TIBBIYOT TASHKILOTLARINI IXTIYORIY AKKREDITATSIYA QILISH DAVLAT XIZMATI HAQIDA BILASIZMI?

“Tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish mexanizmlarni joriy etish to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va sog‘liqni saqlash sohasida ekspertlarni sertifikatlash bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

 Qaror bilan tasdiqlangan tibbiyot tashkilotlarini ixtiyoriy akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma`muriy reglamentiga ko’ra, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash quyidagi bosqichlardan iborat: o‘zini o‘zi baholash va baholash natijalarini tibbiy xizmatlar sifatini boshqarish axborot tizimiga kiritish; joyning o‘zida tashqi kompleks baholash; inspeksiya nazorati.

 Akkreditatsiyadan o‘tish uchun tibbiyot tashkilotlari akkreditatsiyalovchi organga quyidagi qulayliklar orqali ariza taqdim etadi: Davlat xizmatlari markazlari; YIDXP (my.gov.uz). Arizaga BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida to‘lov to‘langanligi haqidagi kvitansiya ilova qilinadi.

 Akkreditatsiya guvohnomasini berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan taqdirda tibbiyot tashkilotiga akkreditatsiya standartlariga muvofiqligi darajasiga qarab quyidagi toifalar berilishi mumkin: ikkinchi akkreditatsiya toifasi – standartlariga muvofiqligi kamida  75 foiz bo‘lganda; birinchi akkreditatsiya toifasi – standartlariga muvofiqligi kamida  85 foiz bo‘lganda; oliy akkreditatsiya toifasi – standartlariga muvofiqligi kamida  95 foiz bo‘lganda.

                                                      Muhammad NORBOYEV,

Qumqo’rg’on tuman adliya bo’limi Davlat xizmatlari markazi bo’lim boshlig’i

                                                               Sanjar YUSUPOV,

Qumqo’rg’on tuman adliya bo’limi Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi