Inson uchun bebaho boylik – bu sog‘lik-salomatlikdir

Doimo sog‘lom bo‘lish, uzoq-umr ko‘rishni hamma orzu qiladi, biroq, bu maqsadga yetish har bir kishining o‘ziga bog‘liq bo‘lgani holda, uni amalga oshirishga har kim ham jazm qilavermaydi, irodasi yetmaydi.

Vaholanki, o‘zining sog‘lig‘i uchun ozgina qayg‘urgan odam to‘g‘ri ovqatlanish tufayli organizmni turli ko‘ngilsiz holatlardan himoya qilib, ularning bevaqt “qarishi”ning oldini oladi. Aholi o‘rtasida sog‘lom  turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tumanimizdagi “Qorsoqli” hamda “Imomtepa” mahallasi bilan hamkorlikda 33-sonli Oilaviy poliklinikada seminar tashkil etildi.Seminarni tuman hokimi o‘rinbosari N. Allanazarov, tuman tibbiyot birlashmasi rahbari R. Qo‘yliyev ochib berdi. Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi, zararli bo‘lmagan odatlardan voz kechish, kashandalikka qarshi kurashish, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faol bo‘lishning foydali jihatlarini bilib olishga ko‘mak beradi.

Yurtimizda aholi salomatligi doim birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Tumanimizda ham tibbiyot sohasida yildan-yilga yangi islohotlar amalga oshirilmoqda. Og‘ir ahvoldagi bemorlarimiz shifo topish ilinjida viloyatimiz markaziga yoki  Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga murojaat qilishar edi. Endi bu kabi ovoragarchiliklar kamayadigan bo‘ldi. Qumqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi reanimatsiya bo‘limida telemeditsina tashkil etildi. Telemeditsina orqali reanimatsiya bo‘limida  yotgan og‘ir ahvoldagi  bemorlar to‘g‘risida  Viloyat shifoxonalari va Respublika ilmiy markazlari professor shifokorlari bilan  muloqot qilinib  konsilum o‘tkaziladi. Ushbu jarayonda bemorning yaqin qarindoshlari ham ishtirok etishlari mumkin. Har bir bemorning  sog‘ayib shifo topishi uchun tibbiyot birlashmasining jonkuyar zahmatkash jamoasi tomonidan bosqichma-bosqich shart-sharoitlar yaratilmoqda.

       Nigora O‘roqova,

tuman tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi