Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Prezident sovg‘alari topshirildi

Yurtimizda Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinib, ularga davlatimiz rahbarining sovg‘alari tantanali ravishda topshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e`tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida qabul qilgan «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, joylarda ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 18 000 000 so‘m miqdorida bir yo‘la pul mukofoti topshirilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri tumanimizdagi  “Munchoqtepa”  mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Hayit bobo Musayev xonadonida bo‘lib o‘tdi.

Tantanali va bayramona tashkillashtirilgan marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Prezidentimiz sovg‘asi – o‘n sakkiz million so‘m pul mukofotini hamda qimmatbaho soatni, esdalik sovg‘alarini  urush faxriysiga tantanali ravishda topshirdi.

Musayev Hayit bobo ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga va viloyat hokimiga minnatdorchilik bildirdi.

– Prezidentimiz tomonidan urush qatnashchilari va nogironlariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan boshim ko‘kka yetdi, – dedi H. Musayev. – Urush yillarining qiyinchiliklarini eslaganimda, bugungi tinch-osoyishta va farovon o‘tayotgan har bir kunimiz uchun shukronalar aytaman.

Otaxonning yigitlik  yillari ayni urush davriga to‘g‘ri keldi. Olovli maydonlarda qon kechib tinch, osoyishta hayotimiz uchun jang qildi. U yerdagi azob-uqubatlar haqida gapirish juda og‘ir. Hayit bobo Musayev urushdan keyin uzoq yillar ta’lim sohasida mehnat qildi.  Bugun – nabiralar va el-yurt ardog‘ida, davlatimiz g‘amxo‘rligida e’zoz-u ehtiromda hayot kechirmoqda.

Yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun keksalarimiz qo‘llarini duoga ochishdi.Tinch va osuda hayotimiz uchun shukronalar aytishdi.

                              Rayhon Mengziyayeva