Tuman mydofaa ishlari bo‘limi yoshlarni vatanparvarlik ruhda tarbiyalash, jismoniy jihatdan voyaga etkazish, harbiy-amaliy ko‘nikmalarni oshirishga mas`uliyat bilan yondosmoqda. Qumqo‘rg‘on tumanida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga asosan belgilangan vazifalarni amalga oshirayapti. Maktablar o‘rtasida Vatanparvarlik harbiy sport musobaqasi o‘tkazildi. Unda hamma maktablarning 10-11 sinf o‘quvchilari hamda “Vatan tayanchi” otryadi a`zolari qatnashdi. Harbiy sport musobaqasida 15-maktab o‘quvchilari faxrli birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichiga chiqdi.
Maktab o‘quvchilari va “Vatan tayanchi” otryadi a`zolarining haqiqiy harbiy xizmat haqidagi ko‘nikmalarini oshirish uchun harbiy qismda “Ochiq eshiklar” kuni amalga oshirildi. Yosh vatanparvarlar harbiy qismda askarlarning bir kunlik xizmati, ularning yashash sharoitlari, ovqatlanishi, harbiy texnikalar, o‘quv mashg‘ulotlari jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
“Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari tumandagi maktablarda bo‘lib, o‘quvchi yoshlar bilan davra suhbatlari o‘tkazdi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida “Temurbeklar maktabi” va Harbiy oliy ta`lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari yuritildi. Tumandagi barcha maktablarda vatanparvarlik bo‘yicha direktor o‘rinbosari – “Vatan tayanchi” rahbarlari bilan bir kunlik o‘quv-uslubiy yig‘in bo‘ldi.
“Uch avlod uchrashuvi”da pensionerlar, uyushmagan yoshlar, o‘quvchilar qatnashib, keksa avlod o‘z tajribalarini yoshlarga o‘rgatdi. “Vatan tayanchi” otryadlari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni ham qizg‘in tarzda ro‘yobga chiqardi. Tumandagi barcha maktablarda yashil tabiatni rivojlantirish maqsadida ko‘chatlar ekildi. Tuman ma`naviyat va ma`rifat bo‘linmasi hamda tuman mudofаa ishlari bo‘limi hamkorlikda II jahon urushi qatnashchilari, marhumlar Besh qahramon mahallasidan Normamat Nodirov va Paxtaobod mahallasidan Abdurahmon bobo Choriyevlarning oila a`zolari holidan xabar oldi. Vatan tinchligi uchun mardonavor jang qilgan jangchilarni yodga oldi. Ularning avlodlari ham hurmat-ehtiromga loyiq ekanligini amalda ko‘rsatdi.
Sanjar DAVLATOV,
tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, “Vatan tayanchi” bo‘linmasi rahbari