YARASHTIRISH TARTIB-TAOMILLARI

Hozirgi kunda mamlakatimizda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida bosqichma-bosqich izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday islohotlardan biri davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlarni fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutlarni takomilliashtirish hisoblanadi.

Rivojlangan horijiy davlatlar huquqiy tizimida nizoni sudgacha olib bormasdan, muqobil yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan mediatsiya – yarashtiruv jarayoni alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yurtimizda ham chinakam bozor mexanizmlarining amalga oshirilishi sohasini tartibga soluvchi zarur huquqiy zamin yaratilishini talab qiladi. Shu munosabat bilan  2018 yil 3 iyulida O‘zbekiston Respublikasining “Mediatsiya to‘g‘risida”gi  qonuni imzolandi va bu qonun 2019 yilning 1 yanvaridan e’tiboran amal qila boshladi. Qonunning maqsadi ham O‘zbekistonda nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, O‘zbekiston Respublikasining sud tizimiga tushadigan ish hajmini kamaytirishdan iborat. “Mediatsiya to‘g‘risida”gi  qonunning qabul qilinishi bilan davlat fuqaroliq-huquqiy munosabat ishtirokchilariga nizoni hal etishning qo‘shimcha vositasini taqdim etdi. Yuridik til nuqtai nazaridan, mediatsiya — nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli hisoblanadi.

Mediatsiya institutining tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Vavilon, Qadimiy Gresiya va Qadimiy Rimda mediatsiyani qo‘llash qayd etilgan. Rim huquqida Yustinian kodeksidan boshlab (miloddan avvalgi VI asr) bahs-munozaralarni hal qilish uchun vositachilik tan olingan. Rimliklar vositachilarga alohida hurmat bilan munosabatda bo‘lishgan. Zamonaviy tushunchalarda mediatsiya XX asrning ikkinchi yarmida AQSh, Avstraliya va Buyuk Britaniyada rivojlana boshlagan.

Mediyatsiya tushunchasiga turlicha ta’rif berish mumkin. Masalan, Mediatsiya – bu nizoli va murakkab vaziyatlarda qo‘llaniladigan muzokaralar jarayoni bo‘lib, uning asosiy maqsadi – taraflarning kelishuviga erishi uchun yo‘l topish. Unda taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida o‘zaro maqbul qarorga erishish uchun uchinchi shaxs, mediator ko‘magida hal qilinadi.

Mediatsiyaning maqsadi – nizolashuvchi taraflarning nizolarini mustaqil, o‘zaro foydali shartlar asosida hal etish imkoniyatini topishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lib, uning asosiy tamoyillariga ixtiyoriylik, taraflarning tengligi, betaraflik, mediatorning xolisligi, maxfiylik kabilar kiradi. Mediatsiya jarayoni muzokaralardan iborat bo‘lib, uning muvaffaqiyati nafaqat taraflarning kelishmovchiliklarini hal etishga bo‘lgan irodasi va intilishi, balki mediatorning tajribasi va mahoratiga ham bog‘liqdir. Mediatorlar dalillarni tekshirmaydi va taraflarning talablari qonuniyligiga baho bermaydi. Aksincha, ularning asosiy vazifasi – taraflar o‘rtasida bir-birlarini tushunishga, taraflar uchun maqbul shartlarda muammoni hal etish imkoniyatlarini izlash va hal etishga ko‘maklashishdan iborat. Mediatsiya — majburiy kuchga ega bo‘lmagan, taraflarning ixtiyoriyligiga asoslangan konfidensial jarayon. U nizolashayotgan taraflarning ixtiyoriga ko‘ra tanlab olingan betaraf uchinchi shaxsning vositachiligida shartnomaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizoni o‘zaro murosa — yarashuv yo‘li bilan huquqiy asosda hal etish jarayonidir. Shu o‘rinda mediator – nizoni mazmunan hal qilish vakolatiga ega bo‘lmagan, taraflarni mediatsiya taomillari orqali nizoni hal qilishga da’vat qiladigan mustaqil va xolis shaxs hisoblanadi.

Mediatsiyaning quyidagi afzalliklaridan biri, huquqlarni davlat sudlarida himoya qilishning sud shaklidan mediatsiya jarayonining asosiy farqi mediatorning nizoning mohiyatiga nisbatan o‘z-o‘zidan hech qanday qaror qabul qilmasligi hisoblanadi. Mediatsiya doirasidagi barcha qarorlar faqat taraflarning o‘zaro roziligi asosida qabul qilinadi. Sudda nizolar sud’yalar tomonidan taraflar uchun majburiy bo‘lgan va majburiy tartibda ijro qilinishi mumkin bo‘lgan qarorlar chiqarish yo‘li bilan tugatiladi. Shuningdek, mediatsiya orqali nizolarni hal etish vaqtning tejalishiga olib keladi hamda nizolarni tezkorlik bilan hal qilinishi mediatsiyaning tejamkorligini bildiradi.  Mediatsiya o‘zgaruvchan jarayon hisoblanib,  taraflar nizoni ko‘rib chiqish jarayonini o‘z xohishiga ko‘ra tartibga solishlari mumkin, ularga muammoni muhokama etish uchun erkin sharoit yaratiladi. Shu bilan birga mediatorning o‘zi ham taraflarga nizoni hal qilish yo‘lini topishga yordam beradi. Bundan tashqari, sud ishining ommaviyligi, oshkoraligi va ochiqligidan farqli ravishda mediatsiya jarayoniga maxfiylik xosdir. Mediatsiya davomida barcha qarorlar taraflarning ikki tomonlama kelishuviga ko‘ra qabul qilinadi va ikkala taraf o‘zlari tomonidan birgalikda qabul qilingan qarorlarini ixtiyoriy ravishda bajarish majburiyatini oladilar. Mediatsiyaning eng yaxshi afzalligi va rad etib bo‘lmaydigan ustunliklari ichida taraflar o‘rtasidagi yaxshi, do‘stona munosabatlarni saqlab qolish hisoblanadi.

                                                                      Sh. G‘OZIYEV,

             Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi