(Ayollar gurungi) turkumidan
Bu gaplarni eshitishni barchamiz orzu qilamiz. Bir kam dunyo deb bejizga aytishmagan. Kimdir qiz ko‘rishni orzu qilsa,yana kimdir o‘g‘il farzand ko‘rishni orzu qiladi.
Kuni kecha ultratovush (Uzi) apparatiga navbatga turib qoldim. Barchaga ma’lumki ayollar bor joyda albatta gaplashishga mavzu ham topiladi. Ba’zilari 3 farzandiga, ba’zilari 4 farzandiga homilador bo‘lishgan. Ikkita o‘g‘lim bor, bu farzandimni qiz deyishgan, intiqlik bilan kutyapman.. Ikkita qiz, bitta o‘g‘lim bor,og‘limni ikkita qilmoqchiman,o‘g‘il bo‘lsa yaxshi bo‘lar edi deydi to‘rtinchi farzandiga homilador bo‘lgan ayol. Uchta farzandimni ham jarrohlik amaliyoti bilan dunyoga keltirganman.To‘rtinchisini ham jarrohlik amaliyoti bilan dunyoga keltiraman. Behosdan savol berdim, qizingiz, o‘g‘lingiz bo‘lsa yana nima sababdan joningizni xatarga qo‘yib farzandli bo‘lmoqchisiz? Turmush o‘rtog‘im o‘glim bitta bo‘lib qolmasin degan deydi. Homiladorlik vaqtimda turmush o‘rtog‘im yaxshi gapiradi, ko‘nglimga qaraydi. To‘g‘risi tilimga so‘z kelmadi. Nahot ayol kishiga yaxshi gapirish uchun biron sabab kerak bo‘lsa. Oilangizni farishtasi, qalbingizning quyoshi bo‘lgan juftingizga har qancha yaxshi gap aytsangiz kamlik qiladi. Shunday oilalarni bilaman 10,15 yil sabr qilib farzand kutishgan. Bir –biriga bo‘lgan hurmatini yo‘qotishmagan.Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganidek, o‘z farzandini pulga sotayotgan onalar ham biz bilan yonma–yon yashashmoqda. Axir farzand ulug‘ ne’mat. Hayotimiz davomchisi. Ular bilan hayotimiz mazmunlidir.Tug‘ruqxonaga borganda har bir ota – Suyunchi! O‘g‘il! Arslondek!,degan so‘zlarni eshitishni orzu qiladi. Bu so‘zni eshitib qahrli yuziga tabassum yuguradi. Ayniqsa, 5-6 ta qiz farzandi bor otalarning orzusiga aylanadi. Asosiysi,bir necha oydan beri ichida ilon kabi to‘lg‘onayotgan shubhalarni tarqatib yuboradi. Har zamon “Qiz bo‘lsa-chi?”degan fikr miyasiga urilar, peshonasidan terlar chiqar, yuzi tundlashib, mushtlari tugilar edi. Ammo oramizda qiz farzandni ham jonidan ortiq ko‘radigan otalar bisyordir. Keling azizlar, qizmi, o‘g‘ilmi boriga shukur qilib yashaylik.
Rayhon Mengziyayeva