O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 135-moddasiga ko‘ra haydovchining yonida O‘zbekiston Respublikasining ichki ishlar organlari yoxud konsullik muassasalari tomonidan berilgan biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi mavjud bo‘lgan taqdirda, uning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatni, transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisini o‘z yonida olib yurishi talab etilmaydi.
Ko‘chmas mulk kompensatsiyasi qanday hollarda qoplanadi
O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘RQ-781-son Qonuni 23-moddasiga ko‘ra quyidagilar kompensatsiya qilinadi: olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarining bozor qiymati; olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati (bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi mustasno); olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati; ko‘chish, shu jumladan boshqa ko‘chmas mulk obyektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar; yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foyda (bunda yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari bo‘shatib qo‘yilgan paytdan e’tiboran avvalgi faoliyatni tiklashga qadar bo‘lgan, biroq bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatdagi foyda yoki mavsumiy hosildan olinishi mumkin bo‘lgan foyda hisobga olinadi); huquq egasining qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari va zararlari.
R. XURRAMOV, Bandixon tuman adliya bo‘limi boshlig‘i