Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning 30-haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor o‘rinbosari bilan birgalikda bir yo‘la 126 kalendar kuniga beriladi va davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi. Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda homiladorlik va tug‘ish ta’tilini uzaytirish uchun tug‘ruq muassasasi tomonidan yana 14 kalendar kuniga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’iy nazar ayolga to‘liq beriladi.
“Dekret ta’tili”ga chiqish shartmi, uning o‘rniga pullik kompensatsiya olsa bo‘ladimi?
“Dekret ta’tili” ijtimoiy ta’til hisoblanadi. Ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan asli holida foydalaniladi va ularni pullik kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Dekret puli” qanday hisoblanadi?
Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi. Varaqa yo‘qolgan hollarda nafaqa uning o‘rniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi. Nafaqalarni hisoblashda asos qilib olinadigan haqiqiy ish haqiga ish joyidan, sug‘urta badallari undirilib to‘lanadigan jami ish haqi to‘lovlari kiradi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik ta’tili boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan va sug‘urta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qo‘shilib, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori aniqlanadi.
Hanifa QULMATOVA,
tuman FHDYO bo‘limi inspektori