ULAR XONADONIMIZ ZIYNATI FAYZ-U BARAKASI

Umri davomida hayotning achchig‘i-yu chuchugi, shodligi-yu tashvishlarini ko‘p bora tatigan qariyalarimizning qalbi ipak tolalariday nozik bo‘ladi. Salgina ehtiyotsizlik bilan aytilgan bir gap bilan ko‘ngli ozorlanishi mumkin. Yaxshi gap bilan esa, tog‘day yuksaladi. Ularning yashash tarzi, dunyoqarashi, o‘y-xayollari turlicha. Yoshlik chog‘i ilm olib, turli sohalarda halol, barakali mehnat qilgan, endi qarigan chog‘ida o‘z hayotlaridan mamnun, turli tashvishlardan xalos bo‘lgan, yoshini yashab, oshini oshagan insonlar. Avlodlar davomiyligi, ularning porloq ertasini ta`minlashni O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan har bir nuroniy o‘zining muqaddas burchi deb biladi. Ko‘nglida shunday ezgu-niyatlarni e`zozlagan inson, hech qachon yomonlikni o‘ylamaydi, g‘arazli niyatlardan nafratlanadi.

Ertangi kunning qanday bo‘lishi, o‘sib kelayotgan yosh avlodning qay tarzda tarbiya topib, bilim olishiga bog‘liq. Oradan yuz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Zamon o‘zgardi, lekin shuncha vaqt o‘tsa ham bugun Qumqo‘rg‘on tumanining yuzi bo‘lib turgan salkam 124 yoshni qarshilagan Gapparova Ixvol ayani shunday insonlardan biridir. Qumqo‘rg‘on tuman «Joziba» MFY da 124 yildan buyon istiqomat qilayotgan xalq orasida Katman momo deb tanilgan Gapparova Ixvol momo holidan xabar olindi.

Gapparova Ixvol momo mana 8 nafar (3 nafar o‘g‘il, 4 nafar qiz)ni tarbiyalab, voyaga yetkazgan mo’tabar onalardan biri hisoblanadi. Momoning 120 nafar nevarasi, 70 nafar evarasi, 80 nafar chevarasi hattoki beshinchi avlodlaridan 20 nafar borligi kishini hayratga soladi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi rahbari N. Rahmatullayeva momo bilan o‘zaro suhbati davomida buncha umr ko‘rishning hosiyati haqida so‘raganlarida momo tomonidan avvalo inson salomat bo‘lishi bilan birgalikda asabni buzmaslikni qolaversa, har bir ishni qilishda shoshmaslikni aytib o‘tdi.

Umrining ko‘pini qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qilgan Gapparova Ixvol momo bugun farzandlar, nabiralar, evaralar, chevaralar, oilasining beshinchi avlod vakillari orasida o‘zini baxtiyor kezlarini o‘tkazmoqda.

Gapparova Ixvol momo 50 yildan ortiq vaqt davomida kichik o‘g‘li 74 yoshni qarshilagan Gapparov Toshboy va 73 yoshni qarshilagan kelini Hudoyqulova Oysoat opa bilan bir necha yildan beri yashab kelmoqda.

Momo bilan suhbat jarayoni shu qadar iliq va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi. Momo qo‘llarini duoga ochib yurtimiz tinchligi, farzandlarimiz baxtu kamolini  so‘rab duo qildi.

Ha, “oqqan daryo oqaveradi”, – deydi xalqimiz. Bugun yurtimizda keksa avlod vakillariga qaratilayotgan yuksak e`tibor shundoq ham ularning tilidan tushmas shukronalik hissini ming chandon oshirdi.

Shuning uchun ham sakson-to‘qsonni qoralasa-da, qaddi baland nuroniylarimizning ruhiyati tetik, ishga chanqoq. Ayni qutlug‘ kunlarda esa, barchasining duoga ochilajak qo‘llari Yaratgandan yurtga tinchlik, mo‘l rizq so‘raydi. Ilohim, keksalar duosi ijobat bo‘lib, O‘zbekistonimizda har doim tinchlik hukm suraversin!

                                                    Sh. Mamadiyev