DALADAN DASTURXONGA

Har yili aholi uchun dehqonlarimizning mehnatlari mahsuli bo‘lgan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarining yarmarkasi tashkil etilishi an’ana tusini olgan. Qumqo‘rg‘on  tumani aholisi uchun doimiy ravishda “Daladan dasturxonga” tamoyili asosida sifatli va arzon narxlarda oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berishda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Savdo yarmarkaga sifatli mahsulotlar yetkazilishi, ularning uzluksizligi hamda narxlarning barqarorligini ta’minlash Bosh prokuratura huzuridagi  departamentning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan doimiy nazoratga olingan. Mas’ullar tomonidan arzonlashtirilgan yarmarkada sotuvchilar uchun ham qator qulaylik va imtiyozlar berilayotgani bois mahsulotlar nisbatan arzonroq narxlarda sotilmoqda. Albatta,   dasturxonning to‘kin-sochinligi kayfiyatimizga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi. Fuqarolar  arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilayotganidan mamnun.

YER SOTMOQCHI BO‘LGAN SHAXS QO‘LGA TUSHDI

Firibgarlik, tovlamachilik jinoyatlari haqida ko‘p gapiramiz, ammo afsuski hamma ham bundan tegishli xulosa chiqarayotgani yo‘q. Fuqaro davlat yerini 100 ming AQSH dollariga sotmoqchi bo‘lgan. Denov tumanida faoliyat  ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklaridan birining ta’sischi lavozimida ishlovchi fuqaro Denov tumani hokimining 2007 yildagi qarori bilan 45 yil muddatga tutchilik fermer xo‘jaligi uchun ajratilgan yer maydonining 1,3 gektarini sotmoqchi bo‘ldi. Qonunbuzar sotiladigan yer maydonining barcha hujjatlarini rasmiylashtirib, kelishilgan pulning 20 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi. O‘ziga tegishli bo‘lmagan yerni sotib, mo‘llajiringni sanamoqchi bo‘lgan fermer xo‘jaligi ta’sischisining rejalari ish bermadi. Endilikda u faoliyat yuritib turgan ishidan ayrilishi bilan birgalikda qonun oldida ham javob beradi.

             MOYJUVOZ FOSH ETILDI

Yurtimizda tadbirkorlik faoliyati uchun keng yo‘l ochilgan. Bugun ko‘plab tadbirkorlar ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ishlarini yanada rivojlantirayotgan bo‘lsa, ayrimlar suiiste’mol qilmoqda. Xususan, Sho‘rchi tumanida yashovchi fuqaro o‘z xonadonida me’yoriy hujjat va talablarga javob bermaydigan iste’molga yaroqsiz bo‘lgan yog‘ mahsulotlarini ishlab chiqargan. U xonadonining qo‘shimcha xo‘jaliklarida qo‘lbola moyjuvoz uskunasi o‘rnatgan. Paxta chigitidan qonunga xilof ravishda yog‘ va kunjara ishlab chiqarib, yog‘ini savdoga chiqarish bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan. Tezkor tadbirda huquqbuzarning yordamchi xo‘jalik xonasidan 933 kg texnik chigit, 366 kg kunjara mahsuloti, muomalaga kiritish uchun mo‘ljallangan 21 kg moyga o‘xshash suyuqlik va boshqa, jami 9 million  so‘mdan ortiq tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Tegishli idoralardan olingan xulosaga ko‘ra taqdim etilgan o‘simlik yog‘i me’yoriy hujjat talablariga javob bermasligi va iste’molga yaroqsiz ekanligi va inson salomatligiga zarar yetkazishi ma`lum bo‘ldi. Nopok xatti-harakat fosh bo‘ldi va endilikda huquqbuzarlar qonun oldida javob berishga majbur.

                                                                                                           B. ACHILDIYEV,

                                     Departamentning Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektori