdir. Bundan ortiqchasi farzi ayn (har bir kishi o‘rganishi shart) emas, balki fazilatdir, uni tark qilsa ham, ziyoni yo‘q. Xullas, kishi o‘zi muhtoj bo‘ladigan narsalarning ilmini tahsil qilishi farz.

Chunki Alloh taolo: «Agar bilmaydigan bo‘lsanglar, ahli ilmlardan so‘ranglar» – (Nahl, 43), deydi. Yana boshqa oyatda: «Ular yana: «Agar tinglab, aql yurgizuvchi bo‘lganimizda, do‘zax egalari qatorida bo‘lmas edik», derlar» (Mulk, 10), – deb aytgan. Alloh taolo ularning bilmaganliklari sababli do‘zax ahlidan bo‘lganini xabar qildi. Makhul Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Nabiy (alayhissolatu vassalom): «Ilm talab qilish har bir muslim va muslimaga farz», – deganlar. Boshqa bir hadisda: «Ilmni, garchi Chinda bo‘lsa ham, talab qilinglar», deyiladi. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) aytadilar: «Ilm yo‘qolishidan oldin uni mahkam tutinglar, ilmning yo‘qolishi ilm sohiblarining ketishidir. Ilmni mahkam tutinglar, chunki hech kim qachon unga muhtoj bo‘lishini bilmaydi», – dedilar. So‘ng odamlar keragidan ziyoda ilm olish haqida gaplashishdi. Ba’zilar: «Agar kishi o‘zi muhtoj bo‘ladigan miqdorda ilm olsa, unga amal qilish bilan mashg‘ul bo‘lishi va ilm olishni tark qilishi lozim», – dedi. Boshqalar esa: «Kishining ortiqcha ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi uning farz amallariga nuqson kirmasa afzaldir», – deyishdi. Shu so‘z to‘g‘ri so‘z. Avvalgi toifaning hujjati Ja’far ibn Burhon ibn Mihrondan, u esa Abu Dardodan qilgan rivoyatdir. U zot aytganlarki: «Bilmaydigan kishiga bir marta vayl bo‘lsin, bilib turib amal qilmaganga yetti marta vayl bo‘lsin». Fuzayl ibn Iyoz aytadilar: «Kim bilgan narsasiga amal qilsa, Alloh unga bilmaydigan narsalarini ham o‘rgatib qo‘yadi, chunki amal o‘zi uchun, ilmining ortiqchasini talab qilish boshqalar uchundir, nafsining ishlari bilan mashg‘ul bo‘lish muhimroqdir, chunki bu uning bo‘ynidagi vazifadir». Alloh taolo bu haqda boshqa bir oyatda shunday deydi: «Ayting: «Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo‘lurmi?!» (Zumar, 9). Mufassirlar bu oyatni «ulamolarning fuqaholari bo‘lingiz», deb tafsir qilishadi. Subon Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladi: «Ilmning fazli amaldan yaxshiroqdir. Sizlarning diningizning egasi taqvodir». Hasan Basriy (rahimahulloh): «Bir kishi ilm o‘rganib, so‘ng uni boshqalarga o‘rgatishi ham amal hisoblanadi», – deb aytganlar. Abdulloh ibn Abbosning (roziyallohu anhu): «Kechasi bir soat ilm o‘qish kechasi ibodat qilib chiqishdan ko‘ra Allohga suyukliroq», deganlari rivoyat qilingan. Bo‘stonul orifiyn. Abu Lays Samarqandiy Avf ibn Abdulloh aytadilar: «Bir kishi Abu Zar G‘iforiyga kelib: «Men ilm olishni xohlayman, lekin uni zo’e ketkazishdan va unga amal qilmaslikdan qo‘rqaman», – dedi. Abu Zar G‘iforiy: «Boshingga ilmni qo‘yishing (bo‘yningga olishing) johillikni qo‘yishingdan ko‘ra yaxshiroqdir», – dedilar. So‘ng o‘sha kishi Abu Dardoning huzurlariga borib, u zotdan ham shu narsani so‘radi. Abu Dardo: «Insonlar qabrlaridan o‘lgan holatlariga ko‘ra tiriltiriladilar, olim olim bo‘lib, johil johil bo‘lib», – dedilar. So‘ng Abu Hurayraga borib, u zotdan ham shu haqda so‘radi. Abu Hurayra unga: «Ilmni o‘rganmaslikning o‘zi uni zo’e qilishdir», – deb javob berdilar. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu): «Insonlar ikki toifadir: olimi rabboniy va najot topish uchun ilm oladigan tolib. Boshqalar esa, avom xalq bo‘lib, har qanday da’vatchiga ergashib, har qanday shamolga egilaveradilar». Ulamolar dunyo turguncha turadi, garchi o‘zlari bo‘lmasalar-da, qalblarda siymolari yashayveradi. Chunki amalning foydasi faqat kishining o‘ziga, ilmning manfaati esa, o‘ziga va boshqalarga. Demak, ilm amaldan afzal ekan, chunki Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam): «Insonlarning eng yaxshisi insonlarga ko‘proq manfaati tegadigani»,- deganlar. Rivoyat qilishlaricha, bir kishi Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam): «Amallarning qaysi biri afzalroq?» – deb so‘radi. Rasululloh: «Ilm», – dedilar. U kishi ikkinchi, uchinchi bor so‘radi. Rasululloh unga avvalgidek javob berdilar. Shunda u kishi: «Ey Rasululloh, sizga salomlar bo‘lsin, men amal haqida so‘rayapman», – dedi. Nabiy (alayhissolatu vassalom): «Alloh amallarni ilmsiz qabul qiladimi?» – dedilar. Yana rivoyat qilinadiki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Banda sadaqa qiladigan narsaning eng afzali ilm o‘rganmog‘i, so‘ng uni o‘zidan boshqalarga o‘rgatmog‘idir» -,dedilar. Bu haqda hadislar ko‘p.

                                                                          M. ALIYEV,

         Qumqo‘rg‘on tuman “Axadxon” jome masjidi imom xatibi