MAMLAKAT ZAVOLI

Bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan korrupsiya illati azaldan jamiyat va davlat ravnaqiga zimdan to‘sqinlik qilib kelayotgan eng jirkanch omillardan biridir. Korrupsiya – nihoyatda ijtimoiy-siyosiy vayronkor kuch, uning oqibatida milliy iqtisodiyotga putur yetadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, xalqning davlat boshqaruvi hokimiyati organlariga ishonchi yo‘qoladi, uyushgan jinoyatchilik kuchayadi, jamiyatda ma‘naviyat izdan chiqa boshlaydi.
Korrupsiya oqibatida kelib chiqadigan noxush hodisalar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Korrupsiya buzg‘unchilik tabiatiga ega ekani uchun ham insoniy jamiyat qadim zamonlardan boshlab unga qarshi kurashib keldi.
Hozirgi davrdagi “korrupsiya” tushunchasini sharhlaydigan bo‘lsak, u asosan, “shaxsiy foyda olish uchun hokimiyatni suiiste’mol qilish” ma‘nosida ishlatiladi. Korrupsiyaning quyidagi to‘rt asosiy sababini keltirish odat tusiga kirdi:
1. Shaxsiy sabablar. Korrupsiya “yomon” hodisa, u yaxshi ta’lim-tarbiya ko‘rmaslik va kam maosh oladigan amaldorlarning nokasligi oqibatida paydo bo‘ladi.
2. Institutsional sabablar. Bunda boshqaruvning kuchsizligi asosiy omil sanaladi. Masalan, kadrlar tayyorlash, hisobga olish va nazorat qilishning samarasizligi, mansabdorlarni yollashning osonligi va ularni oson ishdan haydash, ularda uzoq vaqt mansabda turishga ishonchsizlik paydo bo‘lishi kabilar korrupsiyani rag‘batlantiruvchi omillardir.
3.Tizimiy sabablar. Hukumat ba’zan jamiyatning shunday talablariga duch keladiki, ularni bajarishning rasmiy tartiblari hali aniq ishlanmagan bo‘ladi yoxud ular ko‘p miqdorda mablag‘ talab etadi va aksar holda uzoq muddatlarga cho‘ziladi. Shunday holatlarda korrupsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qisqa yo‘llar ochiladi.
4.Ko‘p tomonlama sabablar. Ba’zan davlat rahbariyatining o‘ziga xos xulqi tufayli davlat boshqaruvida hal qiluvchilik rolini “shaxsiy” omillar bajaradi. Bunday sharoitda davlat mansablariga ishonchga sazovor odamlar tayinlangan taqdirda ham institutsional va tizimga oid muammolar sabab korrupsiya ko‘payadi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, insoniyat shakllanish jarayonining ilk davri bo‘lmish ibtidoiy jamiyatlarda ham korrupsiyaning ayrim ko‘rinishlari bo‘lib, o‘sha davrda qabila oqsoqoliga yoki harbiy boshliqlarga muayyan bir imtiyozni egallash uchun haq to‘lash tabiiy hol hisoblangan. Keyinchalik esa davlat boshqaruvining takomillashuvi va murakkablashuviga ko‘ra, korrupsiyaning ham turli xil shakllari yuzaga kelib, oxir-oqibatda u global muammolardan biriga aylanib ulgurdi. Bilamizki, shaxs, jamiyat hamda davlat tushunchalari o‘zaro chambarchas bog‘liq. Shu sababli jamiyatning biron a’zosiga ta‘sir qilgan biror illat, albatta, butun jamiyatga o‘z ta‘sirini o‘tkazmay qolmaydi. Korrupsiya paydo bo‘lishi va rivoji mazkur mamlakatning taraqqiyotiga zimdan to‘sqinlik qiladi hamda davlatning olib borayotgan islohotlariga qarshilik ko‘rsatadi. Korrupsiya illatiga qul bo‘lgan amaldorlar davlatning, jamiyatning, xalqning bildirgan ishonchini suiste’mol qilib, o‘z manfaatlarini xalq va davlat manfaatlaridan ustun qo‘yadilar. Bu esa davlat siyosatining o‘sha amaldorlar boshqarayotgan bo‘g‘inida ish sifatining buzilishiga olib keladi. Natijada butun bir jamiyat zarar ko‘radi. Korrupsiya davlatni nafaqat moddiy, balki ma’naviy-axloqiy jihatdan ham yemirib, xalq va davlat o‘rtasida ishonchsizlik deya atalmish ulkan chegaraning vujudga kelishiga hamda xalq o‘rtasida Vatanga daxldorlik va kelajakka ishonch tuyg‘ularining so‘nishiga olib keladi.
Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish yuzasidan qator chora-tadbirlar izchil amalga oshirib kelinmoqda.Tarixan qisqa davr ichida mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning institutsional va huquqiy asoslari shakllantirildi, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi.
Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni amalga oshirish davomida milliy qonunlarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini singdirish masalasiga alohida e’tibor berildi va bu munosabat 2008 yilda qabul qilingan «Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida»gi Qonunda o‘z aksini topdi.
2010 yilda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istambul harakat dasturiga qo‘shildi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash 2016 yilning oktabr oyidan boshlandi. 2016 yilning 14 oktabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning konstitutsiyaviy qonunchilik tashabbusi asosida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis tomonidan qabul qilindi, qonun 2017 yil 4 yanvardan boshlab kuchga kirdi. Mazkur qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni to‘liq qonuniy tartibga solish, davlat boshqaruvi organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashi yuzasidan ko‘rayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaga toqat qilmaslik muhitini yaratish ko‘zda tutildi.
Qonundan ko‘zlangan maqsad korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Hujjatda “korrupsiya”, “korrupsion huquqbuzarlik” va “manfaatlar mojarosi” kabi tushunchalarga izoh berilgan.
Hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy tamoyillari sifatida qonuniylik; fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi; ochiqlik, shaffoflik va tizimlilik; davlat va fuqarolik jamiyatining o‘zaro hamkorligi; korrupsiyadan ogohlantirish va javobgarlikning muqarrarligi bo‘yicha choralar ustuvorligi keltirib o‘tilgan.
Qonun korrupsiyaga qarshi kurash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini keltirib o‘tadi:
aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni shakllantirish;
davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyadan ogohlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish;
korrupsion huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ular oqibatlari, sabablari va keltirib chiqargan sharoitlarni bartaraf etish hamda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun muqarrar jazolash tamoyilini tadbiq etish.
Bir so`z bilan aytadigan bo`lsak, korrupsiyaning oldini olish uchun har birimiz o`zimizdan boshlashimiz kerak. Porani birinchi taklif qilmasligimiz, ishimizni tezroq bitishi uchun pul bermasligimiz, og`irimizni yengil qilishda korrupsiyadan foydalanmasligimiz lozim.

Yo`ldosh Kadirov,
Viloyat IIB TEQKB T va CHXTB «Qumqo`rg`on» TB xodimi, katta leytenant