Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi keng nishonlandi

So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish,  uning asarlarini keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda buyuk mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa  qo‘shgan Alisher Navoiy tavallud topganiga 582 yil to‘ldi.

Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilyapti.

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbir Qumqo`rg`on nogironligi bo`lgan  bolalar uchun “Muruvvat” internat uyida tarbiyachilari va tarbiyalanuvchi bolajonlar ishtirokida  “Navoiy qalblarda mangu barhayot” mavzusida o`tkazildi.

Hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish,  asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanadi.

Tadbir davomida ishtirokchilarning musiqiy chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shoir ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. G‘azallar o‘qildi.

Shu bilan birga tadbir doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar hamda mumtoz shoirning kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi.

         Zulfiya Dagarova,

Qumqo`rg`on nogironligi bo`lgan  bolalar uchun “Muruvvat” internat uyi direktori