Kredit shartnomasida kafilning javobgarligi subsidiar yoki solidar tarzda belgilanishi mumkin (shartnomada belgilanadi va bu holat bo‘yicha e’tibor berish lozim. Shartnomani imzolayotganda bunga deyarli hech kim ahamiyat bermaydi na kreditor, na kafil).
Subsidiar javobgarlik belgilanganda bank avval qarzdordan qarzni undirish choralarini ko‘rishi, imkoni bo‘lmagandagina kafildan qarzni to‘lashni talab qilishi mumkin. Bu tartibda undirish asosiy qarzdorning (kredit olgan shaxs) qarzini, agar asosiy qarzdorning o‘zi majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa yoki bajarishi mumkin bo‘lmagan holda qo‘shimcha javobgar (kafil) bo‘lgan shaxsdan undiradi degani.
Solidar javobgarlik-sheriklikni, birgalikda harakat qilishni, biror bir vazifani, tadbirkorlik faoliyatini jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan o‘zaro kelishilgan holda birgalikda amalga oshirish, bajarish majburiyatini olish, shuning bilan birga olingan majburiyat bajarilmagan taqdirda birgalikda yoki biri uchun ikkinchisi javob berish ma’nosini beradi.
Solidar javobgarlik belgilangan taqdirda esa (bu eng ko‘p qo‘llaniladigan holat. Xuddi hamirdan qil sug‘irgandek. Men o‘zim ko‘rgan oxirgi beshta kredit shartnomasida solidar javobgarlik belgilangan) bank birdaniga qarzdor va kafildan qarzni to‘lashni talab qiladi. Ko‘rinib turganizdek banklar o‘zi uchun qulay shaklni tanlaydi, deyarli doim kafilga solidar javobgarlik belgilovchi shartlarni belgilaydi. Ya’ni, qarzdor vaqtida qarzini to‘lamasa, bank kafildan ham qarzni to‘lashni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Har qanday holatda ham kafil butun mol-mulki bilan kredit qarzi bo‘yicha to‘liq javobgar bo‘ladi.
Ko‘pchilik holatlarda banklar qulayroq undirish mexanizmini qo‘llashadi, kafilning bank kartasi (hisob raqami)dan kredit qarzini darhol undirib olishga kelishib olishadi. Bunda kredit to‘lovi vaqtida qarzdor qarzini to‘lamagan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafilning hisob-raqamidan qarz yechib olaveradi.
S. CHORIYEV,
tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh maslahatchisi